O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON M ILLIY UNIVERSITETI JIZZAX FILIALI
“PSIXOLOGIYA” fakulteti “IQTISODIYOT VA TURIZM” kafedrasi “IQTISODIYOT ” yo`nalishi “MIKROIQTISODIYOT” FANIDAN MUSTAQIL ISH Mavzu: Talab elastikligi
BAJARDI: Yo’ldoshev Sh. QABUL QILDI: Norbekov X. Jizzax_2023 Reja: 1 Talab tushunchasi va qonuni 2 Talab va va uni hisoblash 3 Elastiklik turlari hamda foydalanish holatlari
Talab tushunchasi va qonuni Talab — bu pul mablag’lari bilan ta’minlangan ehtiyojning bozorda namoyon bo’lishidir. Boshqacha aytganda talab to’lov qobiliyatiga ega bo’lgan ehtiyojdir. Ko’ylak olgingiz keldi, lekin pulingiz bo’lmasa, u xohishligicha qoladi, pul bo’lgandagina u talabga aylanadi. Talab o’z ichiga aholining iste’mol buyumlari va xizmatlarga, tovar ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy resurslarga talabi, turli tashkilot, muassasalar talablarini oladi. Ayrim xaridor, turli iste’molchilar, guruhiy yoki butun mamlakat miqyosida xarid qilib olishni xohlayotgan aniq turdagi tovar hajmi talab qilingan tovar miqdori deyiladi.
Iste’molchilar xarid qilishni xohlayotgan tovarlar bilan xaridorlar tomonidan real sotib olingan tovarlar miqdorini farqlash kerak. Chunki, ular mos kelmasligi mumkin. Sababi, xohlaganlariga qaraganda kamroq sotib olishlari mumkin. Bu shu tovarni sotib olish uchun zarur miqdorda pulga ega emasliklarini ko’rsatadi. Odatda, talab deganda eng avvalo, aholi talabi nazarda tutiladi. U yuqori darajada dinamizm — o’zgarishi bilan ajralib turadi. Aholi talabiga ko’ra ishlab chiqarish talabi shakllanadi.
Umuman iste’molchilar talabini ikkiga bo’lish mumkin:
1. Individual talab — ayrim alohida xaridorning talabi.
2. Bozor talabi — xaridorlarning turli xil tovarlarni sotib olishga bo’lgan talablarining yig’indisi.
Qanday ehtiyojlarni qondirishlariga ko’ra talab quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1. Fiziologik talab — oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joy, shunga o’xshashlar.
2. Ijtimoiy-psixologik talab — obro’-e’tibor, moda va boshqalar.
3. Iqtisodiy talab — daromad, narx-navo va shunga o’xshashlar.
4. Sotsial talab — turmush darajasi, jamiyatdagi muhit va boshqalar.
Tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talabning qondirilish darajasiga qarab: qondirilishi kechiktirilgan talab, barqaror qondirilgan talab, normal talab, aynigan talablarga bo’linadi.
Kechiktirilgan talab nosog’lom iqtisodiyot va muvozanati buzilgan bozorga xos. Uning ortib borishi iqtisodiy tanglikni, inqirozni yanada chuqurlashtiradi, inflyatsiyani kuchaytiradi. Korxona, tashkilot, aholi qo’lida to’plangan pul bozorga tazyiq o’tkazadi. Talab borgan sari o’sib boradi. Buning sababi:
— ehtiyojlar o’sib boradi;
— daromadlar o’sadi;
— mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish o’sadi. Muvofiq ravishda taklif o’sadi;
— madaniyat yuksalib boradi.
Talab odatda tez o’zgaradi. Talab o’zgarishi deganda u yoki bu tovarga bo’lgan talabning absolyut miqdorining o’zgarishi tushuniladi. Tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talabning o’zgarishiga juda ko’p omillar ta’sir qiladi. Ularning barchasini sanab o’tish qiyin. Lekin asosiylarini ko’rsatish mumkin.
1. Talabga, eng avvalo narx ta’sir qiladi. Talab bilan narx o’zaro funktsional bog’langan bo’lib, birining o’zgarishi, albatta ikkinchisida namoyon bo’ladi. Ko’p omillarning o’zgarishi oxir-oqibat narx o’zgarishi orqali yuzaga keladi.
