1.2.Kasb – hunar kolleji o`quv- tarbiya jarayonining pedagogik va psixologik diagnostikaning muhim omillari
Kasb – hunar kolleji o`quv- tarbiya jarayonining pedagogik va psixologik diagnostikasining muhim omili sifatida birinchi navbatda o’qituvchi faoliyatini aytishimiz mumkin. Ta’lim jarayoni va uning sifati bevosita pedagog kadrlar malakasi, ularning kompetensiyalari hamda ta’lim muassalarining moddiy-texnika bazasi bilan bog’liq. O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish bo’yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2005 yil 28 fevraldagi “Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlari attestatsiyasi to’g’risida”gi P-2146-sonli farmoyishi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005 yil 28- martdagi “O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari o’rinbosarlari, pedagog va muhandis pedagoglarning bo’sh lavozimlarni egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish” to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 1461-sonli qo’shma qarori, Vazirlar Maxkamasining 2006 yil 16 fevraldagi “Malakali pedagog kadrlarni tayyorlash va ularni malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi qarori, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2012 yil 28 maydagi “Malakali pedagog kadrlarni tayyorlash hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi 1761-sonli qarori shular jumlasidandir
O’quvchida zo’r g’ayratni hosil qilish va aqliy qobiliyatni rivojlantirishda o’qituvchi asosiy rol oynaydi. U ta’lim berayotgan o’quvchilari kelgusida mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligini, texnikani, ishlab chiqarishni import qilish yo‘li bilan emas, ilm - fanni rivojlantirish va uni hayotga tatbiq qilish asosida amalga oshirishga qodir kishilar bo‘lib etishishlarini nazarda tutgan holda ta’limni tashkil etish kerak. Buning uchun o‘qituvchi nafaqat o‘z fanining yetuk mutaxassisi, bundan tashqari, yaxshi psixolog hamda pedagogik mahorati juda yuqori, o‘z kasbining fidoiysi bo‘lishi kerak. Bunda o‘qituvchi ta’lim jarayonida quyidagilarni inobatga olib, faoliyatini tashkil etsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi: to‘g’ri tashkil qilingan ta’lim jarayoni o‘quvchilar shaxsiy faoliyatini bilib olishning muhim vositasi sifatida o‘z ichiga olishi kerak. Bu faoliyat o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarning individual bir-biridan farqliligi, ta’lim masalalari va o‘quv materialini o‘zlashtirishning o‘ziga xos xususiyatiga mos ravishda maxsus tashkil qilinishi va boshqarilishi kerak. Ta’lim jarayonini bunday tashkil qilib, o‘quvchilarning bilish faolligini oshirish ancha samarali bo‘ladi.
Bir sinfda faollik darajasi har xil, ya’ni o’quv materiali qanday bo‘lsa shunday aytib beriladigan faollik, talqin qilinadigan faollik va ijodiy darajadagi faollik ko‘rsatadigan o‘quvchilar bo‘ladi. Bularni aniqlab, ijodiy darajadagi faollik ko‘rsatadigan o’quvchilar sonini oshirish uchun o‘qitish usuli va shaklini o’zgartirilishi, kompyuter texnologiyalaridan foydalanilishi va faollikni oshiruvchi muammoli savollar bilan ularni faollashtirishga jalb qilinishi kerak. O’quvchilarning faolligi ijodiy darajaga ko‘tarilganda fanga qiziqishi barqarorlashadi, yangi materialni o’rganishga diqqatini yetarlicha qaratib biladi, fikriy operatsiya (analiz va sintez, solishtirish va taqqoslash)larni mustaqil bajara oladi, masalalarni ijodiy yondashib yecha oladi. Bulardan kelib chiqadiki, o’qishdagi faollik – o’quvchining shunchaki faoliyat holati bo‘lmasdan, balki faoliyatning sifati, qaysikim o’quv-bilishda, maqsadga erishishda o’zining ma’naviy irodasi kuchini ishga solishga harakat qilishini va uning faoliyat xarakteri mazmuniga munosabatini o‘quvchi shaxsida namoyon qilishdan iborat.
