Annotatsiya: maqolada lakuna tushunchasi, lakunar birliklar va uning muloqotda namoyon bo‘lishi to‘g‘risida fikrlar bayon etilgan.
Kalit so‘zlar: lakuna, muqobilsiz leksika, muloqot, tushuncha, lakunarlik hodisasi.
Jahon tilshunosligida o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab lakunarlik hodisasiga e’tiborning kuchayishi tilshunoslikda yangi sohalar, xususan, lakunologiyaning jadal rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda lakuna va lakunarlik hodisasi lingvomadaniyatshunoslik, psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik, madaniyatlararo muloqot va amaliy tarjimachilik sohalarining predmetiga aylandi.
Dunyo tilshunosligida ikki tilni qiyoslash orqali til egalarining mentaliteti, milliy-madaniy o‘ziga xosliklarni o‘rganish lingvomadaniy tadqiqotlarning markaziy muammolaridan biri hisoblanadi. Lakunalarni bartaraf etish masalasini ilmiy o‘rganish esa mazkur tillarning lingvistik imkoniyatlarini belgilab beradi. SHu ma’noda lakunarlik hodisasi tilshunos va tarjimashunoslar tomonidan chog‘ishtirma hamda lingvomadaniy aspektlarda kognitiv xaritalarda bo‘shliqlarning yuzaga kelishi, ularning muloqot jarayonida to‘ldirilishi vamuqobilsiz leksika tarjimasi usullarini ochib berish masalalari doirasida tadqiq qilinmoqda. Bugungi kunda jahon tilshunosligida lakunarlik muammosini olamning lisoniy manzarasi masalalari bilan bog‘lagan holda tadqiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Respublikamizda so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlari bilan integratsiyalashuvi jarayonida kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotning milliy- madaniy xususiyatlari, umumlisoniy belgilari, madaniyatlararo muloqotda qo‘llaniladigan verbal va noverbal vositalarning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq etish xorijiy tillarni o‘rganishning muhim ajralmas qismiga aylanmoqda. «Ayni paytda dunyoda ilm-fan va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimizning xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda. Natijada hayotimizga chetdan ko‘plab yangi tushuncha, so‘z va iboralar kirib kelmoqda. Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi»1 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi PF- 5850-son «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», 2020 yil 20 oktyabrdagi PF-6084-son «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari, 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», 2020 yil 16 apreldagi PQ-4680-son «Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu tadqiqot ishi muayyan darajada xizmat qiladi.
Dunyodagi tillar, madaniyatlar o‘zaro doimiy aloqada va hamkorlikda bo‘lib, bu jarayon ularning uzluksiz rivojlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birgalikda, turli til va madaniyatlar orasida o‘zaro nomutanosibliklar, farqli jihatlar ham vujudga keladi.
Tilshunoslikda bunday o‘zaro farqli jihatlarni ko‘rsatish uchun terminologik vositalar turfa xil. Qiyoslanayotgan tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi farqni asoslash uchun ilmiy tadqiqotlarda keng qo‘llanilaѐtgan terminlardan biri – bu lakuna terminidir. Lakuna bugungi kunda qiyoslanayotgan tillar o‘rtasidagi o‘zaro nomutanosiblik, tizimli farqlashni belgilashda faol ishlatilmoqda.
Til o‘rganuvchi, tarjimon tarjima jarayonida turli muammo va to‘siqlarga duch keladi. Tarjimonlik faoliyatida yuzaga keladigan qiyinchiliklar, asosan, “muqobillik”, ya’ni “ekvivalentlik” tushunchasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Har bir leksik birlikka mos, muqobil birliklarni tanlash til biluvchining lisoniy bilimlari va tarjimonlik mahoratidan kelib chiqadi. Ekvivalentlik nolga teng holda esa lakunaviylik hodisasi yuzaga keladi.
Professor Sh.R.Usmonovaning “Tarjimaning lingvomadaniy aspektlari” darsligida keltirilishicha, lakuna (lot. lacuna “bo‘shliq, chuqurlik, cho‘nqir joy”; frans. lacune “bo‘shliq, bo‘sh joy”) – biron xalqning maishiy, madaniy, ijtimoiy va tarixiy hayoti uchun xarakterli va boshqa xalq uchun begona bo‘lgan, boshqa tilda aniq muqobili bo‘lmagan so‘z va so‘z birikmalari.
