Adabiyoti va sanʼati[tahrir | manbasini tahrirlash]
1904—1905-yillardagi rus-yapon urushi, 1905—1907-yillarda boʻlgan 1-rus inqilobi, 1905—1911-yillardagi Eron inqilobi, 1908-yil Turkiyada boʻlgan Yosh turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar oʻz gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida toʻplanishar edi. Ularning koʻpchiligi shu davrning koʻzga koʻringan ijodkorlari — shoir-u yozuvchilar edi. Ular oʻz asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr voqealariga hamohang bordi. 1910-yillardayoq maʼrifat va ozodlik gʻoyalari uning markaziy mavzuiga aylandi. Adabiyotga „millat“ va „vatan“ tushunchalari kirib keldi. Milliy sheʼrlarga ragʻbat kuchaydi. Yangi zamonaviy dostonchilik maydonga keldi, publitsistika (Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori, Mirmuhsin) rivojlandi, realistik proza shakllandi. Shuning uchun ham bu davr adabiyoti Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti deb davrlashtirildi.
Adabiyotdagi bunday uygʻonish, ayni vaqtda, shu davr madaniy hayotida ham roʻy berdi. Jadidlar oʻzbek xalqi hayotiga tom maʼnodagi milliy teatrni olib kirdi. Milliy matbaaning vujudga kelishi bilan kitob bosish ishi yoʻlga qoʻyila boshlandi. Yevropa koʻpovozli musiqa sanʼati bilan tanishgan jadidlar oʻzbek anʼanaviy musiqa uslublarini ham isloh qilishga daʼvat etishgan. 1919-yilda Toshkentning Eski shahar qismi (hozirgi „Turon“ kutubxonasi yonidagi bino)da jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (eski shahar) boʻlimi tashkil etildi. Shu tarzda jadidlar sanʼat vositasi bilan millat qadrini koʻtarish, sanʼatning deyarli barcha turlarini yuksaltirishga intildilar. „Oʻzbekiston Respublikasi“ maxsus jildining tegishli boʻlimlariga — adabiyoti, teatri, musiqasiga jadidchilikning aksar vakillari yoshlarga dastavval diniy taʼlim bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasini kun tartibiga qoʻydilar. Ular musulmon maktablarining taʼlim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangicha usuldagi maktablarni ochdilar. Behbudiy, Munavvarqori, Abdulvohid Burhonov, Abdulla Avloniy va boshqalar yangi usul maktablari uchun darsliklar yozib, nashr etishgan.