O’quvchilar bilish faoliyatini faollashtirishda mustaqil ishning ahamiyati juda katta. Bunda mustaqil ishning turli ko’rinishlaridan foydalanish mumkin. O’quv rejada chizmachilikka kam soat ajratilganligi sababli mustaqil ishga to‘liq bag’ishlangan darsni ko’p tashkil qilib bo‘lmaydi. SHuning uchun o‘qituvchi yangi mavzuni tushuntirishni hajm jihatidan uncha katta bo‘lmagan mustaqil ish bajarish bilan qo‘shib olib borsa, ijobiy samara beradi. Bunday mustaqil ishlar: nazorat ishga tayyorlovchi dastlabki mashqlar; xulosa qilishni va umumlashtirishni talab qiluvchi izlanish xarakteridagi mashg’ulot; grafik diktant; ijodiy xarakterdagi grafik ishlar; ma’lumotnoma adabiyotlardan foydalaniladigan ishlar. O’quvchilar bilish faoliyatini faollashtirish, ularga , ijodiy qobiliyatni rivojlantirish vositalari hisoblangan modellashtirish, oddiy buyumlarni loyihalash, loyihalash elementlarini bajarish, har xil qayta qurish usullarini qo‘llash, tasvirni qayta tiklash (qurish)ga oid topshiriqlarni qiynalmasdan to’g’ri bajara olish imkoniyatini beradi. SHunday qilib, diagnostika yorqin namoyon bo`luvchi individual-psixologik, psixofiziologik xususiyatlar asosida olingan ma’lumotlarni taqqoslash bilan alohida kishi yoki ma’lum shaxslar guruhi borasida xulosa chiqarish demakdir.
O`qituvchi ta’lim va tarbiyadagi qiyinchiliklar nima uchun va qanday qilib paydo bo`lishini tushunish uchun, u avvalo bola psixik taraqqiyotining asosiy qonuniyatlarini bilishi va turli psixik holatlarni, psixologik-diagnostika metodlarini egallashi zarur. O`qituvchining psixodiagnostik tadqiqot yoki doimiy kuzatish jarayonida olingan natijalarni bolalar bilan ishlashda qanchalik to`g`ri foydalana olishi ham zarur hisoblanadi. Ta’lim diagnostikasi mohiyati haqida gapirishdan oldin diagnostikani umumiy yondashuv hamda diagnostikalashni amaliy pedagogik faoliyat jarayoni sifatida qabul qilamiz. Diagnostika – bu didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning natijalarini belgilashdir . Diagnostikasiz didaktik jarayonni samarali boshqarish, mavjud sharoit uchun optimal natijalarga erishish mumkin emas. Ta’lim diagnostikaida oqibatlar, erishilgan natijalar va ta’lim olganlik farqlanadi. Shuningdek, ta’lim olganlikni diagnostikalash vaqtida belgilangan maqsadni amalga oshirishda erishilgan daraja sifatida ham qaraladi. Didaktik diagnostikaning maqsadi o’quv jarayonini uning samaradorligi bilan bog’liq holda aniqlash, baholash va tahlil qilishdan iborat. Diagnostika ta’lim oluvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini an’anaviy tekshirishga nisbatan kengroq va chuqurroq ma’no kasb etadi. Ta’limni baholash yoki tekshirish faqat natijalarni qayd etadi, biroq ularning kelib chiqishini izohlamaydi. Diagnostika natijalarini ularga erishish yo’llari va vositalari, usullari bilan aloqadorlikda baholaydi, ta’lim samarasini ta’minlovchi jarayon va bosqichlarni aniqlaydi:
O’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini nazorat qilish, baholash diagnostikalashning zaruriy tarkibiy qismlari sanaladi. Ular pedagogik texnologiyaning ancha qadimiy usullaridir. Nazorat va baholash kollej amaliyoti rivojining doimiy hamrohi bo’lib kelgan. Shunga qaramay, bugun ham baholashning mazmuni, texnologiyalari haqida qizg’in munozaralar davom etmoqda. Avval bo’lgani kabi pedagoglar baho nimani qayd etishi lozimligini aniqlashga urinmoqdalar. Ularning fikrlaricha, bahoning:
1) ta’lim oluvchining o’zlashtirish darajasini qat’iy belgilovchi – sifat ko’rsatkichi, yoki;
2) u yoki bu ta’lim tizimining ustunligi, kamchiliklarini ko’rsatuvchi ko’rsatkich ekanligi aniq belgilanishi zarur.