“Lakuna” termini ilk bor kanadalik tilshunoslar J.P.Vine va J.Darbelnelar tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan bo‘lsa, o‘zbek tilshunosligi va tarjimashunosligiga esa mazkur termin birinchi marta professor Sh.R.Usmanova tomonidan olib kirilgan, o‘z ilmiy tadqiqot ishlari yordamida keng tanitilgan.
J.P.Vine va J.Darbelnelar mazkur hodisaga shunday ta’rif bergan: “Bir tildagi so‘z boshqa tilda muqobilini topa olmagan o‘rinlarda har doim lakuna hodisasi voqelanadi”.
M.M.Yagunova o‘z ilmiy ishlarida lakunalar masalasi borasida samarali ishlagan olima G.V.Bikovadan iqtibos keltirgan holda, rus olimlari tomonidan lakuna tushunchasiga berilgan bir qator ta’riflarni keltiradi. Ulardan V.G.Gak lakunalarni quyidagicha tushuntiradi: “Lakunalar bu til leksik tizimidagi bo‘shliqlar bo‘lib, uning aks ettiruvchi funksiyasi (ya’ni, ob’ektiv voqeiy tushuncha-hodisani ifoda etish vazifasi)dan va tilning leksik tizimidan kelib chiqadigan bo‘lsak, tilda mavjud bo‘lishi kerakdek tuyulsada, lekin so‘zlarning mavjud bo‘lmasligidir”.
G.V.Bikova quyidagi ta’rifni beradi: “Lakuna – leksema shaklida moddiy timsolga ega bo‘lmagan, lekin konseptning muloqot zaruriyati uchun sintaktik darajada ob’ektiv voqelanish xususiyatiga ega virtual leksik mohiyat, sememadir”.
V.I.Jelvis esa “...lakunalar – bu bir til va madaniyatlarda “alohidalik” sifatida namoyon bo‘ladi, boshqalarida esa signallashmaydi, ya’ni umumiy mustahkamlangan ifodasini topmaydi”, deb yozadi.
V.L.Muravev quyidagicha fikrni keltiradi: “...lakunalarni biz faqat chet tilida- gi so‘zlar (turg‘un so‘z birikmalari) mazkur tilning til me’yorlarida mustahkamlanmagan va etkazib berish uchun shu tilda nutq darajasida shakllantiriladigan katta-kichik perifrazalar – erkin so‘z birikmalarini ifodalovchi tushunchalar deb bilamiz”.
Ingliz tilidagi ilmiy ishlarda “lakuna” so‘zi “lexical gap”, “lexical hole”, “lexical vacancy” tushunchalariga muvofiq keltirilib, tilshunoslikda, asosan, “lexical gap” atamasi ishlatiladi. Ilmiy muomalaga atama sifatida kirib borgan mazkur so‘z birikmasi tarkibidagi “gap” so‘zi “bo‘shliq”, “bo‘sh joy” degan ma’nolarni anglatib, mazkur so‘z bilan birga, turli aniqlovchi so‘zlarni biriktirgan holda, lakunalarning o‘zga turlari ham yasaladi: “semantic gap”, “cultural gap”. Demak, “gap” so‘zi “lakuna” tushunchasiga sinonim sifatida qo‘llaniladi hamda “gap” so‘zining o‘z aniqlovchisi bilan beriladigan so‘z birikmalari esa lakuna turlariga (grammatik lakuna, madaniy lakuna va h.k.) muvofiq keladi, deb ayta olamiz.
Italyan tilshunos olimlari L.Bentivogli va E.Piantalar lakunalar borasida quyidagi fikrlarni keltiradilar: “Leksik lakuna bir tilda biror konsept leksik birlik bilan ifodalansayu, ikkinchi tilda aynan shu konsept erkin so‘z kombinatsiyalari bilan berilganida yuzaga keladi”. Bu olimlar leksik lakunalarni aniqlash uchun, avvalambor, idioma (idiom), chegaralangan so‘z birikmasi (restricted collocation), so‘zlarning erkin kombinatsiyasi (free combination) tushunchalarini bir-biridan farqlab olish zarurligini ta’kidlaydilar va bularga tilshunos olim A.P.Koui (A.P.Cowie) ishlaridagi izohlarni keltiradilar. Idioma va chegaralangan so‘z birikmalarini tarkibiy leksik birliklar qatoriga kiritib, so‘zlarning erkin kombinatsiyalarini leksik lakunalar deya xulosa beradilar. O‘zbek tilshunos olimasi B.Jo‘raevaning ilmiy ishlariga murojaat qilib, ushbu so‘zlarning izohiga ko‘ra, idiomaga – “so‘z-idioma”, chegaralangan so‘z birikmasiga – “so‘z birikmasi idiomasi”, terminlari muvofiq kelishini kuzatdik. So‘zlarning erkin kombinatsiyasiga esa “erkin so‘z birikmasi” atamasini berish joiz, deb bildik.
