MAKTAB O’QUVCHILARINING INDIVIDUAL- PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARINI O’RGANISHNING AHAMIYATI
Abdusattorov Abduxalil Abduqaxxor o’g’li
Toshkent texnologiya menejment komunikatsiya instituti
Pedagogika va psixologiya
yo’nalishi 22.2 talabasi
Annotatsiya: O’quv jarayonini o’quvchi shaxsining yosh, psixologik va individual xolatlarini inobatga olgan holda tashkil etish, o’quvchining psixologik xolatini yaxshilash va darsga nisbatan munosabatini muvofiqlashtirish kabi ko’nikmalarni tashkil etishda psixologiyaning ahamiyati yuqori baholanadi. Ushbu maqolada maktab o’quvchilarining individual-psixologik xususiyatlari haqida bayon etiladi.
Kalit so’zlar: ekzopsixil, endopsixik, individual-psixologik xususiyat, reflektor, temperament, xarakter, emotsiyalar, motivatsion doiralar.
Inson shaxsi taraqqiyotida biologik va ijtimoiy omillarni o’zaro nisbati muammolari psixologiyada munozarali va murakkab masalalardan biri hisoblanadi.
Shaxsning barcha psixik ko’rinishlari uning hayoti davomida shakllanib boradi. Insonning individual–psixologik hususiyatlari deyilganda qobiliyatlar, temperament, xarakter, emotsiyalar, motivatsion doiralar tushuniladi. Bu psixologik hususiyatlar ajralmas tarzda mavjud bo’lib o’zaro bog’liq, shartlangan, inson faoliyatida bir–biriga birikib ketadi. Kishilarning individual hususiyatlarini hisobga olgan xolda va ular haqidagi bilimlar amaliy hayotda qo’llanilishi katta ahamiyatga ega bo’lib, ijtimoiy faoliyat va qobiliyatlarni to’liq rivoj topishida muhim rol o’ynaydi.Tarixiy jarayonning ayni bir vaqtda ham mahsuli, ham sub’ekti bo’lgan inson Shaxsi ijtimoiy tuzilishi bilan yonma–yon joylashayotgan va teng huquqga ega bo’lgan biologik to’zilishni saqlab qola olmaydi. Individ rivojlanishining tabiiy sharoitlari, uning jismoniy tuzilishi nerv va ichki sekretsiya bezlari sistemasi, jismoniy tuzilishidagi afzalliklari va nuqsonlari uning individual–psixologik hususiyatlari shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi. Lekin biologik omillar kishi Shaxsining tarkibiga singib ijtimoiy omilga aylanib qoladi va keyinchalik ijtimoiy shaklda mavjud bo’ladi. Shaxs shakllanishida uning ijtimoiy va tabiiy xislatlari birlikni tashkil etadi va Shaxsning mustaqil kichik tuzilishi sifatida bir– biriga o’zidan o’zi qarshi qo’yilmaydi. Psixologiyada shaxsda ikki omil biologik va ijtimoiy omillar ta’sirida shakllangan ikkita asosiy kichik struktura mavjudligini ta’kidlaydigan nazariya sezilarli o’rin egallaydi. Inson shaxsning o’zi «endopsixik» va
«ekzopsixil» tuzilishga ega, degan fikr ilgari surildi. Shaxs tuzilishining kichik strukturasi sifatidagi «endopsixik» to’zilish bamisoli kishining nerv–psixik to’zilishga o’xshash bo’lgan inson Shaxsining ichki mexanizmi kabi psixik qismlar va funktsiyalarning o’zaro ichki bog’liqligini ifoda etadi. «Ekzopsixika»ning tashqi muhitga munosabati bilan, ya’ni Shaxs qanday bo’lmasin, baribir munosabatga kirishishi mumkin bo’lgan va Shaxsga qarama–qarshi turadigan to’zilishlarning barchasiga munosabati bilan belgilanadi. «Endopsixika» moyillik, xotira tafakkur va hayol hususiyatlari, irodaviy zo’r berish, tashqi ta’sirlarga beriluvchanlik kabi boshqa xislatlarni, «ekzopsixika» esa kishi munosabatlari sistemasini va uning tajribasini, ya’ni uning qiziqishlarini, ideallarini, moyilliklarini, ustun darajadagi his–tuyg’ularini, shakllangan bilimlari va boshqa belgilarini o’z ichiga oladi. Tabiiy asosdagi
«endopsixika» ijtimoiy omil bilan belgilanadi, «ekzopsixika» esa biologik jihat bilan bog’liqdir.