2. O’rinbosar tovarlarning narxi. O’rinbosar yoki bir-biriga bog’liq tovarlarning bo’lish yoki bo’lmasligi talabga katta ta’sir ko’rsatadi. Asosiy tovarning narxi yuqori bo’lib, o’rinbosar tovarlarni narxi arzon bo’lsa, o’rinbosar tovarlarga talab ortadi yoki aksincha. Masalan, sariyog’ bilan margarin, qo’y go’shti bilan mol go’shti va h.k. Yana shunday tovarlar borki, ular bir-birini to’ldiruvchi hisoblanadi. Aytaylik, benzinning narxi past bo’lsa, mashinada ko’p yuriladi, u o’z navbatida motor moyiga bo’lgan talabni ko’paytiradi. Aksincha, benzin narxining oshishi motor moyiga bo’lgan talabni kamaytiradi. Demak, benzin va motor moyiga bo’lgan talab bir-biriga bog’liq, bir-birini to’ldiradi.
3. Xaridor didi, ta’bi, moda o’zgarishi. Mavjud tovar turi uchun iste’molchilar didining o’zgarishi yoki afzal ko’rish, ya’ni modaning xaridor didiga mos kelishi shu tovarga bo’lgan talabning ortishiga sabab bo’ladi. Yoki aksincha holat yuz berishi mumkin.
4. Xaridor daromadi. Ta’kidlab o’tganimizdek, talab haqida gapirganimizda to’lov qobiliyatiga ega bo’lgan talabni nazarda tutamiz. Shuning uchun uni hajmiga ta’sir qiladigan muhim omil aholi daromadi. Xaridorlar daromadining o’zgarishi kundalik ehtiyoj mollariga qaraganda uzoq muddat foydalanish mumkin bo’lgan tovarlarga ko’proq ta’sir qiladi. Boshqacha aytganda daromadning o’sishi sanoat tovarlariga mebel, gilam, changyutgich, televizor, musiqa asboblari va boshqalarga bo’lgan talabni oshiradi.
5. Kutiladigan o’zgarishlar. Hozirgiga nisbatan tovarlarning kelgusi narxi va bo’lg’usi daromad iste’molchilarning talabini o’zgartiradi. Kelajakda narxlar ko’tarilishi kutilsa, xaridorlar kelajakda daromadlarini yo’qotmaslik uchun tovarlarni ko’proq sotib olishga harakat qiladilar. Talab ortadi. Aksincha, narx tushishi yoki daromadning kamayishi kutilsa, joriy talab pasayadi.
6. Demografik omil. Bozordagi talabga xaridorlar soni, yoshi, jinsi, ma’naviy ahvoli, mintaqaviy, milliy psixologik omillar ham ta’sir qiladi. Mintaqaviy omilga iqlim sharoiti, ishlab chiqarishning tuzilishi, mahalliy urf-odatlar, milliy omilga mamlakat doirasida ehtiyojning yuksalish darajasi, umumiy iste’mol darajasi, milliy-diniy an’analar va ko’nikmalar, xalqaro tovar reklamasi va axborotlarning mavjudligi va boshqalar kiradi. Natijada bir mamlakatda yaratilgan tovarlarga talab, shu tovar yo’q, ya’ni ishlab chiqarilmaydigan mamlakatda ham talab uyg’otadi.
Tovar narxi va sotib olinadigan tovar miqdori o‘zgarishi o‘rtasida bo‘ladigan teskari yoki qarama-qarshi bog‘liqlik talab qonuni deyiladi.
Tovar narxi va uning xarid qilinadigan miqdori (talabning) o‘rtasidagi teskari bog‘liqlikni oddiy ikki o‘lchamli grafikda ham tasvirlash mumkin: yotiq chiziq bozor talabi miqdorini, tik chiziq narxni ko‘rsatadi.
Talab egri chizig‘i
so‘m
700
600
500
400
300
200
100
0
P
D
10 20 30 40 50 60 Q,tonna
Grafikdagi DD chiziq narx va talab hajmi o‘rtasidagi teskari bog‘liqlikni tasviriy aks ettiradi. Undagi har bir nuqta tovarning aniq narxi va iste’molchi shu narxda sotib olishi mumkin bo‘lgan tovar miqdorini ko‘rsatadi.
