Mahalla, oila va maktab hamkorligini uzviyligini taminlash.
Oilalargako'rsatiladiganijtimoiy-pedagogikyordam. Alohida ijtimoiy institut sifatida oila o'zining tarbiya uslubi, tajribasiga ega. Biroq, bugungidek, tezkor davrda ota-onalarning barchasi ham yetarli darajada pedagogik bilimlarga ega emaslar. Bu esa o'z-o'zidan ta'lim muassasalari tomonidan oilalarga ijtimoiy- pedagogik yordam ko'rsatilishini taqozo etadi. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan oilalarga ko'rsatiladigan yordam uch asosiy xususiyatga ega bo'ladi. Ya'ni: 1) ta'limiy – ta'lim berish va tarbiyalash; 2) psixologik – ruhiy jihatdan qo'llab quvvatlash, ruhiy zo'riqishlarni bartaraf etish va qayta tiklash; 3) vositachilik – tashkil etish, ta'lim va tarbiyada yuzaga keluvchi muammolarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etish orqali bola xulq-atvoridagi og'ishlarni yoki fiziologik nuqsonlarni bartaraf etish hamda zarur axborotlar bilan ta'minlash.Oilalarga ijtimoiy-pedagogik yordam ko'rsatishning dastlabki bosqichida ijtimoiy-pedagog tomonidan “Oila xaritasi”ning shakllantirilishi jarayon muvaffaqiyatini ta'minlaydi. “Oila xaritasi” shartli ravishda ikki qismga ajratiladi.
Ya'ni: 1) asosiy qism – unda oilaning har bir a'zosining tavsifi, tug'ilgan sanasi, oila maqomi, yashash sharoitlari, qo'shnichilik, oilaning diniy va milliy mansubligi to'g'risidagi ma'lumotlar aks ettiriladi;
2) ilova – unda oilada bola tarbiyasini tashkil etish jarayonining mohiyati (ota-onalarning bola tarbiyasi uchun ajratayotgan vaqtlari, uning shakllari, bu jarayondagi faoliyatlari, farzandlar shaxsini yorituvchi (masalan: bolaning qiziqishlari, xohish-istaklari, intilishlari, do'stlari, salomatligi holati va boshqalar to'g'risidagi) ma'lumotlar yoritiladi.
Ota-onalar tomonidan qo'yilayotgan talablarning aksariyati bolalarning yosh, psixologik va shaxsiy imkoniyatlariga muvofiq kelmaydi. Natijada talablar garchi ijobiy mazmunga ega bo'lsa-da, o'z natijalarini bermaydi. Aksincha, bolalarda ularga nisbatan jiddiy norozilikni keltirib chiqaradi.
Ba'zan o'smir axborot ko'lamining kengligi, tashqi g'oyaviy ta'sirlar tufayli muayyan vaziyatlarda qat'iy qarorlar qabul qilishga qiynaladi. Kuzatishlar umumiy o'rta ta'lim maktablarida amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar aksariyat holatlarda bolalarning mavjud ehtiyojlariga javob bermayotganligini ko'rsatadi. Ayrim tadbirlar tarbiyaviy tadbirlar rejasining bajarilishi uchungina tashkil etilayotgan bo'lib, o'quvchilarning xohish-istaklari, qiziqishlari hamda hayotiy intilishlarini inobatga olish asosida uyushtirilmaydi. Shuningdek, oilada ham muayyan vaziyatlarda ota-onalarning noto'g'ri yo'l tutishlari, o'z istaklarini bolalarning ehtiyojlaridan ustun qo'yishlari tufayli ichki ziddiyatlar yuzaga kelmoqda. Natijada ular hech qanday tarbiyaviy ta'sirga ega bo'lmayapti.
