Yuqorida keltirilgan boblardan ma’lumki, optika fizikaning yetarli darajada yaxshi o‘rganilgan sohasiga kiradi. Optik jarayonlarga qiziqish katta ekanligi tabiiydir. Chunki odam atrof olam haqidagi ma’lumotlarning 80-85% ni ko‘rish orqali oladi. Avval boshida optika, ko‘rish sohasidagi elektromagnit to‘lqinlarni o‘rganish, ya’ni odam ko‘zi qabul qiladigan to‘lqinlar (0,400,76 mkm) bilan cheklangan. Shunday qilib, yorug‘lik - bu elektromagnit tebranishlarning aniq bir to‘lqin uzunlikli sohasi deb hisoblash mumkin.
Zamonaviy optika ko‘rish sohasiga tutashgan ultrabinafsha sohani (yumshoq rentgen nurlari bilan birgalikda) va infraqizil sohadan to radioto‘lqinlarning millimetr diapazonigacha bo‘lgan keng sohani o‘rganadi.
XX asr o‘rtalariga kelib, yorug‘likning modda bilan o‘zaro ta’siri jarayoni to‘liq o‘rganildi. Xususan, optikaning asosiy makroskopik qonunlari bilan yorug‘likning atom darajasigacha mikroskopik o‘zaro ta’sir qonunlari o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Bunda mikroskopik darajadagi o‘zaro ta’sirda bitta umumiy hol aniqlandi, u ham bo‘lsa: barcha jarayonlar birfotonli jarayon ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu degani, atom yorug‘lik bilan o‘zaro ta’sirning har bir elementar aktida atiga bitta foton yutadi. Eksperimental natijalar Maksvellning elektromagnit nazariyasi va kvant nazariyalari kelishuviga erishishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun tadqiqotlarni asosan tugallangan deb hisoblash mumkin. Bu tadqiqotlarning asosini yaxshi ma’lum bo‘lgan yorug‘likning tarqalish va uning muhit bilan o‘zaro ta’sir qonunlari tashkil etadi.
XX asr o‘rtalarida lazerning yaratilishi, holatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Ma’lum bo‘lishicha bu qonunlar keng tarqalgan, ammo kichik intensivlikli yorug‘lik holidagina o‘rganilgan. Lazer nurlanishidan foydalanib erishiladigan yuqori intensivlikdagi yorug‘lik holi uchun optikaning asosiy makroskopik qonunlari o‘rinli emas. Impuls lazeri chiqaradigan yorug‘lik intensivligi boshqa har qanday lazer kashf qilingunga qadar bo‘lgan yorug‘lik manbai intensivligidan bir necha tartibga yuqoridir.