Tamil tili va ingliz tillarini chog‘ishtirish ishlarida samarali faoliyat yuritayotgan hind tilshunos olimi Rajendran Sankaravelayutan ham lakuna borasida ko‘p ilmiy fikrlar bergan. Uning ta’rifiga ko‘ra, leksik lakuna muayyan bir tushunchaning leksikalashtirilgan shakli mavjud emasligini ifodalaydi. Olim lakunalarning turli tillarda quyidagi uch holatda voqelanishini ko‘rsatadi: lakunalar:
1) asliyat tilidagi biror bir so‘z tarjima tilida batafsil o‘z aksini topuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muqobilini topmaganida;
2) asliyat tilidagi biror so‘z tarjima tilidagi so‘z bilan o‘zaro farqlanmagan holda tarjima tilida mavjud so‘z-idioma va so‘z birikmasi idiomasi bilan berilganida;
3) konsept leksik birliklar, ya’ni so‘z, qo‘shma so‘z, so‘z-idioma va so‘z birikmasi idiomasi bilan kodlanmagan holatlarda yuzaga keladi.
Tilshunoslikda lakunarlik hodisasini bevosita o‘rganish XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jadal rivojlandi. «Lakuna» termini ilk bor kanadalik tilshunoslar J.P.Vine va J.Darbelnelar tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi. Ular ushbu hodisani «Bir tildagi so‘z boshqa tilda muqobilini topa olmagan o‘rinlarda har doim lakuna hodisasi yuzaga keladi» deb izohlashgan2. L.Bentivogli, E.Pianta3, R.Sankaravelayutan4lar lakunarlikni tilda leksemalashtirilmagan so‘zga ikkinchi tilda so‘z birikmasining muvofiq kelishi deb tushuntirishgan. Bizningcha, har doim ham biror tilda so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan har qanday tushunchani so‘z birikmasi orqali berib bo‘lmaydi, chunonchi, lakunarlikni yuzaga keltiruvchi tushunchalar turli vositalar yordamida ifodalanishi mumkin.
Rus tilshunoslari G.V.Bikova va O.B.Pilaeva hozirgi kunda lakunalarning
yetarlicha o‘rganilmaganligi, tilshunoslikda mazkur hodisa borasida yagona qarashning mavjud emasligini ta’kidlaydilar8. Lakunarlik hodisasining voqelantiruvchisi bo‘lgan lakunar birlik va lakuna tushunchalarini chegaralab olish tahlilda chalkashlikka yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi.
Tilshunos L.K.Bayramovaning ta’rificha, tillararo lakunar birlik bu boshqa tillarda bo‘shliq, oraliq joyga ega bo‘lgan, ya’ni lakunar birlikning nol korrelyatiga ega tushunchadir. Lakunar birlik bir tilga xos (shartli ravishda A til), lakuna esa boshqa til (shartli ravishda B til)ga xosdir. Demak, lakunarlik bu (A tildagi) lakunar birliklar va (B tildagi) lakunalardan tarkib topgan kategoriyadir5.
Lakunaning asosiy belgilari sifatida «moddiy mujassamlashmaganlik», «sintaktik darajada ob’ektiv voqelanganlik», «virtual leksik mohiyatlilik»ni ko‘rsatish mumkin. Lakunalarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalarini o‘rganishda, asosan, mazkur xususiyatlar kuzatildi. Lakunalarni ifodalashda lakunaning qaysi til fonida voqelanayotganiga diqqat qaratish kerak.