Mavjud maishiy qulayliklar, texnika taraqqiyotining tezkor rivoji zamonaviy shaxs ehtiyojlari ko'lamining kengayishiga sabab bo'lmoqda. Bugungi kunda yoshlar hayotida ommaviy axborot vositalari yetakchi o'rin egallagan bo'lib, endilikda pand-nasihatlar yordamida ularning axborot vositalari ta'siridan xalos etish mumkin emas. Shu bois oilaviy tarbiyani tashkil etish jarayonida zamonaviy yondashuvlarni ham qaror toptirishga erishish – pedagogik jihatdan eng to'g'ri yo'l sanaladi. Zamonaviy yoshlarda mustaqil rivojlanishiga bo'lgan intilish kuchli. O'z- o'zini tarbiyalash ko'p ijtimoiy tarbiyadan ilgarilab ketishga imkon yaratadi hamda pedagogik faoliyatni yo'lga qo'yayotgan sub'ektlarga ma'lum vaziyatda qanday yo'l
tutish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Natijada tarbiya jarayonining mantiqi buziladi.
Talablarning bolalar yoshi, psixologik xususiyatlari hamda shaxsiy imkoniyatlariga mos kelishiga erishish ma'lum pedagogik masalalarning eng maqbul yechimlarini topishga imkon beradi.
Ota-onalar bolalarning kundalik faoliyatini tashkil etar ekan, o'z ko'rsatmalari bilan ularning ayrim xatti-harakatlarini rag'batlantiradi. Ularga nisbatan ayrim mulohazalarini bildiradilar, tanbeh beradilar yoki qo'llab-quvvatlaydilar. Odatda ota-onalar tomonidan bildirilayotgan ayrim ko'rsatmalar qisqa, asosli bo'lib, qisman bolalarni majbur qilishga yo'naltirilsa, boshqalari vaziyatlar mohiyatini batafsil tushuntirish, ushbu jarayonlarda harakatlanish yo'nalishini tushuntirishga xizmat qiluvchi yo'l-yo'riqlar ko'rinishida bo'ladi. Talablarning bir guruhi bolalarni muayyan faoliyatga jalb qilish zarurati tufayli, boshqa guruhi esa bolalarni ma'lum faoliyatni tashkil etish ko'nikma va malakalarini o'zlashtirishga yo'naltirish ehtiyoji asosida qo'yiladi; yana bir guruhii bolalar tomonidan tashkil etilayotgan o'rinsiz va noto'g'ri harakatlarni to'xtatishga xizmat qilsa, to'rtinchi guruhga kiruvchi talablar bolalarning muvaffaqiyatli faoliyatlarini rag'batlantirish, ularni qo'llab- quvvatlashga imkon beradi. Ota-ona tomonidan berilgan barcha tushuntirish, ko'rsatma, mulohaza va tanbehlar pedagogik ta'sir ko'rsatishning ana shu eng muhim metodi bo'lgan talabning turli shakllari hisoblanadi. Shu bois ota-onalar talabchan bo'lmasa bolalarning o'quv va ijtimoiy-foydali faoliyatini samarali tashkil etishni tasavvur etib bo'lmaydi.
Tajribali ota-onalarning faoliyati kuzatilganda ularning o'z farzandlariga keng ko'lamli harakat dasturini tavsiya etishlari ma'lum bo'ldi. Talab metodi mazkur dastur talablarini bolalarning xatti-harakatlarida namoyon bo'lishi uchun yordam beradi. Ularning yana bir yutuqlari shundaki, farzandlarining har biri qachon va qanday faoliyat bilan shug'ullanayotganliklaridan doimo xabardor bo'ladilar.
Talablar bola hayotining boshlang'ich davrida, ayniqsa, muhim rol` o'ynaydi. Binobarin ushbu bosqichda oilaviy munosabatlarning mazmuni, yo'nalishi, ma'naviy-axloqiy darajasi, bolalar tomonidan u yoki bu harakatlarning bajarilish holati, ota-onalar hamda farzandlar o'rtasidagi munosabatlar mohiyati ota- onalarning talabchanliklariga ko'p jihatdan bog'liq.