Ta’limni baholashda ziddiyatli qarashlarning tug’ilishini buyuk pedagog Ya.A.Komenskiy ham ta’kidlab o’tgan edi. U pedagoglarni o’zlari ega bo’lgan baholash huquqidan aql bilan foydalanishga chaqirgan. Ta’lim oluvchilarga nisbatan nazoratning ob’yektiv bo’lishiga erishish didaktik tizimlarning asosida yotadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, demokratlashgan ta’lim tizimida yuzaki (formal) nazorat bo’lmasligi lozim, Didaktik nazorat ta’limning o’ziga xos metodi sifatida aniq ifodalangan ta’lim beruvchi, rivojlantiruvchi xususiyatga ega bo’lishi o’z-o’zini nazorat qilish bilan birlashishi, eng avvalo, ta’lim oluvchining o’zi uchun zarur va foydali bo’lishi lozim.
Ta’lim tizimini demokratlashtirish bilim, ko’nikma va malakalarni nazorat va baholashdan emas, balki baho yordamida o’qishga undashning murakkab shakllaridan voz kechishni talab qiladi. O’quvchilarning o’quv mehnatini rag’batlantirishning yangi usullarini izlash, ta’lim va tarbiya sohasida kuch to’plab borayotgan shaxsiy foyda tamoyili yangicha yondashuvlarni belgilab beradi. Diagnostikalash tizimida baho rag’batlantirish vositasi sifatida bir qator afzalliklarga ega. Birinchi navbatda, baholovchi fikrlar (ballar) qo’llanishi mumkin bo’lgan diagnostikalash natijalari shaxsning yetuklik darajasini belgilashga ko’maklashadi, bu esa raqobatli ta’lim sharoitlarini yaratishda muhim omil sanaladi. Ta’lim (shuningdek, nazorat)ning ixtiyoriyligi tamoyili bilan boyitilgan baho o’tmishda o’quvchilar uchun majburiy bo’lgan ta’limning zaruriy vositasidan shaxsiy reyting – shaxsning jamiyatdagi mavqei ko’rsatkichini tadrijiy aniqlash usuliga aylanadi.
Ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismlaridan biri - nazorat va hisobga olishdir. Bu tushunchalar o’ziga xos mohiyat va xususiyatlarga ega. O’qituvchi nazorat va hisobga olishni to’g’ri tashkil etsa, ta’lim jarayonining samaradorligi ortadi. Buning uchun o’qituvchi o’quvchining o’quv materiallarini o’zlashtirish darajasini aniqlab berishi lozim. Nazorat (ta’lim jarayonida) ta’lim oluvchining bilim, ko’nikma va malakalari darajasini aniqlash, o’lchash va baholash jarayonini anglatadi. Aniqlash va o’lchash tekshirish deb ham ataladi. Tekshirish – nazoratning tarkibiy qismi bo’lib, uning asosiy didaktik vazifasi o’qituvchi va o’quvchilar o’rtasida teskari aloqani ta’minlash, pedagog tomonidan o’quv materialini o’zlashtirish haqida obyektiv axborot olinishi, bilimlardagi kamchilik va nuqsonlarni o’z vaqtida aniqlashni ta’minlashdir. Tekshirishning maqsadi nafaqat o’quvchining bilim darajasi, sifati, shuningdek, uning o’quv mehnati hajmini ham aniqlashdan iborat. Tekshirish tizimidagi birinchi bosqich ta’lim oluvchilarning bilim darajasini oldindan aniqlash hisoblanadi. Odatda, u o’quv yili boshida o’quvchilar tomonidan avvalgi o’quv yilida o’zlashtirilgan bilimlari darajasini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Bu