Global moliya bozorlarga Rossiya Ukraina urushinig ta’siri. Global reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, investorlar global oziq-ovqat narxlarining o‘sishiga yetarlicha jiddiy e’tibor qaratmayapti. Bu esa davlat moliyasiga putur yetkazishi va kelgusi yillarda rivojlanayotgan bozor mamlakatlarida ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Financial Times oziq-ovqat inqirozini tahlil qilib, uni qachongacha davom etishi kutilayotganini aytib o‘tdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyo oziq-ovqat zanjiriga jiddiy talafot yetkazdi. Ukraina bug‘doy va boshqa don, shuningdek, kungaboqar yog‘ini eksport qiluvchi dunyodagi yetakchi mamlakatlardan hisoblanadi.
Urush oqibatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari oqimi ushbu davlatdan to‘sib qo‘yildi va oziq-ovqat narxlari ko‘tarildi.
S&P Global chorshanba kuni e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, neft narxining oshishi bilan bir qatorda, oziq-ovqat narxlari ko‘plab rivojlanayotgan iqtisodlarning kredit qobiliyatiga bosim o‘tkazishi mumkin.
5-rasm
Energetika va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi ko‘pchilik rivojlanayotgan bozorlar uchun to‘lov balansi, fiskal va o‘sish talafotlarini anglatadi. Bu global pandemiya allaqachon salbiy ta’sir ko‘rsatgan davlat moliyasi va reytinglaridagi keskinlikni kuchaytiradi, — dedi reyting firmasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha suveren mutaxassisi Frank Gill.
Rivojlanayotgan bozor qarzlariga sarmoya kirituvchi investorlarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat xarajatlari urushdan keyin qashshoq mamlakatlar uchun yaqinlashib kelayotgan muammoga aylangan.
O‘tgan oy defolt bo‘lgan Shri-Lankada oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi xorijiy zaxiralarning qisqarishiga, norozilik va ijtimoiy beqarorlikning kuchayishiga olib keldi.
Hukumat zaruriy tovarlarning keskin tanqisligiga duch keldi va Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik assotsiatsiyasi tomonidan boshqariladigan oziq-ovqat bankidan yordam so‘radi.
Hisobotda aytilishicha, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Kavkazdagi past va o‘rta daromadli mamlakatlar oziq-ovqat tovarlari bozorlaridagi shoshilinch zarbalardan eng ko‘p zarar ko‘radi.
Tojikiston va O‘zbekiston oziq-ovqat importiga yuqori darajada qaramlikka ega va odatda o‘z bug‘doyining asosiy qismini eksport cheklovlari mavjud Qozog‘istondan sotib oladi.
Arab davlatlaridan Marokash, Livan, Misr va Iordaniya oziq-ovqat ta’minoti uchun Ukrainaga tayanadi va urush tufayli narxlarning ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
Ushbu mamlakatlarning aksariyatida importni o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan almashtirish imkoniyati cheklangan. Buning oqibatida narxlarning o‘sishi ortidan ijtimoiy tartibsizliklar yuzaga kelishi mumkin.
6-rasm
S&P Global mamlakatlarning oziq-ovqat importini yalpi ichki mahsulotga nisbatan solishtirib chiqdi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichga ega 10 ta davlat orasida O‘zbekiston ham bor.
Tojikistonda oziq-ovqat importi YIMga nisbatan 3,5 foizga yaqin bo‘lgan. Bu esa dunyodagi eng baland ko‘rsatkich. O‘zbekistonda YIMga nisbatan oziq-ovqat importi 1 foizdan oshiqroq bo‘ldi.
Tahlilchilarning fikricha xalqaro bozorlar Ukrainadagi urushning oziq-ovqat ta’sirini bir yillik zarba sifatida baholamoqda. Biroq oziq-ovqat inqirozi 2024-yilgacha davom etishi mumkin.