2. Dehqonchilik va chorvachilik. Arxeologlarning bergan ma`lumotlariga ko`ra Urartuda yashagan eng qadimgi kishilar dastlab, faqat, ovchilik va termachilik bilan kun kechirganlar. Keyinchalik ovchilikdan chorvachilik, termachilikdan esa dehqonchilik ajralib chiqqan. Markazlashgan Urartu podsholigining tashkil topishi munosabati bilan u yerda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlangan.
Ma`lumki, Urartu hududidagi tog`lardan Araks, Kura, Frot, Dajla daryolari boshlanadi. Tog` oralaridan ko`plab soylar oqib chiqadi. Tog` oralig`idagi daryo va soy sohilidagi uncha katta bo`lmagan vodiylarning tuprog`i unumdor bo`lgan. Qadimgi Urartu dehqonlari yerni omoch bilan haydaganlar. Yerga arpa, b.ug`doy, tariq, kunjutva boshqa don ekinlari ekib ulardan mo`l hosil olganlar.
Urartuda bog`dorchilikka ham katta e`tibor berilgan. Urartu bog`bonlari uzumdan sifatli musallas tayyorlashni yaxshi bilganlar. Qadimgi Urartu shaharlari kovlanganda alohida musallasxonalar, bu xonalarda yarmi yerga ko`milgan katta xumlar topilgan.
Qadimgi Urartuning katta qismi tog`lardan iborat bo`lgan. Tog`lar orasidagi vodiylarda sero`t yaylovlar yaslanib yotar edi.
Urartlar yilqichilikka katta ahamiyat berganlar. Arxeologlarning ma`lumotlariga qaraganda Urartuda ot miloddan avvalgi II mingyillikning ikkinchi yarmida, tuyalar esa II mingyillik oxiri va I mingyillik boshlarida paydo bo`lgan ekan. Chorvadorlar ho`kiz, eshak, xachir va tuyalardan xo`jalik va harbiy maqsadlarda foydalanganlar. Yilqichilikka katta e`tibor berilib, salt otlarning alohida zotlari o`rgatib parvarish qilingan. Otlar jang aravalariga qo`shilgan. Urartu jangchilarining bir qismini otliq qo`shin tashkil etgan ekan.
Urartuning chorvaga boy ekanligi ossut va urartu yozuvlarida ham o`z ifodasini topgan.
3. Hunarmandchilik va savdo.Qadimgi Urartuda hunarmandchilik ham yaxshi rivoj topgan edi. U yerda toshtarashlik, ma`dansozlik, qurolsozlik rivoj topgan edi. Ustalar turli tosh va ma`danlardan omoch tishi, o`roq, pichoq, xanjar, nayza va o`q uchlari, panshaha, dubulg`a, qalqon, zirh, tegirmon tosh, jang aravalari va ot afzallari yasaganlar.
Qadimgi Urartuda to`qimachilik, kulolchilik va binokorlik ham rivoj topgan edi. Urartlar Kichik Osiyo, Kavkaz, Mesopotamiya, O`rtayer dengizining sharqiy sohilidagi mamlakatlar bilan qizg`in savdo-sotiq ishlarini olib borganlar.