Shaxsning shakllanishida biologik va ijtimoiy omillarning ahamiyatini bir qancha psixologlar ilmiy ishlarida izchil o’rgangan bo’lib, ulardan bir qanchalarining fikr va qarashlarini keltiramiz.
Amerikalik ruhshunos S.Xoll Gekkelning evolyutsiya qonuniyatini psixologiyaga ko’chirdi. Uning fikriga ko’ra, «irsiyat» filogenezni onogenezda takrorlaydi. Olimning talqinicha, go’daklik hayvonlarga xos rivojlanish pallasidan boshqa narsa emas, bolalik esa asosiy mashg’uloti ovchilik va baliqchilik bo’lgan qadimgi kishilarning davriga aynan mos keladi. 8-12 yoshlardagi o’sish davri yovvoyilikning oxiri va sivilizatsiyaning boshlanishiga teng. O’spirinlik esa jinsiy yetilishdan boshlanib yetuklik davrigacha romantizmga barobardir. Shveytsariyalik psixolog E.Klapared S.Xolldan farqli ravishda, ontegenez va filogenezda Shaxs psixik funktsiyasini o’rganish uchun quyidagi holatlarga ahamiyat beradi:
organizm ehtiyojini qondirish;
reflektor harakat to’siqqa duch kelsa, ongli harakat vujudga keladi;
v) unga nisbatan ehtiyoj sezsa, unda ma’lum faoliyat turiga yo’naltiriladi. Frantsuz psixologi E.Dyurkgeym o’sish–kishilarning his–tuyg’usini o’zlashtirish ekanini, shu tufayli, idrok qilingan tashqi fikrlar va emotsiyalar bolaning ruhiy faoliyatini ifodalanishini, bola tajriba, an’ana, urf–odatlarni taqlid orqali egallashini, biologiyada irsiyat qanchalik ahamiyatli bo’lsa, taqlid ham jamiyatda shunday o’rin tutishini uqtiradi.
Shveytsariyalik psixolog J.Piaje insonning kamol topishini bir necha davrlarga ajratib o’rganishi tavsiya etadi:
Bola–tashqi muhit–ma’lumotlarni qayta ishlash.
Tafakkur: a) ijtimoiy davrgacha; b) ijtimoiy davr.
Intellekt: a) sensomotor–2 yoshgacha b) operatsional davrgacha 2–7 yosh;
v) yaqqol operatsiyalar davri 8–12; g) rasman, formal operatsiya davri – 12–15 yoshgacha.
Shaxsning ekstrovert va introvert hususiyatlari shvetsariyalik medik va psixolog Karl Gustav Yung tomonidan 1923 yilda asoslab berilgan. Hozirgi kunga kelib psixologiya fanida Shaxsning iqtidor hususiyatlari, qobiliyatlarini aniqlash uchun Kettel, Spirmen, Bine, Ayzenk, Raven va boshqa testlardan foydalaniladi.
