Samarali kurashish uchun nima qilmoq kerak?
Albatta, bir davlat hududida qo'llanilgan chora va qabul qilingan qonunchilik boshqa davlatda ham xuddi ana shunday samara keltirmasligi mumkin. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun birgina qonun hujjatlarining qabul qilinishi yetarli emas. Buning uchun fuqarolik jamiyati ham mazkur ishda faol ishtirok etishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati o'rtasida o'zaro hamkorlik kuchaytirilishi, sudlarning mustaqil va xolis bo'lishini ta'minlash, qonunlar parlament a'zolarining emas, balki mamlakat manfaatidan kelib chiqib qabul qilinishi, barcha davlat organlarida shaffoflik ta'minlanishi, ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki, ma'muriy va byurokratik to'siqlarni bartaraf etish uchun xizmatlar imkon boricha elektron tizim orqali ko'rsatilishi, sog'lom raqobat muhiti shakllantirilishi kerak bo'ladi.
Korrupsiya haqida shingil faktlar
» Tarixchi Gerodotning yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda hukmdorlik qilgan Eron shohi Kambiz Sizam ismli qozini pora olgani uchun terisini shilib olishni va u o'tirgan qozilik kursisini o'sha teri bilan qoplashni buyurgan. Qozilik lavozimiga esa poraxo'rlik nima bilan yakun topishini hamisha yodda tutishi uchun Sizamning o'g'li Otan tayinlangan;
» Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, butun dunyo bo'yicha olinadigan bir yillik pora miqdori 1 trillion dollardan ortiqroqni tashkil etadi;
> Yana o'sha Jahon bankining bildirishicha, poraxo'rlikka qarshi faol kurash olib boriladigan mamlakatning yalpi ichki mahsuloti bir yil ichida 5 baravarga oshar ekan;
» Oligarx Mixail Xodorkovskiy korrupsiyani yadro qurolidan ham jiddiyroq xavf deb atagandi. Uning fikricha, terrorchilar yadro quroliga ega bo'lish uchun kerakli odamlarni pora bilan sotib olishlari kifoya qiladi.
Dostları ilə paylaş: |