Mahmud az-Zamaxshariy
Ko’hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo’shgan
ko’plab buyuk allomalar etishib chiqqan. Abul Qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug’
siymolardan biridir. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan "Ustoz ul-arab va-l-ajam" ("Arablar
va g’ayri arablar ustozi"), "Faxru Xvarazm" ("Xorazm faxri") kabi sharafli nomlar bilan
ataganlar.
Tarjimai hol
Az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan o’rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi
unchalik badavlat bo’lmasada, savodli, takvodor, diyonatli kishi bo’lgan va aksar vaqtini Kur’on
tilovatiyu namoz o’qish bilan o’tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-
Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.
Allomaning to’liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo’lib, u hijriy 467
yilning rajab oyining 27-kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri —
Zamaxshar qishlog’ida tavallud topdi. Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand bo’lgan.
Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko’p va oilasi katta bo’lgani tufayli
ham tirikchilik yo’lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.
Az-Zamaxshariylar oilasi islomning mutaziliy ta’limotiga mansub bo’lib, yosh Mahmudning
dunyoqarashi mana tu dindor, taqvodor otasining ta’sirida shakllandi va dastlabki bilimni ham
o’z otasidan oldi. Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog’i yog’ochdan
bo’lib, tarixchilar bu haqida: "Bir oyog’i yog’ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani
uchun ko’rgan odam uni cho’loq deb o’ylardi" — deb yozganlar.
Og’ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo’lib qolgan va shundan so’ng otasi uni endi OG’IR
mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo’ladi. Biroq
yoshligidan ilmga havasmand o’sgan Mahmud otasidan o’zini madrasaga o’qishga yuborishni
so’raydi. O’g’lidagi ilmga bo’lgan zo’r ishtiyoq va xavasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.
Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo’r iste’dodini
namoyon qila boshlaydi. U madrasada o’qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti,
diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o’sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik
san’atini ham mukammal egallab, o’z tirikchiligini birqadar tuzatadi.
So’ng, arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga etgach, bilimini
yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo’l oladi. Buxoro,
mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961—1138) iborasi bilan aytganda: "Somoniylar
davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg’or kishilari
jamlangan: er yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o’z davrining fozil kishilari yig’ilgan
(joy) edi".
Az-Zamaxshariy Buxoroda o’kishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo’lib,
kotiblik bilan shug’ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi,
fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko’rmagach, o’zga yurtlarga safar qiladi,
matlabu-maqsadlarining ushalishiga umid bog’laydi. 1118 yili az-Zamamiariy og’ir dardga
chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan
mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag’ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil
qaror qiladi.
Az-Zamaxshariyning o’z davri ilmlarini to’liq egallashga, olimlik darajasiga etishishida,
shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo’lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til,
lug’at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-
Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). At-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat
yashagan. Bu o’lkada mu’taziliylar ta’limotining joriy bo’lishi ham mana shu Al-Isfahoniy nomi
bilan bog’liqdir.
Az-Zamaxshariy Bag’dodda shayx ul-is-lom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-
Shaqqoniy, Abul Xattab ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oldi.
Makkada bo’lganida esa nahv va fiqh bo’yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn
Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, ash-shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lug’at
ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o’rgandi.
Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag’dod va Hijozda, ikki
marta Makkada bo’ldi. Olim 6u erda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va
lug’atatini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o’rgandi, bu
mintaqa jug’rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to’pladi.
Adib ko’p asarlarini Makkaligida yaratadi. O’z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-
Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh ("Olloxning qo’shnisi") degan
sharafli laqabga muyassar bo’ladi.
O’z davrining yirik olimi darajasiga ko’tarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning
boshqa ko’pgina shaharlarida ham ko’pdan-ko’p shogirdlari bo’lgan, alloma ko’p vaqtini
o’shalarga bag’ishlardi. U qarindosh-urug’larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror
marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand
o’stirishdan a’lo deb hisoblagan.
Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazm¬da bir necha yil yashaydi va hijriy 538
yilda arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi. 1333 yili Xorazmda sayohatda bo’lgan
mashxur arab sayyoxi ibn Battuta (1304-1377) "Ar-Rihla" ("Sayohatnoma") asarida az-
Zamaxshariyning ustida qubbasi bo’lgan maqbarasini ko’rganini yozadi.
Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi,
jug’rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha
etib kelgan.
Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida
salmoqli o’rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid "Al-Mufassal" (1121 yil) nomli
asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. "Al-Mufassal" arab tili
nahvu sarfini o’rganishda yirik qo’llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G’arbda ham shuhrat
topgan asarlardan hisoblanadi. Ko’pchilik olimlar o’z ilmiy qimmati jihatidan az-
Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796 yili vafot etgan) arab
grammatikasiga oid mashhur kitobidan keyin ikkinchi o’rinda turadi, deb ta’kidlaganlar.
O’sha davrning o’zidayoq arablar orasida ham bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini
o’rganishda asosiy qo’llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Xatto Shom (Suriya) hokimi
Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming
kumush tanga pul va sarupo sovg’a qilishni va’da bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib,
mukofotga ham sazovor bo’lganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining
o’sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini ko’rsatadi. Bu asarning bir qo’lyozmasi
Toshkentda, O’zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
"Al-Mufassal"ning ixchamlashtirilib, muxtasar holga keltirilgan nusxasi "Al-Unmazaj"
("Namuna") nomi bilan ataladi. Grammatikaga oid asarlaridan "Sharh abyat kitob Sibavayh" —
hozir zikr etganimiz Sibavayhning kitobiga yozilgan mukammal sharhdir.
Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag’ishlab yozilgan
"Muqaddimat ul-adab" asari alohida ahamiyatga egadir. Bu o’rinda shuni ta’kidlash kerakki,
xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Xukmdorlar, ayniqsa,
xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, o’zi ham iste’dodli,
ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi.
Uning davrida ilm-fan tarakdiyoti yo’lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu
sababdan bo’lsa kerak, az-Zamaxshariy "Muqaddimat ul-adab"ni uning nomiga bagishlab
yozgan. Asar besh katta qismga bo’lingan bo’lib — otlar, fe’llar, bog’lovchilar, ot o’zgartishlari
va fe’l o’zgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137 yillari yozib tugatlangan.
Az-Zamaxshariy o’z asarida o’sha davr arab tilining iste’molda bo’lgan barcha so’zlari,
iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor qilgan. Shu boisdan ham
az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo’nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga
haklimiz. "Muqaddimat ul-adab" arabchadan fors, chig’atoy, mug’ul va turk tillariga tarjima
qilingan. Manbalarda ta’kidlanishicha, asarning chig’atoy tilidagi tarjimasi az-Zamaxshariyning
o’zi tomonidan amalga oshirilgan. Zotan Xorazmshoh Otsizning tushunishi uchun asarning
arabcha matni bilan birgalikda chig’atoy tilidagi tarjimasi ham yaratilgan, deb bilish o’rinlidir.
"Muqaddimat ul-adab" yaratilgan davridan boshlab bir necha asrlar davomida olimlar,
tadqiqotchilar diqqatini o’ziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706 yili Xo’ja Ishoq Afandi
tomoni¬dan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. So’ngra Ovruponing bir qancha tillariga
(frantsuz, nemis) o’girilgan. Parij, Leyptsig, Vena, Leydan, Qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr
va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Nemis olimi Vatzastayn "Muqaddimat ul-
adab"ning Ovro’po qo’lyozma fondlaridagi ettita nusxasini qiyosiy o’rganib, 1850 yili
Leyptsigda asarning ikki jildlik tanqidiy matnini nashr etgan.
Asarning chig’atoy tilidagi tarjimasi o’zbek tili tarixini o’rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga
egadir. Bu haqda Sadriddin Ayniy 1921 yili "Mehnatkashlar tovuhi" gazetasiga yozgan
maqolasida "Az-Zamaxshariyning "Mukaddimat ul-adab" asari o’zbek tili uchun butun
dunyoning xazinasi bilan barobardir", deb yozgan edi.
Az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-
Sulaymon bilan do’st edi. Ibn Vahhos o’z mamlakatining jug’rofiyasi bilan juda yaxshi tanish
bo’lgan. Az-Zamaxshariy ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, o’zining Hijozga qilgan safaridan
olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan "Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh" ("Tog’lar,
joylar va suvlar haqida kitob") nomli asarida jug’rofiy joylar, tog’lar va dengizlarga doir
qimmatbaho ma’lumotlar keltiradi.
Mashhur arab olimi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179-1229) ham o’zining butun dunyoga
taniqli "Mu’jam al-buldon" ("Mamlakatlar qomusi") asari¬da Arabiston, hususan, Hijoz haqidagi
ma’lumotlarni az-Zamaxshariyning ushbu asariga tayanib yozgan. Az-Zamaxshariyning bu asari
Fapb olimlari o’rtasida ham keng tanilgan, 1856 yili Gollandiyalik arabshunos olim Salverda de
Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan.
Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo’yicha ham mukammal asarlar yaratgan.
Olimning "Asos al-balora" ("Notiqlik asoslari") asari asosan lug’atshunoslikka bag’ishlangan.
Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so’z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so’zlar
bilan ifodalash, so’z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog’at ilmlaridan
yaxshi xabardor bo’lishi kerak. Buning uchun so’zni to’g’ri, o’z o’rnida ishlatish, qoidaga
muvofiq so’zlash va yozish ham kerak bo’lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari,
frazeologik so’z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo’llari chuqur tahlil qilingan.
"Atvoq uz-zadab fi-l-mavoi’z va-l-xutab" ("Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar") —
nasihatomuz maqola har to’plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon
Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. O’ttiz yilcha
o’tgach, frantsuzchaga tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili esa usmonli turk
tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan.
Az-Zamaxshariyning "Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyar" ("Ezgular bahori va yaxshilar bayoni")
asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari
jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo’lyozma nusxasi Toshkentda, O’zR FA
Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham
qo’lyozmalari mavjud.
Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o’lmas asarlari hali u
hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur
hurmat va mehr bilan "Ustoz ul-arab va-l-ajam" ("Arablar va g’ayri arablar ustozi"), "Faxru
Xvarazm" ("Xorazm faxri") kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.
Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo’lib, QIZG’IN ILMIY
bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obru-e’tibor, ehtimol,
daho uning o’z asarlaridan birida "va in-niy fi Xvarazm kaabat ul-adab" ("Chindan ham men
Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman") deb yozishga asos bo’lgan bo’lsa kerak
Dostları ilə paylaş: |