Gʻoya va maqsadlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa maʼrifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish. Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.
Turkiston mintaqasidagi asoschilari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Turkistonda jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxoʻja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev (Ubaydulla Xoʻjayev), Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov(Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Choʻlpon, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammadsharif Soʻfizoda (Fargʻona vodiysi), Boltihoji Sultonov, Rahmonberdi Madazimov, Fozilbek Qosimbekov (Oʻsh uyezdi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov (Xorazm) turardi.
Turkiston mintaqasidagi yoʻnalishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Turkiston mintaqasidagi jadidchilik harakati, tarqalish joyi va yoʻnalishiga koʻra, uchga boʻlinadi: Turkiston, Buxoro va Xiva jadidchiligi.
Turkiston jadidchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Turkiston jadidlari bilan Buxoro va Xiva jadidlari oʻrtasida bir muncha tafovut bor. Turkiston oʻlkasidagi jadidchilikning ijtimoiy asosini ziyolilar tashkil qildi. Ular chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi kurashning oldingi saflarida turib, chorizmning xom ashyo manbaiga aylantirilgan Turkistonning dastlab muxtor, soʻng mustaqil davlat boʻlishini yoqlab chiqdilar.
Buxoro jadidchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buxorodagi jadidchilik Turkistondagiga nisbatan ogʻir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi asosan Buxorodagi shahar aholisining taraqqiyparvar qismi: ziyolilar, mullavachchalar, mayda doʻkondorlar va maʼmurlar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Jadidlarning dehqonlar va askarlar oʻrtasida nufuzi avvaliga past boʻlgan. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi bilan chiqishdi. Ular dastlab Buxorodagi amirlik tuzumi doirasida islohotlar joriy qilmoqchi boʻlishdi. Buxoroda vobkentlik dehqon Joʻraboy ilk yangi usul maktabini ochgan edi.
Buxorodagi jadidchilik harakatiga ayrim johil mullalar, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani boʻlgan qadimiylar oqimi qarshi chiqdi. 20-asr boshlarida Buxoro jamiyati 2 guruhga: Ikrom domla rahbarligidagi taraqqiyparvarlar va Mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimiylarga boʻlingan edi.
1908-yil „Buxoroi sharif shirkati“ tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shugʻullandi. Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (Usmon Xoʻja), Homidxoʻja Mehriy, Abdulvohid Burhonov, Abdulqodir Muhiddinov, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Saʼdiy shirkatning tashkilotchilari edi. 1909-yil dekabrda jadidlar Buxoroda „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) maxfiy jamiyatini tuzishdi (asoschilari: Abdulvohid Burhonov, Homidxoʻja Mehriy, Ahmadjon Hamdiy, Mukammil Burhonov, Hoji Rafe). Bu jamiyat turkistonlik va buxorolik yoshlarni Istanbuldagi„Buxoro taʼmimi maorif jamiyati“ boʻlimiga oʻqishga joʻnatdi. Xorijdagi taʼlim yoshlar dunyoqarashida tubdan burilish yasadi. Jadidchilik Buxoro va Turkistonda bir vaqtda boshlangan boʻlsa ham, amirlikdagi ogʻir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi. 1910-yildan boshlab Buxoroda jadidchilik harakati tashkiliy tus oldi va „Tarbiyai atfol“ maxfiy jamiyati asosida partiya tashkil topdi.
Xiva jadidchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]
20-asr boshlarida Xivada shakllangan jadidchilik bir qadar boshqacharoq tarixiy shart-sharoitda vujudga keldi. U bu yerda asosan ikkita oqimdan iborat edi. Uning oʻng oqimi xonlikda rivojlanayotgan savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini oʻziga birlashtirgan edi. Bu oqimga Xiva xoni Asfandiyorxonning bosh vaziri Islomxoʻja boshchilik qilgan. Jadidchilikning oʻng oqimi oʻz oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazish orqali erkin bozor munosabatlarining rivojlanishiga keng yoʻl ochib berishni maqsad qilib qoʻygan edi.
Xivada jadidchilikning soʻl oqimi esa mayda sarmoyadorlar, hunarmandlar va xalqning turli tabaqa vakillarini birlashtirgan boʻlib, qozikalon Bobooxun Salimov uning rahbari edi. Ular Xiva xonligida yangi usul maktablari tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligini oʻstirish maqsadini qoʻyishgan edi. 1904-yil „jamiyati xayriya“ tuzilib, uning koʻmagi bilan Xiva shahrida dastlabki yangi usul maktabi ochildi (1904-yil 10-noyabrda). Xiva jadidlari maʼrifiy ishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, xon tuzumiga qarshi kurash ham olib bordilar. Birinchi jahon urushigacha Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan. Biroq jadidchilik harakati Xiva xonligida katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, 1914-yil avgustda u partiya shaklini olgan.
Dostları ilə paylaş: |