Pulning turlariga umumiy tavsif. Kishilik jamiyatida ayirboshlash
munosabatlarining chuqurlashuvi, mehnat taqsimotining rivojlanishi pulning
oddiy tovar shaklidan, hozirgi kunda hisob– kitoblarda qo‘llanilayotgan
elektron pullar ko‘rinishi darajasigacha yetib kelishiga sabab bo‘ldi. Albatta
bu juda uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Kishilar stixiyali tarzda hayot kechirgan
va natural xo‘jalik tuzumi sharoitida turli buyumlar, hayvonlar, mahsulotlar
pulning vazifasini bajargan bo‘lsa, miloddan oldingi VII – VI asrlarda
metallar pul sifatida amal qilgan, XI va XII asrlarda qog‘oz pullar, XX
asrdan esa elektron pullar iqtisodiyotga to‘lov vositasi sifatida kirib keldi.
Demak, pul bugungi kundagi ko‘rinishiga yetib kelguncha juda uzoq davr va
ijtimoiy–iqtisodiy jarayonlarni bosib o‘tgan. Pulning turlarini o‘rganishda uni
asl qiymatga ega bo‘lgan (haqiqiy) pul va asl qiymatga ega bo‘lmagan
(o‘rinbosar) pul sifatida o‘rganish maqsadga muvofiq. Odatda haqiqiy pullar
to‘lov vositasini bajarganda ular o‘z qiymati bo‘yicha
ayirboshlash jarayonida ishtirok etgan, iqtisodiyotda pul massasini tartibga
solish bo‘yicha muammolar mavjud bo‘lmagan.
Asl qiymatga ega bo‘lmagan pullarning haqiqiy qiymati nominal qiymatiga
nisbatan bir necha marta past bo‘lib, ular muomalaga chiqarilgandan keyin
doimiy ravishda tartibga solinib turish lozim. Aks holda iqtisodiyotda pul
massasi tovar massasiga nisbatan ortib ketadi va qog‘oz pullar o‘zining
to‘lov vositasi sifatidagi qobiliyatini yo‘qotadi.
Haqiqiy pullar quyidagi xossalarga ega bo‘lgan:
– nominal qiymatning real qiymat bilan mutanosibligi;
– qiymatning qardsizlanmasligi, ya’ni haqiqiy pullar har qanday sharoitda
ham o‘zining dastlabki qiymatini yo‘qotmagan;
– ularni boshqa tovarlar kabi iste’mol qilish mumkinligi.
Biroq, natural pullarning hammasi ham yuqoridagi xossalarni uzoq
muddatga saqlab turish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Masalan, bug‘doy,
tamaki, choy, baliq, jun kabilar vaqt o‘tishi bilan o‘zining dastlabki
xususiyatlarini yo‘qotgan.