3.Bolada axloqiy va madaniy malakalarni shakllantirishda oilaning roli Oilada kattalar obrusi qo‘rqitish asosida vujudga kelmasdan, balki samimiylik, iliq hurmat zamiriga qurilishi maqsadga muvofiqdir. Oila a’zolarining inoqligi, xatti-harakati, kiyinishi, mehnat faoliyati, o‘zga kishilar-to‘g‘risidagi suhbatlari va ularning boshqa sifat hamda fazilatlari bolaning murg‘ak tasavvuriga yangi timsollarni olib kiradi. Kichik yoshdagi bolalar tarbiyaga beriluvchan hamda kattalarga ishonuvchan bo‘ladilar. Ota-onalar ularning bu xususiyatlarini inobatga olgan holda muloqotda bo‘lsalar, oilada totuvlik qaror topadi. Shu fazilatlar bola ongiga singib boradi va u kelajakda axloqiy sog‘lom o‘smir bo‘lib yetishadi.
O‘smirlik davrida (11—15 yoshlar) bolalarning ruhiy dunyosida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Bu o‘zgarishlarga qator sabablar ta’sir qiladi. Jumladan, uning biologik jihatdan taraqqiyoti, jinsiy o‘sishi, pedagogik jamoa kulamining kengayishi, qurshab olgan muhit ta’siri va boshqa omillar. Ana shu omillar ta’siri natijasida uning ruhiyatida keskin burilish yasaladi. Shuning uchun maktabda, oilada va ko‘cha-kuyda o‘zini tutishi o‘zgaradi; axloqiy masalalarga qarashi boshqacharoq tus oladi. Xuddi shu davrda o‘smirlarda shaxsiy fikrini ma’qullash, boshqalar fikriga tanqidiy munosabatda bo‘lish, kamchiliklariga o‘z vaqtida iqror bo‘lmaslik, o‘jarlik, o‘zbilarmonlik, o‘zini kattalardek his etish kabi xususiyatlar ko‘zga tashlana boshlaydi.
Ota-onalar o‘smirlar bilan muloqotga kirishishda ularning izzat- nafsiga tegmasligi hamda kalaka qilmasligi zarur. U holda ota-onaga bo‘lgan mehru muhabbat, samimiy hurmat o‘rnini nafrat, hasad egallashi mumkin. hamisha ularga haqiqatni silliq muomala orqali tushuntirish darkor.
O‘smirlarning jinsiy tarbiyasiga rahnamolik qilishi ota-onalarni farzandlarga yanada yaqinlashtiradi. Ota-onalar ularning murabbiysi, maslahatgo‘yi, sirdoshi rolida hayot maydoniga otilib chiqadilar. O‘smirlarning yurish-turishi, mehr-oqibati, aqliy kamoloti turlicha bo‘ladi. Shuning uchun ular bilan muomala qilishda shaxsiy xususiyatlarini hisobga olgan holda ish tutilsa, oilada o‘zaro tushunish, totuvlik, hamjihatlik, ruhiy moslik vujudga keladi. Bu yerda otaning onaga yoki aksincha, bir-birlariga qilgan munosabatlari ham shu iqlim shart-sharoitlariga tubdan mos tushishi shart. Chunki ota-onaning o‘zaro totuv hayot kechirishi oilaning tarkib topishi borasidagi asosiy omildir. Xalqimiz shuning uchun ham «eru xotin qo‘sh ho‘kiz» deb aytishgan.
O‘spirinlar (16—18 yoshlar) o‘zlarining ruhiy xususiyatlari bilan boshqa yosh davrdagi bolalardan keskin farq qiladilar. Ular ham jinsiy, ham jismoniy, ham aqliy jihatdan voyaga yetgan, kamolotga erishgan, dunyo qarashi, o‘z-o‘zini boshqarishi kabi yetuk insoniy xususiyatlari tarkib topgan bo‘ladi. Shu tufayli ular vazmin, mulohazali bo‘ladilar, katta yoshdagilarga hurmat-ehtirom bilan qaraydilar. Ular uzoqni ko‘zlaydigan, kelajak uchun qayg‘uradigan, ota-onalarining yaqin yordamchisiga aylanadilar. Shuning uchun ota-onalar o‘spirin farzandlari bilan maslahatlashib ish tutishlari, didlariga, mulohazalariga quloq solishlari, umuman ularning ra’yiga qarashlari, ko‘p o‘rinda hisoblashishlari lozim.
Ba’zan o‘spirinlar ichida tarbiyasi qiyinlar ham uchraydi. Ota-onalar ularga nisbatan boshqacharoq yo‘l tutishlari, nopok yo‘llarga boshlovchi sabablarni aniqlashi hamda unday illatlarga qarshi kurash olib borishlari shart. Agar oiladagi ruhiy iqimga hadeb salbiy ta’sir etaversa, u holda pedagogika jamoasiga va kamoatchilikka murojaat qilgan ma’qul.