kabi tekshirish, shuningdek, o’quv yilining o’rtasida yangi bo’lim (kurs)ni o’rganishga kirishilganda ham o’tkazilishi mumkin va o’rinli. Bilimlarni tekshirishning ikkinchi bosqich har bir mavzuni o’zlashtirish jarayonidagi joriy tekshirishdir. Joriy tekshirish ta’lim oluvchilar tomonidan o’quv dasturida belgilangan ayrim alohida elementlarni o’zlashtirish darajasini diagnostikalash imkonini beradi. Mazkur tekshirishning asosiy vazifasi alohida olingan muayyan vaziyatni o’rganishdir. Bunday tekshirish shakl va metodlari turlicha bo’lib, ular o’quv materiali mazmuni, murakkabligi, o’quvchilarning yoshi va tayyorgarligi, ta’lim bosqichi va maqsadlari, muayyan pedagogik sharoitlarga muvofiq belgilanadi. Oraliq tekshirish bilim, ko’nikma va malakalarni tekshirishning uchinchi bosqichi sanalib, o’quvchilarning o’quv materialining muayyan bob yoki bo’limlari bo’yicha o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli. Yangi mavzuni o’rganish bilan birga o’quvchilar avval o’zlashtirilganlarni takrorlaydilar. Takroriy tekshirish bilimlarni mustahkamlashga ko’maklashadi, biroq o’quv ishlari bosqichini tavsiflash, bilimlarning mustahkamlik darajasini tashhislash imkonini bermaydi. Tashhisning boshqa shakl va metodlari bilan birga qo’llanilsagina ushbu tekshirish kutilgan samarani beradi. Tizimning to’rtinchi bosqichi –o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini yaxlit bo’lim yoki kursning alohida mavzusi bo’yicha davriy tekshirish hisoblanadi. Mazkur tekshirishning maqsadi – kursning turli qismlarida o’rganilgan o’quv materialining strukturaviy elementlari o’rtasidagi o’zaro aloqalarni o’zlashtirish sifatini tashhislash. Davriy tekshirishning asosiy vazifasi – tizimlashtirish va umumlashtirish. Tekshirishni tashkil etishda beshinchi bosqich ta’lim oluvchilarning ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida egallangan bilim, ko’nikma va malakalarini yakuniy tekshirish va hisobga olishdir. O’zlashtirishning yakuniy hisobi har bir chorak va o’quv yili oxirida o’tkaziladi. U olingan baholarni qo’shib, o’rtacha arifmetik ballni mexanik tarzda chiqarishdangina iborat bo’lmasligi lozim. Bu, avvalo, mazkur bosqichda belgilangan maqsadga muvofiq tarzda mavjud bilim darajasi (sifati)ni diagnostikalashdir. Tekshirishdan tashqari nazorat o’z ichiga baholash (jarayon sifatida) va baho (natija sifatida) ham oladi. O’zlashtirish tabellari, sinf, guruh jurnallari, reyting daftarchalari va shu kabilarda baholar shartli belgilar, kod signallari, xotiralash belgilari va hokazolar baho ko’rinishida qayd etiladi. O’quvchining o’zlashtirish darajasini baholash uchun nazorat yakunlari (natijalari) asos bo’ladi. Bunda o’quvchilar ishining ham sifat, ham miqdor ko’rsatkichlari hisobga olinadi. Miqdor ko’rsatkichlari ko’proq ballar yoki foizlarda. Sifat ko’rsatkichlari esa a’lo, yaxshi, qoniqarli va hokazo baholovchi fikrlar yordamida qayd etiladi.
