O’ZIGA XOS ISHQNOMA Doktor, professor Shayx Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining ushbu kitobi o‘ziga xos «ishqnoma», ham «pandnoma»dir. Kitobda bu ikki mavzu muxtasar, omuxta, asosli, dalilli yoritilgan. Har bir fikr, qarash, kuzatish, hayotiy tajriba o‘quvchini ruhiy va axloqiy kamol toptirishga, jamiyatda esa sog‘lom va pokiza muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan. Asarlarda ko‘zlangan mohiyat maqsad va xulosadan o‘quvchi tezda voqif bo‘ladi.
Har bir ma’rifiy mavzuda qissadan «hissa» bor. Mavzular bir-birini to‘ldiradi va yaxlit bir g‘oya asosida birlashadi. Bu g‘oya «Allohning sevgan quli bo‘lish»dir…
Muallif kuyunchaklik va ulkan mas’uliyat bilan abadiy saodat yo‘lini ko‘rsatadi. Sevgi, muhabbatning bosh manbai bizni yo‘qdan bor qilgan Allohu taoloni sevishga va uning rizoligini topishga undaydi. Bu yo‘lda samimiy bo‘lish va shunga erishish vositalarini ko‘rsatadi. Rasululloh hazratlarini, komil insonni, musulmon birodarini sevishni, hatto kofir bo‘lsa-da, musulmon bo‘lish imkoniyati bor bo‘lgan kishiga munosib muhabbat bilan muomala qilishni uqdiradi…
Asar ilohiy va majoziy ishq orasidagi tafovutni oydinlashtirib, «Majoz haqiqatning ko‘prigidir» hadisiga binoan majoziy ishqda ham Haq va haqiqatning timsoli borligiga ishora qiladi. Shu jihatdan ushbu kitob mumtoz adabiyotimizdagi ishqi ilohiy bilan bog‘liq fikru tuyg‘ularni chuqurroq anglashimizga, his qilishimizga yordam beradi.
Komil inson haqida ko‘p gapiriladi. Lekin komillikka olib boradigan yo‘llar, vositalar, axloqlar, tuyg‘ular, tushunchalar haqida mazmunli va asosli gapirish, yomon fe’lu xo‘y va xulqdan qutulishni ko‘rsatib berish ham oson emas. Zero, bu sohalardan bahs etish uchun ma’naviy huquq kerak…
Shayx hazrat ana shu jihatlarni katta hayotiy tajriba va ilmiy kuzatishlardan kelib chiqib, ma’qul va maqbul tarzda tushuntirib berganlar. Tarjimon esa asarni mahorat bilan
o‘zbek tiliga o‘girib, savobli ishga qo‘l urgan.
Kitobning nashr bo‘lishi omma uchun ham, ziyolilar uchun ham muhim. Zero, bunday kitoblar bugungi keng kitobxon ommasininggina emas, balki jamiyatning kelajagi bo‘lgan yoshlarni mukammal unib-o‘sishida ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Alloh taolo muallifni, tarjimonni va ushbu kitobdan bahramand bo‘lganlarni dunyo va oxiratda aziz va mukarram aylasin. Omin! Valhamdu lillohi rabbil olamin. Vallohu a’lam bis-savob!
Sayfiddin SAYFULLOH,
Filologiya fanlari nomzodi 2007 (Tashriflar: umumiy 5 756, bugungi 1)