Mahalliy byudjetlar moliyaviy barqarorligini ta’minlashda byudjetlararo munosabatlar tahlili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699- sonli qarorining 16-bandiga asosan mahalliy hokimiyat organlarining barcha hisoblangan soliqlar bo‘yicha yig’uvchanlik to‘liqligi, yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, ishlamayotgan, iqtisodiy nochor korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek mahalliy byudjetlar xarajatlari samaradorligini oshirish hisobiga mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlanishidan manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida 2017 moliya yilidan boshlab bir qator yangi tartiblar belgilandi:
Byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish va byudjetning qo‘shimcha manbalarini shakllantirishga qaratilgan o‘zgarishlar quyidagilar hisoblanadi:
Davlat byudjeti daromadlarining umumiy prognozi o‘sib borish tartibida tegishli ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha bajarilgan taqdirda Qoraqalpog’istan Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjeti, Toshkent shahrining shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlarining daromadlarini prognozdan oshirib bajarilgan qismi to‘liq hajmda tegishli byudjetlar ixtiyorida qoldirilishi belgilandi.
Shunga ko‘ra, Moliya vazirligining 2017 yil 3 yanvardagi 2-sonli buyrug’i tegishli bandi Qoraqalpog’istan Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjeti, Toshkent shahrining shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlarining daromadlarini prognozdan oshirib bajarilgan qismini aniqlash bo‘yicha amaldagi idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish va bunda davlat byudjeti daromadlarining umumiy prognozi tegishli ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha o‘sib borish tartibida aniqlanganda oshirib bajarilgan qismi to‘liq hajmda Qoraqalpog’istan Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjeti, Toshkent shahrining shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlari ixtiyorida qolishi ko‘zda tutilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qarorga muvofiq xarajatlar smetasi ijrosi jarayonida hududiy moliya organlari tomonidan to‘rtinchi guruh xarajatlari bo‘yicha maqbullashtirilgan byudjetdan ajratilgan mablag’lar Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining zahira jamg’armalarini to‘ldirishga yo‘naltirilishi va belgilangan tartibda foydalanilishi belgilandi.
Shunga ko‘ra, Moliya vazirligining 2017 yil 3 yanvardagi 2-sonli buyrug’i tegishli bandi bilan xarajatlar smetasi ijrosi jarayonida IV guruh xarajatlari bo‘yicha maqbullashtirilgan mablag’larni Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining zahira jamg’armalarini ko‘paytirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ- 2699-sonli Qarorining 16-bandi 4-so‘zboshisiga asosan aytish mumkinki, mahalliy byudjetlar uchun qo‘shimcha beshinchi manba kiritildi. Endilikda, Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlariga davlat daromadlariga olingan mulkni sotishdan tushgan tushumlar to‘liq hajmda, Toshkent shahar mahalliy byudjeti bo‘yicha esa 50 %i tegishli byudjetlarning tasdiqlangan parametrlaridan tashqari xarajatlariga yo‘naltirilishi va alohida shaxsiy g’azna hisobvaraqlarida hisobga olinishi belgilandi.
Davlat mulini xususiylashtirishdan Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetiga tushadigan mablag’larni Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishda foydalanilishi belgilandi. Bu bilan ushbu mablalardan foydalanish bo‘yicha maldagi tartib sezilarli darajada soddalashtiriladi va mablag’larni yo‘naltirish yo‘nalishlari kengaytiriladi.
Byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, subventsion hududlar soni va subventsiyalar miqdorini qisqartirish, shuningdek viloyat va tuman (shahar) byudjetlari o‘rtasida xarajatlar majburiyatlarini maqbul darajada
taqsimlash maqsadida 2017 yilda quyi byudjetdan moliyalashtiriladigan ayrim xarajatlarni yuqori byudjetga o‘tkazildi.
Xususan, o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarini moliyalashtirishda yagona yondashuvni ta’minlash maqsadida, akademik litseylarni moliyalashtirish mexanizmi kabi, mahalliy hokimiyat organlarining kasb-hunar kollejlarini moliyalashtirish vakolatlarini respublika byudjetiga o‘tkazildi.