Narx va talab hajmining o‘zgarishi o‘rtasidagi teskari bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi bu chiziq talab egri chizig‘i deyiladi.
Talabni o’rganganimizda boshqa omillarni o’zgarmaydi deb narxni o’zgarishi talabni o’zgarishiga qanday ta’sir etishini ko’rib chiqdik. Endi xuddi shunday tarzda taklifni ko’rib chiqaylik. Xuddi talab kabi taklifni ham xususiy va umumiy takliflarga ajratish mumkin. Dastlab, tovar narxi o’zgarganda ayrim sotuvchi qanday ish tutishini ko’rib chiqaylik. Bir kg tovar narxi 100 so’m bo’lsa, taklif 10 kg, narx 120 ga ko’tarilsa 12 kg va hokazo tarzida taklif etiladi. Bu yerda narx va miqdor o’rtasidagi bog’lanishini ko’rish mumkin. Tovar uchun narx qancha yuqori bo’lsa, bozorga ishlab chiqaruvchilar tomonidan shu tovarni shuncha ko’p miqdorda taklif etiladi, negaki tovar sotuvchi olayotgan puli (tushumi) tovarning narxi oshishi bilan ko’payib boradi. Bu holat ularni mavjud tovar ishlab chiqarish hajmini o’stirishga undaydi.
Demak, narxni o’sishi taklifni o’sishiga, pasayishi taklifni pasayishiga olib keladi. Bu matematik nuqtai nazardan to’g’ri proportsional bog’lanishdir. Mana shu bog’lanish, ya’ni narxni ortishi taklifni ham ortishiga, aksincha pasayishi taklifni ham pasayishiga olib kelishi taklif qonuni deb ataladi. Albatta, taklifni ko’payishi xarajatlarni ham ko’paytiradi. Agar qo’shimcha tovarlarni sotishdan tushgan daromad (tushum) ularni ishlab chiqarish va bozorga keltirish xarajatlarini qoplamaydigan bo’lsa, narx oshishiga qaramay, taklif ko’paymaydi. Boshqa tomondan, agar narx pasaygan holda ishlab chiqarish va sotish xarajatlari yanada ko’proq kamaysa, unda tovarni taklif qilish ko’-payishi mumkin. Ayrim bir tadbirkor faoliyatiga to’g’ri keladigan taklif qonuni jami tadbirkorlar, biznesmenlar faoliyatiga nisbatan ham o’z kuchini saqlab qoladi. Shu sababli jami taklif asosan xususiy takliflarga oid omillarning amal qilishiga bo’ysunadi.
Narx osha boshlasa, uni ishlab chiqarishga shuncha ko’p tadbirkorlar jalb etiladi. Natijada taklif qilinadigan tovarlarning miqdori ancha ko’payadi. Agar narx yanada oshib boraversa, payti kelib «narxlar tushishi» boshlanadi. Ishlab chiqarishni kengaytirishning zarurati tugaydi va ishlab chiqarilgan Tovar miqdori ma’lum darajada narxga bog’liq bo’lmagan ravishda barqarorlashadi.
Talab qonuni narx bilan bog’liq ravishda talabning o’zgarishini ko’rsatadi, lekin uning qay darajada o’zgarganini ko’rsatmaydi. Iqtisodiy vaziyatni to’g’ri baholash uchun esa talabni qanchalik o’zgarishini bilish muhim ahamiyatga ega.
Shunday mahsulotlar borki, narxning ozgina o’zgarishi xarid qilinayotgan tovar miqdorini ancha o’zgarishiga olib keladi. Ba’zi mahsulotlar esa narxini kattagina o’zgarishidan qat’i nazar sotib olinadigan tovar miqdorini o’zgarishiga uncha ta’sir qilmaydi. Iqtisodchilar narxlarning o’zgarishi talabning qanday o’zgarishiga olib kelishini ifodalovchi ko’rsatkich sifatida iqtisodiy nazariyaga talab elastikligi tushunchasini kiritishgan. Bozor iqtisodiyotida talab elastikligi muhim iqtisodiy tushuncha bo’lib, u xaridorning bozorda tovar va narxlar o’zgarishiga reaktsiyasini, ya’ni narxning o’zgarishi xaridorga qanday ta’sir qilishini ifodalaydi.