Lakunalar madaniyatlararo muloqotda tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatib beruvchi muhim omil hisoblanadi. Lakunalar, asosan, tillarning qiyosida seziladi. Masalan, ingliz tilida “yurist, advokat” ma’nosini anglatgan lawyer so‘zidan boshqa advokatlik kasbining turli-tumanligini ifodalaydigan attorney “vakil”, barrister “oliy sudlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan advokat”, solicitor “mijozlarga va tashkilotlarga maslahat beruvchi; quyi sudlarda ishtirok etish huquqiga ega”, counsel “yuristkonsult”, counsellor “maslahatchi”, advocate “oliy darajadagi advokat” (Velikobritaniya, 1978) kabi so‘zlar ham qo‘llaniladi. Mazkur ifodalarga o‘zbek va rus tillaridagi faqat advokat so‘zigina muqobil bo‘la oladi.
Madaniyatlararo verbal va noverbal kommunikatsiya jarayonida “muloqotning uzilishi”, “muloqotning muvaffaqi-yatsizlikka uchrashi”, “noqulay aloqa”, “lisoniy to‘qnashuv”, “madaniy shok” va h.k. ijtimoiy-madaniy lakunalarni keltirib chiqaradi. Ijtimoiy-madaniy lakunalarni quyidagicha tasniflash mumkin:
1. Turli lingvomadaniyat jamoalari vakillarining milliy-madaniy xususiyatlarini aks ettiradigan subyektiv lakunalar. Subyektiv yoki milliy-psixologik lakunalar madaniyatlararo muloqot jarayonida ishtirokchilarning milliy-psixologik qarashlari bir-biriga mos kelmaganda yuzaga keladi.
2.Turli faoliyatlarning o‘zaro aloqasida milliy-madaniy xususiyatlarni aks ettiradigan faoliyat-kommunikativ lakunalari. Mazkur guruhga muayyan madaniyatga xos bo‘lgan xatti-harakat va imo-ishoralar, urf-odatlar, an’analar bilan bog‘liq maishiy yoki kundalik muomala, shuningdek, muomala madaniyati kiradi.
3. Matnlarning xususiyatlari (matnning mazmuni, matnni yaratish va uni tushunish, muayyan retsipiyentga yo‘nalish, muallif poetikasi va h.k.)dan kelib chiqadigan matniy lakunalar. Masalan, retsipiyent ona tilida bo‘lmagan matnni o‘qish jarayonida unga “begona” bo‘lgan madaniyat bilan to‘qnashadi va uni o‘zining milliy madaniyati doirasida qabul qilishga harakat qiladi. Natijada retsipiyent “begona” madaniyatning o‘ziga xos xususiyatini noto‘g‘ri talqin qiladi. Bunday holatlarda lakunalar matnni tushunmaslikdan yuzaga keladi. Shuningdek, muallif va kitobxon orasidagi zamonda (zamonaviy kitobxon klassik asarlarni tushunmasligi mumkin) ham farq bo‘lishi mumkin.
4. Madaniy makondagi lakunalar u yoki bu lingvomadaniyat jamoasi vakillarining madaniy makon va ichki ko‘rinishni baholashdagi nomutanosibligini ifodalaydi. Muloqot jarayoni keng ma’noda olinganda madaniy makondagi lakunalar, tor kommunikativ akt miqyosida olinganda ichki ko‘rinish lakunalari deb yuritiladi. Madaniy makon deganda har qanday madaniyat tashuvchisini o‘rab olgan muhitning cheksizligi tushuniladi.
V.Muravev etnografik lakunalarning paydo bo‘lishini qiyoslanayotgan madaniyatlardan birining sohibida boshqa madaniyat vakilida bo‘lgan turli ijtimoiy-madaniy omillar natijasida yuzaga kelgan lingvo-etnografik assotsiatsiyaning yo‘qligi bilan bog‘laydi.
Shunday qilib, lakunalar bir tomondan milliy madaniyatning o‘ziga xos belgisi, mentalitet xususiyatlari darajasining ko‘rsatkichi bo‘lsa, ikkinchi tomondan madaniyatlararo o‘zaro ta’sir sharoitida o‘zga ko‘rinishga kira oladigan birliklar hisoblanadi. Lakunalarni tadqiq qilish lakunologiya fanini shakllantirishga, uning tushunchaviy-terminologik apparatini va tadqiqot metodlarini ishlab chiqishga, tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatib berishga, madaniyatlararo muloqotda to‘siqlarni yengishga, chet tillarni o‘rgatishda samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.