Logopedik-korrektsion ishni tashkil qilish mobaynida bolalarning umumiy va mayda qo’l motorikalarini rivojlantirish ishlari ham inobatga olinadi. Unda logoped tomonidan bolalarni mayda qo’l motorikasini rivojlantirish ishlarini olib borish vaqtida yosh xususiyatlari ham xisobga olinadi. Tashkil qilinadigan korreksion - logopedik ishlar bolalarning mayda qo’l motorikasini rivojlantirish vaqtida asosan o’yin asosida olib boriladi.
Bolaning qo’l panjasi va barmoqlarini harakatlantirish o’ziga xos rivojlantiruvchi ta’sirga ega. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo’l va barmoqlar ishtirokidagi o’yinlar tana va ongning o’zaro bog’likligini ta’minlaydi. Qo’lning oddiy harakatlari nafaqat qo’lning balki, lab, yuz mushaklari zo’riqishlarini susaytiradi, aqliy nuqsonlarning kelib chiqishini oldini oladi, tovushlar talaffuzini yaxshilashga ham yordam beradi.