Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
MUALLIFDAN
Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda
o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin. «Yulduzli tunlar»
ana shu majoziy
kemalardan biri tarzida yuzaga keldi. Uni 1972-yilda ilk bor yozib nashrga
topshirganimda tog‘day bir yuk yelkamdan tushganday bo‘lgan edi.
Lekin mustabid tuzum tazyiqi ostida roman olti yil chop etilmay yotdi. Bu yillar davomida
o‘sha zalvarli yukni yana yelkamda ko‘tarib yurganday bo‘ldim. Qo‘lyozmani ko‘pgina
mas’ul mutasaddilar, katta akademiklar o‘qib fikr aytishdi.
Chop etish masalasi Qizil
imperiya markazining ruxsati bilangina hal etilishi mumkin ekan. Qo‘lyozmaning satrma-
satr tarjimasini Moskvada ham o‘qishib, yozma taqrizlar berishdi.
Xilma-xil fikr va mulohazalar changalzoridan tikanlarga tirnalib o‘tdim, yo‘limdan adashib
ketmaslik uchun doim tarix haqiqatiga, xususan — «Boburnoma»day asl
manbalarga
tayandim. Olti yil davomida romanga kiritgan yangi tahrirlarim ko‘proq uning badiiy
nuqsonlarini tuzatishga, tarix haqiqatini chuqurroq ochishga qaratildi.
1979-yilda rahmatli Sharof Rashidovning yordami bilan roman kitob bo‘lib chiqdi. 1981-
yilda unga Davlat mukofoti ham berilganligi mustabid tuzum zolimlarining qahrini
keltirgan bo‘lsa kerak. Ular «paxta ishi», «o‘zbek ishi»
degan dahshatli tuhmatlar
davrida Amir Temur va Bobur mirzoga qarshi yangi hujumlar uyushtirib, meni ham
roman bilan birga loyqa sellar girdobiga tortib tushurishga urinib ko‘rdilar.
Lekin jamoat fikri uyg‘ongan, istiqlolimiz tongi otayotgan paytlar edi. Prezidentimiz
Islom Karimov O‘zbekistonga rahbar bo‘lgan kundan boshlab
tarixiy adolatni tiklashga
juda katta e’tibor berdi. Dilimizda armon bo‘lib yurgan ezgu orzularning ushalishi uchun
endi imkon yaratildi.
Bundan ellik yil burun talabalik yillarimda Bobur mirzoga ixlosmandlik menda Amir
Temur asos solgan sulolaga qiziqish tufayli boshlangan edi. Bobur mirzo temuriylar
sulolasini halokatdan qutqarib,
asrdan-asrga, mamlakatdan-mamlakatga olib o‘tganligi,
bu ulug‘ sulola Hind zaminida yana uch yuz yildan ortiq davr surganligi o‘sha yillardayoq
dilimda hayrat va iftixor tuyg‘usini uyg‘otgan edi. Keyinchalik «Temur tuzuklari» bilan
tanishganimda sohibqironning vasiyatlariga va ulug‘ bunyodkorlik an’analariga Bobur
mirzo astoydil amal qilgani juda ko‘p tarixiy voqealarda ko‘zga tashlandi. «Temur
tuzuklari»ni «Boburnoma»ga qiyoslab o‘qiganimda ularning orasida ruhiy va uslubiy
yaqinlik borligini ham sezdim.
Ammo sho‘ro davrida bu haqiqatlarni yozish — arining uyasiga cho‘p
tiqish bilan barobar
edi. Chunki sho‘rolar har gal Amir Temurga qarshi hujum uyushtirganda nuqul Bobur
mirzoni uning yoniga qo‘yib qoralashardi. Bu hujumlar elliginchi yillarda Bobur asarlari
maktab darsliklaridan chiqarib tashlanganda bir xuruj qilgan,
yetmishinchi yillarda