Faol ijtimoiy faoliyatni tashkil etishga rag'batlantirish, kelajakka bo'lgan ishonchni qaror toptirish bolalarda o'z oldilariga to'g'ri hayotiy maqsadlarni qo'ya olish ko'nikmalarini shakllantiradi. Mazkur jarayonda talab bolalarning yosh, psixologik va shaxsiy imkoniyatlarini inobatga olish asosida qo'yilishi pedagogik jihatdan to'g'ri hisoblanadi. Oqilona maqsad bolalarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga imkon berish bilan birga, ularning qiziqishlari darajasini oshiradi.
Yoshlarda ijobiy fazilatlarni shakllantirish va ularni boyitish, ular tomonidan o'zi hamda jamiyat uchun foydali xatti-harakatlarning tashkil etilishiga erishish maqsadida qo'shimcha rag'batlantirish, shuningdek, ularni zararli odatlardan xoli qilish maqsadida izza qilish metodidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Mazkur metod o'ziga xos xususiyatga egaligi bois ularni qo'llash jarayonida ota-onalardan alohida ehtiyotkorlik va pedagogik mahorat talab qilinadi.
Jamoatchilik fikri (oddiy munosabatlar jarayonida “ko'pchilik (boshqalar)ning fikri” tarzida qo'llaniladi) o'zbek mahallalari, qishloq, shaharlarida qadimdan ijtimoiy tarbiyaning ta'sirchan metodi bo'lib kelgan. U asosida jamiyat a'zolarining umum tomonidan tan olingan ma'naviy- axloqiy me'yorlarga amal qilish holati tahlil qilib borilgan, shuningdek, ijtimoiy-foydali mehnat (hashar, saxovat va hokazolar) har tomonlama va muntazam rag'batlantirilib borilgan.
Ushbu metod oila muhitida ham tarbiyaviy masalalarni to'liq amalga oshirishga yordam beradi. Ya'ni, bolalarning ijtimoiy faolligi hamda shaxsiy kamolotini ta'minlashga yordam beradi.
Biroq sobiq ittifoq davrida tarbiya tizimida ustuvor o'rin tutgan «yagona sovet xalqini shakllantirish» g'oyasi, yoshlarni nomilliy ruhda tarbiyalash borasidagi qarashning asorati bugungi kunda ham sezilib turadi. Quyidagi misol fikrimizning yorqin dalilidir: “bugun bir mudhish voqeani eshitdim. Qarshida bir yigit 81 yoshga kirgan otasining boshiga tayoq bilan urib o'ldirib qo'yibdi. Buni qanday qilib tushuntirish mumkin? Islom ruhida, o'zbekchilik ruhida tarbiyalangan odamlar, o'zbek udumlari asosida tarbiya topgan odam shunday ish qilishi mumkinmi? Men buni tushuntirolmayman, nima bilan izohlashni ham bilmayman. Otasi ming yomon, yaramas, badbaxt odam bo'lsin, lekin farzandi unga tik qarashga, qo'l ko'tarishga haqli emas” .Ota-onalar tomonidan oila tarbiyasini tashkil etishda qo'llaniladigan metodlar mohiyati xususida alohida-alohida to'xtalishdan oldin ularni muvaffaqiyatli qo'llashning umumiy qoidalari borasida so'z yuritib o'tish maqsadga muvofiqdir.Oila tarbiyasi metodlaridan samarali foydalanishning zarur sharti – oila muhitida ota-onalar va bolalar o'rtasidagi psixologik, shu jumladan, fikriy birlikning qaror topishiga erishish sanaladi.
Ota-onalar bilan farzandlar o'rtasidagi munosabatlarning oila tarbiyasining mohiyati nimada?
Bu savolga oila tarbiyasining boshqa tarbiyaviy yo'nalishlardan asosiy farqi – bolaga shaxs sifatida munosabatda bo'lish, uning kamolotiga nisbatan milliy xususiyatlarni yorituvchi talablar qo'yishda deya javob berish mumkin.