O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash
O'zbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasiga, 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo'shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha Yevroosiyo guruhi to'g'risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan.
O'zbekistonda 2017 yilning 4 yanvaridan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida"gi qonun kuchga kirdi.
Qonunga ko'ra, respublikada Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi. Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiradi.
Shuningdek, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, OAV va fuqarolar korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilgan.
Pora olganlik uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Ushbu jinoyat og'irlashtiruvchi holatlarda sodir etilganda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Basharti, shaxsga nisbatan pora so'rab tovlamachilik qilingan bo'lsa yoki bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin bu haqda o'z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko'ngildan pushaymon bo'lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo'lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Pora berish jinoyati uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo tayinlanadi.
Pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo belgilangan. Vositachilik qilgan shaxs jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu haqda o'z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko'ngildan pushaymon bo'lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo'lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |