(1596-1650)
Men fikrlayapman, demak, men - mavjudman! Dekart.
Rene Dekart 1596-yilning 31-mart kuni, Fransiyaning Turen hududidagi kichik Lae shaharchasida dunyoga kelgan. Dekartlar oilasi, qadimiy, biroq kambag‘allashib, obro‘si pasayib qolgan zodagonlar urug‘idan bo‘lishgan ekan. Uning otasi Renn sharida sudya bo‘lib ishlagani uchun, ko‘p vaqtini o‘sha yerda o‘tkazgan va Laega juda kam kelgan. Tug‘ruqning og‘ir kechganligi sababidan, uning onasi, bir necha kundan keyin tug‘ruq asoratlari tufayli olamdan o‘tgan. Rene uchun ham tabiblar sog‘lomlik va chidamlilikni bashorat qilishmagan, sababi u ham onadan tug‘ilganida juda nimjon bo‘lgan ekan. U haqiqatan ham balog‘atga yetgunicha quruq yo‘tal va doimiy holsizlikdan aziyat chekib, yuzi doimiy oqargan qiyofada hayot kechirgan. Uning bolalik damlarini, onasi tomondan buvisining qaramog‘ida, iqlimi yumshoq va ajoyib bog‘-rog‘lari bilan mashhur bo‘lgan Turenda o‘tdi. Dekart o‘sha yerdagi iezuitlar kollejida, 1612 yili, 8 yillik maktabni tamomladi.
17 yoshida Rene Dekart o‘z otasi oldiga - Rennga ketganida, maktab ta'limidan butunlay ko‘ngli sovib, mutolaa va izlanishni umuman tashlab qo‘ygan edi. Bunga sabab qilib tarixchilar Rene Dekartga maktab ta'limining qoniqarsiz sifat darajasi salbiy ta'sir ko‘rsatgan degan fikrni ko‘rsatishadi. Nima bo‘lganda ham, Rene Dekart ilk ta'lim olgan bosqich, qandaydir jiddiy sabablarga ko‘ra, undagi ilm-fanga bo‘lgan qiziquvchanlik va ishtiyoqni so‘ndirib yuborgani rost. U Rennda uzzukkun chavandozlik va qilichbozlik bilan mashg‘ul bo‘lib vaqt o‘tkazadi. Lekin, bu vaqtda u fikrlash va tafakkur dengizidan olis bo‘lgan degan fikrga kelish noo‘rindir; sababi u aynan o‘sha vaqtdagi o‘zi mukkasidan ketib, mashg‘ul bo‘lgan sohalar, ulardagi qonuniyat va umumlashtiruvlar haqida yaxshigina risolalar tayyorlaydi. Shulardan biri - "Qilichbozlik haqidagi risola"ni misol qilib keltirish mumkin.
1613 yilda u o‘z omadini izlab, Parijga yo‘l oladi. Yosh zodagon yigitchaga Parijda omadli ish yuritib va yashab ketish uchun obro‘-e'tiborli tanish-bilishlar orttirish va aloqalar o‘rnatish kerak edi. U poytaxtda fransiskan monaxi Maren Mersenn va matematik Midorj bilan yaqindan tanishadi. Biroq Parij hayotining dastlabki yillarini Dekart butunlay bemaqsad, tarqoq hayot tarzi bilan o‘tkazdi. U o‘zi tengqur yoshlarning qarta o‘yinlariga mukkasidan ketgan va qimorga berilgan guruhiga aralashib qoldi. Lekin, aksariyat tengdoshlaridan farqli ravishda Rene Dekart tez orada o‘zini qo‘lga olib, ahmoqona kun tartibi va jarlikka qulatuvchi ijtimoiy illatlar oldida xarakter namoyish etadi. U vaqtida o‘zini tiya bildi. Uni yana qimor o‘yinlari va ko‘cha hayotiga chorlovchi o‘rtoqlari bilmaydigan va topolmaydigan joy - Parij yaqinidagi Sen-Jermen mavzesida kichikkina uycha topib, o‘sha yerga ko‘chib o‘tadi va qaytadan ilmiy izlanishlarni boshlab yuboradi. Dekart matematika, asosan geometriya va algebra sohalarini chuqur o‘rganishga sho‘ng‘iydi.
Shu tarzda u ikki yil o‘zini-o‘zi tarbiyalash bilan shug‘ullandi. 21 yoshga to‘lganida esa, u Fransiyani tark etib, olam kezishga qaror qiladi. Dekartga, o‘zining ta'biri bilan aytganda "olamning buyuk kitobini mutolaa qilish, harbiy qo‘shinlar va saroylarni ko‘rish, har xil fe'l atvor va xarakterli insonlar bilan muloqotda bo‘lish, tajribalar to‘plash, taqdir qanday uchrashuvlarga duch qilsa, ularda, o‘shandayligicha o‘zini sinab ko‘rish, va har yerda uchragan buyum va hodisalar borasida tafakkur qilish" maqsadida yo‘lga chiqadi. Darbadarlik yillari boshlanadi...
1617 yilda Dekart Niderlandiya armiyasining ko‘ngillilari safiga qo‘shilib, harbiy libos kiyadi. Bu paytda Niderlandiya Fransiyaning ittifoqdoshi bo‘lib, bu davlatda inqilob yuz berayotgan edi. Dekart Brede shahrida yashay boshlaydi. Armiyadagi tayinlangan nafaqadan Dekart voz kechadi. U shu orqali o‘z erkinligini saqlab qolish maqsadida edi. Ya'ni, ta'madan uzoqroq bo‘lmoqchi. U harbiy paradlarga ham qatnashmay, vaqtini asosan uyda, matematika va falsafa bilan mashg‘ullikda o‘tkazadi.
Sen-Jermendagi o‘ziga xos uzlatda va Brededa olib borilgan matematik izlanishlar Dekartga o‘z davri uchun yetarli darajadagi yetuk matematik mutaxassis bo‘lib yetishishga xizmat qiladi. Aynan shu yillar ichida u analitik geometriya va algebrani o‘zaro chambarchas bog‘lovchi muhim ilmiy izlanishlar olib bordi va olamshumul kashfiyotlar qildi. Dekartning kundaligida quyidagicha qayd mavjud: "1619 yilning 10 noyabr kuni ajoyib kashfiyotning asoslarini anglay boshladim". Haqiqatan ham, Dekart ajoyib kashfiyot - analitik geometriya asoslarini ochib berish sari yaqinlashib borayotgan edi. Analitik geometriyaning mohiyati shundaki, u algebrani geometriya masalalariga va aksincha tadbiq etishning tamoyillarini ifoda etadi. Ya'ni, har qanday egri chiziq ikkita o‘zgaruvchili tenglamalar orqali ifodalanishi mumkin, va aksincha, ikkita o‘zgaruvchili har qanday tenglama, egri chiziq ko‘rinishida ifodalanishi mumkin! Bu kashfiyot, fan tarixida o‘ziga xos yangi davr ochganligi bilan nafaqat matematika va geometriya uchun, balki, umuman olganda sonlar va o‘lchovlar borasida aniq kattaliklarga asoslanib ish ko‘ruvchi barcha tabiiy fanlar uchun muhim ahamiyatga ega edi.
Dekart o‘z kashfiyotining ahamiyatini yaxshi anglasa-da, u bunday darajadagi dohiyona va hal qiluvchi g‘oyaning o‘zi, ilm-fanda samarali islohot o‘tkazish uchun kamlik qilishini ham yaxshi tushungan. U olam kezishni davom ettiradi - golland armiyasi bilan birga avvaliga Praga uchun jangda qatnashadi (30 yillik urush), keyin Vengriya va Bryusselda bo‘ladi. Yo‘l-yo‘lakay, o‘zi aytganday taqdir unga tayyorlagan har qanday uchrashuvlardan o‘zi uchun biror mulohaza va fikr olishga urinadi. Sayohatchi, ko‘ngilli askar va matematik Rene Dekart 1623-yilda Parijga qisqa muddatga qaytadi. Keyin yana Yevropa bo‘ylab uzoq safarlar, keyin esa, 1625-yilda Fransiyaga bir muddat qaytishdan so‘ng, yana Gollandiyaga ko‘chib o‘tadi. Dekart uchun Gollandiyaga ko‘chib o‘tish, o‘zining Parijdagi eski qimorboz do‘stlari va yoshlikdagi beboshliklarga qaytmaslik vajidan zarur edi. Qolaversa, Niderlandiyada, Fransiyaga qaraganda ancha yumshoq ijtimoiy muhit yuzaga kelgan bo‘lib, ayniqsa diniy va e'tiqodiy qarashlar borasidagi huquqiy erkinlik, oddiy golland xalqining tolerant munosabati, yetishib chiqayotgan olimni o‘ziga tortgan. U gollandlar haqida "Begonalarga asossiz g‘arazdan ko‘ra o‘z kundalik ishlari haqida ko‘proq qayg‘uradigan millat" deb yozgan edi. U Parijda yashayotgan chog‘ida, "Ilohiyot haqida" nomli risola yozishni boshlab qo‘ygan edi. Gollandiyadagi hayotining dastlabki vaqtlarida u o‘sha asarini davom ettirishga kirishadi. Ilohiyot va falsafa borasidagi fikrlarni qamrab olishi kerak bo‘lgan bu asar baribir yakuniga yetmay tez orada yana "keyinroqqa surib" qo‘yiladi. Dekartda, unga Mersenn xabar bergan ajoyib va o‘sha davr uchun tushunarsiz hodisa, 1629-yilda Rimda kuzatilgan pargeliy (quyosh atrofida boshqa yorqin obyektlar - "yolg‘on quyosh"larning paydo bo‘lishi) hodisasi katta qiziqish uyg‘otadi. Dekartda tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqish qayta alangalanib ketadi. U optika borasida izlanishni boshlaydi. Kamalak va boshqa o‘xshash hodisalarga diqqat qaratadi. Dekart pargeliy hodisasi, shuningdek kamalakning paydo bo‘lishi sabablarini, asosli tarzda tushuntirib, u yorug‘lik nurining sinishi va akslanishi tufayli ekanligini ochib berdi. U optikadan astronomiya va tibbiyotga - aniqrog‘i anatomiyaga o‘tib boradi. Uning fikricha, har qanday falsafaning eng oliy maqsadi - insoniyatga naf keltirish bo‘lmog‘i zarur; u shu maslak bilan tibbiyot va kimyo fanlarini nihoyatda jiddiy munosabatda o‘rganadi va bu fanlar uchun matematika usullarni tadbiq qilish orqali, yuksak natijalarga erishishni maqsad qiladi. Anatomiyani esa, Dekart atlaslar va kitoblardan emas (Dekart zamonida bunday manbalarning o‘zi bo‘lmagan bo‘lsa kerak), haqiqiy amaliy tajribalar - jonivorlarni yorib ko‘rish bilan o‘rganib boradi.
1633-yilning o‘rtalarida, Dekart o‘zining "Olam haqida" (le Monde) risolasi nashrga tayyor ekanligi haqida Marsenni xabardor qiladi. Lekin o‘zi, bu risolani nashrga berishga shoshilmaydi, sababi risolani imloga tekshirish va yakuniy qayta ko‘rib chiqishni maqsad qilgan edi. Bu ishga o‘sha yilning kuzida kirishadi. Lekin, u tuzatishlar kiritishni boshlagach, avvaliga Galileyning "Suhbatlar" asari bilan tanishib chiqish kerak degan fikrga keladi. Rene Dekart, mashhur Galileyning mashhur asarini topib jo‘natishlarini so‘rab, Leyden va Amsterdamdagi do‘stlariga murojaat qiladi. Uning hayratiga sabab bo‘lib esa, do‘stlari, Galileyning "Suhbatlar" kitobi, allaqachon inkvizitsiya tomonidan yoqib yo‘q qilingani, bechora qariya muallifning o‘zi esa, nihoyatda obro‘li kishilarning aralashuviga ham qaramay sud qilinib, avvaliga inkvizitsiya qamoqxonasiga tashlashga hukm qilinganligi, keyinroq esa, qishloqdagi uy qamog‘iga tashlanib, uch yil davomida "poklanish" duolarini o‘qishga majbur qilinganligini xabar qilishadi.
Bu xabar Dekartni ham qattiq cho‘chitib qo‘ydi. Rim papasi va katolik cherkov inkvizitsiya sudining ta'siri Gollandiyada ham Italiyadagichalik bo‘lmasa-da, har holda sezilarli darajada edi. Olim o‘z qo‘lyozmalarini zudlik bilan yoqib yubordi... Olimning bir necha yillik izlanishlari kulga aylandi. Dekartning bu xatti-harakatlariga keyingi zamon fan tarixchilari turlicha munosabat bildirishgan, kimdir uni qo‘rqoqlikda ham ayblashga urindi, kimdir esa, Dekart bilan Jordano Bruno, Migel Servett va Galileyning boshiga tushgan taqdir yuz bermaganligi, aynan shunday ehtiyotkorlikda deb qarashadi. Nima bo‘lganda ham, bizning ilm-fan haqiqatlari yaqqol tan olingan zamonamizda turib fikr bildirish juda oson, Dekart esa, hamma olimlar singari, avvalo o‘z zamonasining farzandi edi.
1634-yili Dekart o‘zining "Inson va homilaning paydo bo‘lishi haqida" deb nomlangan etyudining xomaki variantini tayyorlashni boshladi. Megeffi ismli fan tarixchisining qayd etishicha, bu etyud Dekartning o‘ta shaxsiy kuzatuvlari natijasida yuzaga kelgan emish: 1635-yilda Dekart qiz farzand ko‘radi. Bu qizaloqning dunyoga kelishi tafsilotlari Dekart, boshqalardan, hatto eng olg‘ir yozuvchilardan ham o‘tkazib yuboradigan darajada, boshqalar aytishga yoki oshkor etishga uyaladigan jihatlari bilan tavsiflaydi.
Dekartning kitoblaridan biridagi oppoq, bo‘sh sahifada quyidagicha yozuv bor edi: "1634-yilning 15-oktyabrida homilador bo‘lgan". Dekart qizining ismini Fransina deb qo‘yadi. Biroq qizning onasi haqida hech qanday ma'lumot keltirmaydi. Faqat u oddiy xizmatkor ayol bo‘lgani qayd etiladi. Tarixchilar bu narsani oila munosabatlari sifatida emas, balki tamomila tasodifiy aloqalar natijasidan deb baholaydilar. Dekart zamondoshlari xotirasida romantik shaxs sifatida gavdalanmagan. Biroq uning o‘z qiziga o‘ta mehribonlik bilan munosabatda bo‘lgani va uni qattiq yaxshi ko‘rganini ko‘p marta ta'kidlangan. Biroq Dekartning baxtiga qarshi Fransina uzoq yashamaydi - u 1640-yilda qizilcha kasalligidan vafot etadi. Bu voqea Rene Dekartga qattiq zarba bo‘lgan edi. U g‘amga botib, faqat o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘ladigan, ruhiy tushkunlik holatiga tushib qoladi.
1637-yilning iyulida Dekart o‘zining "Olam" asaridagi, cherkov senzurasiga muvofiq keladigan bo‘limlarni alohida ajratib olib, ularni "Yorug‘lik haqida" (Dioptrika) va "Meteorlar haqida" nomi bilan alohida kitoblar holida nashrdan chiqardi. U "Geometriya"ni ham "Uslub haqida mulohaza" shaklida qayta nomlab chop ettirdi. "Uslub haqida mulohaza" shakllanib kelayotgan yangi zamon ilm-fani uchun mukammal ilmiy manbalardan biri bo‘lib qoldi. Unda hozirgi zamon fani yutuqlarining ilk kurtaklari mavjud edi. Dekart "Geometriya"ni atayin murakkablashtirib, chuqur ilmiy mulohazalarni yanada chigallashtirib yozganligini o‘z kundaliklarida alohida qayd etgan. Bu, boshqa matematiklarning Dekart ilmiy ishlariga shubha qilmasliklari, aniqrog‘i, garchi bunday (ya'ni Dekart keltirgan) mulohaza va isbotlashlar bilan birinchi marta aynan Dekart asarlarida tanishgan bo‘lishlariga qaramay, ularni o‘zlashtirib olishlari, "buni biz avvallari ham bilar edik" deya olmasliklari uchun ataylab qilingan edi. Ya'ni Rene Dekart, o‘ta faqat o‘ziga xos bo‘lgan murakkab bayon etish uslubi bilan o‘z ilmiy ishlari va salohiyatini himoya qilmoqchi bo‘ladi. Dekartning "Geometriya"sida tahlil va isbotlashlar o‘ta murakkab va qiyin masalalar ustida olib borilib, shakl yasashlarni chetlab o‘tgan. Shakl yasashlarni Dekart zarur bo‘lganda shaxsan o‘zi ko‘rsatib bergan.
Biroq Dekart o‘z "Geometriya"si bilan har qancha faxrlanmasin, ilmiy jamoatchilik orasida uning "Dioptrika" va "Meteorlar" asarlari nisbatan mashhurroq bo‘lgan va yakdillik bilan tan olingan edi. Dekartning o‘zi ham bu borada olib borgan ishlaridan doimo ko‘ngli to‘lib, qanoat hosil qilgan edi. U bu asarlar haqida "...qachonlardir bu kitoblardagi hech bo‘lmaganda uch satrni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga to‘g‘ri kelishini tasavvur ham qilolmayman" - degan edi.
1644-yilga kelib Dekart "Boshlang‘ich falsafa" nomli keng qamrovli asarini nashrdan chiqardi. Vanihoyat ushbu asarda Dekart, 11 yil avval, ya'ni 1633-yilda nashrga tayyorlagan "Olam haqida" nomli risolasi uchun yozgan falsafiy va ilmiy qarashlarini bayon etishga jur'at etdi. Uning tarkibidan olimning olam (koinot), inson tafakkuri va boshqa mavzulardagi chuqur falsafiy mulohazalari joy oldi. Dekart ushbu asarda o‘zining tabiatning paydo bo‘lishi haqidagi shov-shuvli nazariyasini bayon qilgan edi. Dekartning tabiat nazariyasi dasturi, oddiy va har kimga tushunarli mulohazalarga asoslanganligi bilan o‘ziga xosdir. Dekart, "Uslub haqida mulohaza" asrida ham, sabab va oqibat tamoyilini tahlil qilib chiqar ekan, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan har qanday natijaviy oqibatlarni tahlil qilib o‘tadi. Ularning har birining yuzaga kelishin adolatdan ekanligiga tanqidiy nazar bilan tekshiruv o‘tkazadi. Shu jumladan "Men mavjudman" tushunchasini ham shunday nuqtai nazar bilan tahlil qiladi. Dekartning mashhur iborasi - "Men fikrlayapman, demak, men -mavjudman!" shundan kelib chiqqan.
Ko‘rinib turibdiki, Rene Dekart, aniq va tabiiy fanlardan tashqari falsafa borasida ham ancha chuqur ketgan edi. Uning o‘ta murakkab mantiq va mulohazalarga asoslangan fikrlari, har qanday toifadagi o‘quvchi uchun tushunishga qiyinchilik tug‘dirgan. Shunga qaramay katta ilmiy doiralarda Rene Dekartning mavqei endilikda shak-shubhaga o‘rin qoldirmagan edi. Uning ilmiy risola va kitoblari Yevropaning eng ilg‘or fikrli kishilari uchun dasturul-amal bo‘lib xizmat qila boshlaydi. Bu jarayon cherkov nazaridan chetda qolishi mumkin emas edi.
Dekart o‘z ta'limotini himoya qilish uchun, asarlarida cherkov odamlar ongiga singdirishga urinadigan diniy tushunchalarni ham yuzaki bo‘lsa-da tan olib o‘tadi. Masalan u xudo va narigi dunyo mavjud degan gapni bot-bot takrorlaydi. Biroq, aftidan cherkov uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmagan.
Fizikada ham Dekart o‘ziga xos iz qoldirdi. Uning ismini lotincha ma'nodagi yangrashi - Karteziy so‘zidan, fizikada Dekartcha fizik dunyoqarash - kartezianlik yuzaga keldi. Rene Dekart masofadan turib bir-biriga ta'sir qiluvchi kuchlar, ayniqsa bo‘shliq orqali ham ta'sirlashishi mumkin bo‘lgan kuchlarning mavjudligiga ishonmagan. U olamdagi ro‘y berayotgan barcha hodisa va harakatlar, zarrachalarning o‘zaro to‘qnashuvidan kelib chiqadi degan fikrni ilgari suradi. Aynan shu narsa fan tarixida karteziancha dunyoqarash deb yuritiladi. Karteziancha dunyoqarash fizikaning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etgan, va ancha o‘zgargan shaklda bizning davrimizgacha yetib kelgan.
XVII asrning 40-yillariga kelib Dekartning ijodida o‘ziga xos xarakter belgilari yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. U endi o‘z ta'limotini barcha tan olishini istaydi. Dekart iezuitlarga, maktablarda aynan uning falsafasini o‘qitish maqsadga muvofiq bo‘ladi degan fikrni bildiradi va bunda diniy ta'limotlarga zid bo‘lgan hech narsa yo‘q deb ta'kidlaydi.
1645 yilga kelib Dekart yana tibbiyot va anatomiya bilan shug‘ullanishga qaytadi. Bu haqida u "Uslub haqida mulohaza"sida alohida ta'kidlagan edi. Dekartning qayd etishicha, uning anatomiya va tibbiyot bilan mashg‘ul bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan va uni ortga surib kelgan narsa -cherkov ruhoniylarining tazyiqlari bo‘lgan ekan. Dekart Egmondga ko‘chib o‘tadi va yuqoridagi fanlar bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi.
Bu paytga kelib uning ilmiy salohiyati va obro‘-e'tibori butun Yevropada ovoza bo‘lib ketgan edi. 1648 yilda u Gollandiyaga butunlay ko‘chib ketganidan buyon uchinchi marotaba Parijga yo‘l oladi. Parijga qilingan birinchi (1644 yilda) va ikkinchi (1647 yilda) safarlar qarindoshlari bilan meros masalalarini hal etish uchun uyushtirilgan edi. Bu safar esa, uni Fransiyaga e'tiborli va mashhur do‘stlari taklif etishgan edi. Ular orqali Dekartga kardinal Mazarini 3000 livr nafaqa tayinlashga rozi bo‘ladi. o‘sha yilning may oyida esa Dekartga farang qirolining shaxsan o‘zidan Qirollik Tashakkurnomasi va yangi miqdordagi nafaqa tayinlanishi haqidagi yorliq keladi. Bu Rene Dekartning ilmiy faoliyati davlat darajasida tan olinayotganligidan dalolat edi. Qirol unga mazkur tashakkurnoma yakunida, saroyga kelishni va unga muhim bir davlat lavozimini topshirishini yozgan edi. Dekart Fransiyaga yo‘l olgan vaqtda, Fransiya ko‘chalarida qo‘zg‘olon boshlanib ketib, uning saroydagi faoliyati haqidagi rejalariga o‘zgartirish kiritib yubordi. Dekart qirol saroyiga yetib bormay, zudlik bilan Gollandiyaga qaytib ketdi.
Uni yaqindan tanigan do‘stlari, Dekart haqidagi xotiralarida, olimning o‘ta sodda va kamsuqum bo‘lganini eslashadi. Dekartning ilmiy va falsafiy salohiyatini dong‘i yetib borgan joylardan, uning suhbati uchun kelgan talaba va boshqalar, odatda Dekartning o‘ta jo‘n va qisqa javoblaridan hafsalasi pir bo‘lib aytishar ekan. Katta davralarda Dekart nihoyatda kamgap va unchalik ham kirishimli bo‘lmagan. Yakka yolg‘iz hayot tarziga ko‘nikib qolgan Dekart uchun, birov bilan til topishib ketish juda mushkul edi. Lekin, o‘zi bilan maslakdosh va yaqin do‘stlari davrasida Rene tom ma'noda "ochilar" edi. U ayniqsa ilmiy mavzularda qiziqarli suhbatlar olib borar, bahs va munozaralarda o‘zining o‘tkir fikrlari bilan atrofdagilarni lol qoldirar edi.
Gollandiyaga qaytib, ancha keksayib qolgan Dekart yana eski ilmiy ishlari bilan shug‘ullana boshlaydi. U ayniqsa o‘z Geometriyasini qayta-qayta ko‘rib chiqib, undan yangi xulosalar berishga urinadi. Analitik geometriya borasida Dekartning tutgan o‘rni g‘oyat beqiyosdir. Chunki aynan u tarixda ilk bor, koordinatalar o‘qining fazoviy modelini ishlab chiqdi. Biz uni maktab geometriya kursidan "Fazoda Dekart koordinatalari" tarzida yaxshi bilamiz.