Bahoni amalda egallangan bilim, ko’nikma va malakalar bilan davlat ta’lim standartiga ko’ra o’zlashtirilishi belgilangan bilim, ko’nikma va malakalar umumiy hajmi o’rtasidagi nisbat sifatida tushunish (ta’riflash)dan ta’lim darajasining miqdoriy mazmuni kelib chiqadi. O’zlashtirish (ta’lim samaradorligi) ko’rsatkichi yuz foiz nisbat asosida hisoblanadi. Baho – ta’lim oluvchilarga ularning ta’lim olishi, bilimlarni o’zlashtirishga nisbatan ijodiy yondoshishini rag’batlantirish maqsadida ta’sir ko’rsatish vositasi. Aynan xolis (obyektiv) baholash ta’sirida o’quvchilarda adekvat o’z-o’zini baholash, shaxsiy muvaffaqiyatlarga tanqidiy munosabat yuzaga keladi. Shu bois bahoning ahamiyati, vazifalarining xilma-xilligi o’quvchilar o’quv faoliyatining barcha jihatlarini aks ettiradigan va ularni aniqlashni ta’minlaydigan ko’rsatkichlarni izlab topishni taqozo etadi.
O’quvchilarning o’zlashtirish natijalarini hisobga olishda quyidagilarga e’tiborni qaratish lozim:
- o’quv dasturi asosida mavzu va bulimni o’rganishda o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini har tomonlama nazorat qilish;
- har bir yakunlangan mavzu bo’yicha o’quvchilarning faoliyati to’g’risida xulosa chiqarish;
- o’rtacha arifmetik ma’lumotlarga tayanibgina o’quvchilarning o’zlashtirish darajasini baholamaslik;
- o’quvchilarning mavjud bilimlariga aniq, batafsil ma’lumot (tavsif) berish uchun ularning bir necha o’quv yilidagi statistik o’zlashtirish ma’lumotlarga asoslanib tahlil etish.
Nazorat qilishning asosiy vazifasi o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalari darajasini aniqlash va baholashdan iborat. Bu o’quv materiallarini o’rganishning keyingi bosqichiga o’tish imkoniyatlarini aniqlashtiradi va o’qituvchining o’quv metod hamda usullarini to’g’ri tanlaganini nazorat qiladi. Nazorat qilish vazifasi o’quv materiallarini o’rganishning maqbul yo’llarini topish bilan bog’liqdir. Ta’lim vazifasi o’quvchilarning bilimini tekshirishda aniq ko’rinadi. Yangi mavzuni mustahkamlash jarayonida yoki uy vazifalarini tekshirishda o’quvchilarning o’tilgan mavzuni takrorlashga, ular uchun tushunarsiz bo’lgan ma’lumotlarni bilish olishlariga imkon tug’iladi. Chunki guruhdagi boshqa o’quvchilar javob berayotgan o’quvchining fikrlarini diqqat bilan tinglashadi va avval egallangan bilimlarni mustahkamlab, qo’shimcha ma’lumotlar bilan boyitiladi. O’rtoqlarining javoblariga qo’shimcha qilishga yoki qolgan savollarga javob berishga shaylanish orqali o’rganilgan mavzuni aniqlashtirishga harakat qiladi.
Nazoratning tarbiyaviy ahamiyati shundan iboratki, o’quvchilar tekshirishga tayyor bo’lish uchun darslarni o’z vaqtida tayyorlaydilar,bo’sh vaqtlaridan unumli foydalanishga harakat qiladilar, intizomga o’rganadilar. Shuningdek, tekshirish va baholash o’quvchining o’z bilimlari va qobiliyatlarini o’zi mustaqil aniqlashiga ham yordam beradi. O’zidagi kamchiliklarni ko’ra olishga va uni tugatish yo’llarini izlashga ko’maklashadi. Lekin o’quvchining bilimini baholashda o’qituvchi nohaqlikka yo’l qo’ysa, o’quvchi bilan o’qituvchi o’rtasida ziddiyat kelib chiqadi. Uy vazifalarining esa haddan ziyod ko’p bo’lishi ham o’quvchilarning yuzaki dars tayyorlashiga olib keladi. Eng asosiysi o’zlashtirishni hisobga olish shaxsning ijobiy fazilatlarini shakllantirish, yaxshi o’qishga xohish uyg’otish, o’quv ishlariga vijdonan yondashish, javob berishga tayyorlanishda mustaqil bo’lish hamda bilish faoliyatini chuqurlashtirishga yo’naltirilmog’i lozim. Agar nazoratning o’qitish va tarbiyalash vazifalari to’g’ri amalga oshirilsa, shaxsning tafakkurini rivojlantirish hamda his-tuyg’ulari va axloqiy sifatlarini tarbiyalashga imkon tug’iladi. Bu o’z-o’zidan nazoratning rivojlantiruvchi vazifasi sanaladi. O’qituvchi mazkur vazifalardan xabardor bo’lish asosida o’quvchilarning o’zlashtirish darajasini hisobga olishni to’g’ri tashkil etadi.
Ta’lim natijalarini tekshirish va baholashga qo’yiladigan talablar. O’quvchilarning ta’lim natijalarini tekshirish va baholashga qo’yiladigan pedagog talablar (buni pedagog olim N.A.Sorokin ta’rifida berishni ma’qul deb topdik) ta’lim nazariyasi va amaliyotida quyidagicha belgilangan:
1) har bir o’quvchining o’quv faoliyatini nazorat qilishni talab etadigan, sinf yoki guruhning o’quv ishi natijalari o’quvchining shaxsiy natijalarining o’rnini almashtirishga yo’l bermaydigan nazoratning individual tavsifi;
2) nazoratni ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida: boshlang’ich idrok etishdan to bilimlarni amalda qo’llashgacha bo’lgan bosqichlarida o’quvchilarning o’quv faoliyatlarining boshqa tomonlari bilan birgalikda olib borishning tizimliligi;
3) nazoratning o’qitish, tarbiyalash va rivojlantirish vazifalarini hal etadigan, uni olib borishga o’quvchilarni qiziqtiradigan turli shakllari;
4) o’quv dasturining barcha qismlarini qamrab olgan, o’quvchilarning nazariy bilimlari, intellektual hamda amaliy ko’nikma va malakalarini tekshirishdan iborat nazoratning keng ko’lamliligi;
5) o’quvchilarni har jihatdan bilib olmasdan turib, o’qituvchining xato xulosalar chiqarish, subyektiv munosabatda bo’lishiga yo’l qo’ymasligi, shuningdek, o’zlashtirish natijalarini baholashda baho mezonlariga qat’iy rioya qilishni talab etadigan nazoratning xolisligi (obyektivligi);
6) har bir fan, uning bo’limlarining maxsus xususiyatlari, shuningdek, o’quvchilarning shaxsiy qobiliyatlarini hisobga olgan holda turli nazorat metodlarini tanlashning tabaqalashganligi;
7) muayyan sinf (guruh) o’quvchilarining o’quv ishlarini nazorat qilishda barcha o’qituvchilar tomonidan qo’yiladigan talablarning bir xil bo’lishi.[6.b.19]
Yuqorida ko’rsatilgan talablarga rioya qilish orqali nazoratning ishonchliligi ortadi va yoquv jarayonida o’z vazifalarini hal qilishga imkon yaratiladi.
O’quv faoliyati natijalarini hisobga olish turlari, shakl va metodlari. Pedagogika fani bilimlarni o’z vaqtida nazorat qilish va baholashning uchta vazifasi borligini alohida uqtiradi:
- O’zlashtirishni nazorat qilish va baholash natijalariga qarab davlat ta’lim standartlari qanday bajarilayotganligi nazorat qilinadi va vazifalar belgilanadi. - Bilimlarni nazorat qilish va baholash natijasida o’quvchilarda bilimlar yanada kengayadi. Bu bilan ta’lim muassasalari oldida turgan ta’limiy maqsad bajariladi.
- Ta’lim sohasida yaxshi natijalar yoshlar tarbiyasiga ham ta’sir ko’rsatadi, ularda ko’tarinki ruh, o’z kuchiga bo’lgan ishonch va qiziqish paydo bo’ladi. Shuning uchun ham ta’lim natijalarini nazorat qilish va baholash ta’lim tizimining ajralmas qismidir.
Dostları ilə paylaş: |