Kreativlik o'zi nima va bizga kerakmi? Dunyoda trendlar doim va tez-tez o’zgarib turadi. Bu trendlar ta’limga, o’qishga va ishga kirish jarayoniga va albatta siz va mening hayotimga ham ta’sir o’tkazmay qolmaydi. XXI asrda o’ta yuqori darajada rivojlangan va juda ko’plab an’analarni o’zgartirib yuborayotgan trend bu – kreativlik.
Kreativlik. Ha, aytishingiz mumkin, bu shunchaki bir qobiliyatku deb. Ammo quyida faktlar bilan kreativlik nega eng muhim omillardan biriga aylanayotganini sizga tushuntirib beraman! Keling avvalo kreativlik o’zi nima ekanligini aytib o’tay.
Kreativlik – bu qaysidir ma’noda yangi va foydali biror bir narsaning yaratilishiga hissa qo’shadigan fenomen. Boshqacha qilib aytganda, yangi mavhum biror narsa (asar, musiqa, idea yoki start-up) yoki jismoniy biror kashfiyot (mashina, qurilma yoki robot) kabilar yaralishi uchun eng kerakli vosita bu kreativlikdir. Lekin nega?Chunki XXI asrga kelib, insoniyat o’zi uchun kerakli va hammaning hayoliga keladigan deyarli barcha narsani yaratib bo’ldi. E’tibor bering, ayni vaqtda muvaffaqiyatga erishgan juda ko’plab shaxslar, bir necha dekadalar avval insonlar tasavvur ham qila olmagan g’oyalarini amalga oshirishgani tufayli shu darajaga chiqishgan. Jeff Bezos, online do’kon trendi orqali mashhur bo’ldi. Bu trend O’zbekistonga endi kirib kelmoqda. Umuman online do’kon tushunchasi yaqin 50 yil ichida paydo bo’lgan. Undan avval odamlar buni tasavvur ham qila olmagan. Demak, bundan shuni anglash mumkinki, kreativlik ayni damda muvaffaqiyatga erishishingiz yo’lida asosiy vositalardan biri. Yana bir katta o’zgarish. XX asr o’rtalarigacha insonlar ishga kirish uchun asosiy hujjat sifatida o’z diplomlarini taqdim etishar edi. Diplomni esa haqiqiy o’qigan talaba olardi. Ha, hozir ham ko’p ish beruvchilar diplom talab qiladi, ammo bu asosiysi va eng muhimi emas, muhimi sizda “creativity” hamda “critical thinking” kabi qobiliyatlar ham bo’lishi kerak. Hattoki juda ko’plab xorijiy hamda professional bilim talab qilmaydigan kompaniyalar, xodimlarni ishga yollash uchun “aptitude test” nomli tushuncha o’ylab topishdi. Bu xodimning kreativligi va qiyin vaziyatlardan qanday chiqishini tekshiradigan test ko’rinishiga keldi. Xulosa o’rnida aytish mumkinki, insonlar bir xillikdan zerikdi. Endi faqatgina kreativ o’ylagan insongina hammadan ajralib tura oladi. Chunki “creativity” bu cheklash mumkin bo’lgan tushuncha emas. Inson ongining cheki yo’q ekan, kreativlik ham cheksizdir. Kreativlik – XXI asr talabi Bu mavzu sizga qiziq bo’lsa, kommentlarda o’z fikrlaringizni qoldiring va boshqa mavzular bo’lsa taklif ham berishingiz mumkin. Keying maqolalarda kreativlikni qanday shakllantirish mumkinligi hamda ayni “creativity”ni oshirishga qaratilgan ochiq kurslar haqida ma’lumot beramiz.