1649-yilda Dekartni shved qirolichasi Kristina o‘ziga falsafa va mantiqdan dars berish uchun Stokgolmga taklif qiladi. Qirolicha Kristina Dekart ta'limotining muxlisalaridan biri edi va uni moddiy qo‘llab quvvatlash haqida katta va'dalar berardi. Rene Dekart, shved qirolichasi bilan ancha avvaldan xat yozishib turar va ular o‘rtasida o‘zaro mustahkam ishonch mavjud edi. Xususan Kristina Dekart falsafasini cherkov tazyiqlaridan himoya qila olishini ta'kidlardi. 1649-yilning oktyabr oyida Rene Dekart "Muzlik va qoyalar orasidagi ayiqlar" mamlakatiga (uni o‘zi Shvetsiyani shunday ta'riflagan) yetib keldi. Qirolicha unga yirik davlat unvonlari, yaxshigina maosh tayinladi, hamda, poytaxt yaqinidagi Pomeraniya mavzesidan kattagina yer-mulk sovg‘a qildi. Biroq qirolichaning o‘ziga xos injiqliklari ham talaygina edi. Jumladan, u, falsafani, aqlning tiniqib turgan vaqtida (ya'ni charchamagan miya bilan) o‘rganish kerak deb hisoblardi va buning uchun eng qulay vaqt deb, tong sahar, uyqudan endigina turiladigan vaqt -500ni belgiladi. Rene Dekartga qahraton shimol qishining uzun tunlarida, juda barvaqt uyg‘onib, har kuni qattiq sovuqda, qorong‘u ko‘chalardan va kuchli yelvizakli ko‘prikdan o‘tib borib, saroyda qirolichaga falsafa o‘qitishga majbur bo‘ldi. 1649/50 yil qishi Shvetsiyada odatdagidan ham qattiqroq kelgan. Shunday kundalik yurishlaridan birida, aniqrog‘i 1650 yilning 2-fevral kuni, saroydan qaytayotgan keksa olim holsizlik bilan yiqiladi. U qattiq shamollagan va tumov bo‘lgan edi. Dekartni tekshirgan tabib unda zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi) xastaligi tashxisini qo‘ydi. Ilm-fan va hurfikrlik fidoyisi, buyuk olim Rene Dekart, kasallikning to‘qqizinchi kuni, ya'ni 1650 yilning 11 fevralida Stokgolmda olamdan ko‘z yumdi...
Shuni alohida qayd etish kerakki, keyingi davrlarda Dekartning o‘limi haqida bir qancha shubhalar paydo bo‘lgan. xususan, olmon olimlari Ayki Piz va Teodor Ebertlar ilgari surgan taxminga ko‘ra, Dekartning Kristinaga o‘tkazayotgan ilmiy va falsafiy ta'sirini yo‘q qilish maqsadida, uni cherkov josuslari zaharlagan bo‘lishi ham mumkin ekan. Harholda, Dekartda kuzatilgan kasallik belgilaridan mishyak bilan zaharlanish alomatlari bor edi. Qolaversa, Dekart umrining oxirgi yillarida cherkov va ruhoniylarga ochiq dushmanlik kayfiyatida bo‘lib, diniy amaldorlarning yuritayotgan ishlaridan noroziligini oshkora aytardi. U katolik cherkovini vijdon va fikr erkinligi cheklashga urinish uchun qattiq qoralardi. Dekartning o‘limidan so‘ng, uning yozgan barcha asarlari, Rim papasining ta'qiqlangan kitoblar indeksiga kiritildi. Farang qiroli Lyudovik XIV esa, maxsus farmon chiqarib, Fransiyaning har qanday ta'lim muassasalarida Dekart falsafasini (kartezian falsafasi) o‘qitishni ta'qiqladi. Biroq, baribir hurfikrlik va ilm-fan cherkov xurofoti ustidan g‘olib kelgan keyingi ilmiy uyg‘onish davrlarida, buyuk Dekartning mehnatlari va ilmiy martabasi qayta oqlandi.
Rene Dekartni avvaliga Stokgolmda dafn etishdi. Biroq, oradan 17 yil o‘tgach, uning sag‘anasi Parijga ko‘chirib keltirildi va Sen-Jermendagi abbatlik qabristoniga qayta dafn etildi. Dekart sharafiga Oydagi kraterlardan biriga "Dekart krateri" nomi berilgan.