Mayk ringga chiqqanida o‘ziga o‘xshamasdi. “Uning ko‘zlarida oldingi janglarda bo‘lgan vahshiylik ko‘rinmasdi. Uning o‘sha paytdagi fikrlari Tokioda bo‘lmagandek tuyulardi”, — degandi boks eksperti Larri Merchant.
Baster esa aksincha kuchli vajohat bilan ringga chiqqan. Oilaviy muammolar uni faqat kuchli qilgandi — u qasos olishni xohlardi. Taysonning oldingi raqiblarining ko‘zida qo‘rquvni ko‘rish mumkin bo‘lsa, Basterda bu narsa bo‘lmagan. U birinchi raundlardanoq raqibini jeblar bilan “siyladi”, bo‘yi va qo‘llarining uzunligidan unumli foydalanib, mohirlik bilan masofa saqladi. Temir Maykning hujumlarini xotirjamlik bilan bartaraf etadi.
Tayson faqat to‘g‘ridan hujumlar uyushtirdi. Uning zarbalarga chap bergan holda egilib, pastdan yo‘llanadigan kuchli zarbalar kombinatsiyasi yo‘qolib qolgandi. Mayk oldinga borsa-da, hech qanday variant topa olmaydi — Duglas uning harakatlarini oldindan o‘qirdi. “Birinchi raunddayoq uning uchligiga dosh berdim — ikkita zarba yelkalarim yonidan o‘tib ketdi. O‘shanda u o‘ylaganimdek qo‘rqinchli emasligini tushunganman”, — deya eslagandi Duglas o‘sha jangni.
Baster ishonchli tarzda kuchli va aniq jeblar bilan jang tizginini o‘z qo‘liga oldi. Duglas kamdan-kam hollarda o‘ng qo‘lini (asosiy quroli) ishga solardi, ammo kerakli vaziyatlarda bundan “uyalib o‘tirmasdi”. Jeb evaziga u raqibi ustidan asosiy strategik ustunlikka erishdi, beshinchi raundda gematoma tufayli chempionning chap ko‘zi shikastlandi. Bundan tashqari Taysonda yana bir muammo paydo bo‘ldi: uning burchagi jangga tayyor emas edi — murabbiy Aaron Snouell hatto shikastlanish holatlari uchun maxsus dazmol va muz borligiga ham ishonch hosil qilmagandi. Maykning yuzidagi jarohatlarni muzli suv bilan to‘ldirilgan tibbiy qo‘lqopda davolashga harakat qilindi. Mashhur murabbiy Teddi Atlas ushbu jangdan so‘ng mashhur iborasini aytgandi: “Taysonning burchagida bir gala ahmoqlar yig‘ilgan, ular hatto baliqqa ham suzishni o‘rgata olmaydi”.
Maykka aynan Kevin Runi yetmishmaydi. Tayyorgarlik vaqtida ham uning bo‘lmagani ringda o‘z isbotini topadi. Kevin kerakli vaqtda chempionning qaynoq shijoatini jilovlay olar, bundan tashqari, murabbiy jang paytida ham raqiblarning harakatiga baho berib, Taysonga muhim ko‘rsatmalar berardi, natijada janglarning taqdiri butunlay boshqa tomonga o‘zgarib ketardi.
Tayson raunddan raundga kuchini yo‘qotardi, shunga qaramay raqibini nokdaun holatiga tushirishning uddasidan chiqdi. Sakkizinchi raund oxirida chempion ajoyib apperkot zarbasini yo‘llaydi. Hakam sanoqni juda sekin olib boradi va to‘qqizinchi soniyada Baster o‘rnidan turadi. Shu onda gong yangraydi.
Ikki raunddan keyin, ehtimol, boks tarixidagi eng katta mag‘lubiyat yuz beradi. Bu xuddi filmlardagidek edi:
O‘n sanog‘i yangraganda o‘rnidan turdi, biroq zo‘rg‘a oyoqda turardi. Shundan so‘ng hakam jangni to‘xtatdi va boks tarixidagi eng shov-shuvli mag‘lubiyatni qayd etdi.
Jang to‘xtatilganda hakamlarning fikrlari keskin farq qilardi: amerikalik Larri Rosadilya g‘alabani Duglasga (88-83) bergan bo‘lsa, yaponiyalik Ken Morita (87-86 Tayson foydasiga) va Masakazu Uchida (86-86) boshqacha fikrda edi. Agar Tayson yakuniy gongga qadar “turib berganida” jang durang yoki uning g‘alabasi bilan yakunlanishi ham mumkin edi.
“Bu g‘alaba onam uchun, u hayotimdagi asosiy ayol. U bo‘lmasa, men ham bo‘lmasdim. Yaratgan uni narigi dunyoda ham asrasin”, — degandi Baster jangdan keyin.
Ammo Duglas g‘alabadan to‘liq rohatlana olmaydi. Taysonning promouteri Don King hakamning harakatlari ustidan apellyatsiya beradi. Kingning fikricha, hakam sakkizinchi raundda, Baster nokdaunga uchraganida sanoqqa juda ko‘p vaqt sarflagan — to‘liq 13 soniya. Ammo IBF darhol Duglasning g‘alabasini qonuniy deb tan oldi, to‘rt kundan keyin WBC va WBA ham bu qarorga qo‘shildi. Mustaqil komissiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, sanoq paytida hakam vaqtga emas, bokschining holatiga e’tibor qaratadi. “King — yaramas odam. U hayotimdagi eng yaxshi to‘rt kunni o‘g‘irladi. G‘alabadan xursand bo‘lish o‘rniga, komissiyaning qarorini kutdim”, — degandi Duglas.
Baster Yaponiyadagi jang uchun 1,3 million dollar oladi. Taysonning gonorari esa 6 million dollarni tashkil qilgan. Ammo butun dunyo bo‘ylab muxlislar jangning adolatli o‘tganiga shubha bilan qaraydi: ko‘pchilik Maykni mag‘lubiyat uchun “qora gonorar” olgan va keyinroq katta pul evaziga revansh o‘tkazadi degan fikrni ilgari surgan.