Qiziqish biron-bir sohada to`g`ri yordam beradigan motivdir. Individ uchun qiziqish, sub’ektiv tarzda olganda, bilish jarayoni tusini kashf etadigan ijobiy xissiy ohangda, ob’ekt bilan chuqurroq tanishishga, u haqda ko`proq bilish, uni anglab yetishga bo`lgan istakda namoyon bo`ladi. Qiziqishlar bilishning doimiy qo`zg`atuvchi mexanizmi sifatida namoyon bo`ladi. Qiziqishlar mazmuniga, maqsadlariga, miqyosiga va barqarorligiga ko`ra tasnif qilinishi mumkin. Kishidan ko`proq nimaga qiziqish paydo bo`lishi va uning bilish ehtiyojlari ob’ektning ijtimoiy qimmati psixologik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Maktabning eng muhim vazifalaridan biri
- o`smirlik yoki yoshlarning faol bilish va mehnat faoliyatiga rag`batlantiradigan va maktabdan tashqari ham saqlanib qolishi mumkin bo`lgan jiddiy va sermazmun qiziqishlarini uyg`otishdan iboratdir.
Qiziqishlar o`zining kengligi bo`yicha ham farq qiladi. bir xil odamlarda qiziqishlar bir sohaga qaratilgan bo`lishi mumkin, boshqalarda esa barqaror ahamiyatga ega bo`lgan ko`plab ob’ektlarga bo`lingan bo`ladi. Qiziqishlarning tarqoqligi ko`pincha Shaxsning salbiy xislati sifatida yo’zaga keladi, lekin ayni chog`da qiziqishlarning keng miqyosliligi kamchilik tariqasida talqin qilish noto`g`ri bo`lur edi.Shaxsning ko`ngildagidek rivojlanishi, ko’zatishlar ko`rsatilganidek, qiziqishlar miqyosining tor emas, aksincha keng bo`lishini taqozo etadi.
E’tiqod Shaxsni o`z qarashlariga, printsiplariga, dunyoqarashiga muvofiq tarzda ish ko`rishga da’vat etadigan motivlar tizimidir.
E’tiqod shaklida namoyon bo`ladigan ehtiyojlarning mazmuni-bu tabiat, tevarak- atrofdagi olam to`g`risidagi bilimlar va ularning muayyan tarzdagi tushunilishi demakdir. Bu bilimlar nuqtai nazarlar (falsafiy, estetik, ahloqiy, tabiiy-ilmiy va hokazolar)ning tartibga solingan va ichki uyushgan tizimini tashkil etgan taqdirda kishining dunyoqarashi sifatida talqin qilinishi mumkin. Dunyoqarash sinfiy xarakterga ega. Kishining fikrlari va g`oyalari, printsiplari uning butun hayoti mazmuni bilan, uning qarashlari tizimiga zarur tarkibiy qismi sifatida kirgan bo`ladi, kishi uchun alohida Shaxsiy mohiyat kasb etadi va shuning uchun ham u bu fikrlar va printsiplarni qaror topshirishga, ularni himoya qilishga, ularni boshqa odamlar ham ma’qul ko`rishlariga erishish uchun qat’iyan ehtiyoj sezadi.
Psixologiyada Shaxsning yo`l-yo`riqlari uning u yoki bu ehtiyoji qondirilishiga yordam berishi mumkin bo`lgan faoliyatga tayyorligining, moyilligining o`zi tomonidan anglanilmaydigan holatini belgilaydi. Masalan: birinchi sinf o`quvchilarining muallimaga nisbatan uning har qanday hatti-harakatlariga, shu jumladan biron bir boshqa kishida namoyon bo`lganida bolalarning qarshi harakatini qo`zg`atishi mumkin bo`lgan hatti-harakatlariga nisbatan ham hech qanday tanqidiy yondashish bo`lmaydi.
O`z “Men”ining mavjudligini his qilish shaxsning hali chaqaloqligi paytidayoq boshlanadigan va o’zoq davom etadigan hamda sobiq ittifoq psixologi I.S.Kon “Men”ning kashf etilishi” deb juda o`rinli atagan shakllanish jarayonining sezgirligi undan tashqaridagi buyumlar tufayli hosil bo`ladigan sezgilardan farqini anglay boshlaydi. So`ngra 2-3 yoshida bola buyumlar bilan o`z xususiy harakatlari jarayoni va natijasida hosil bo`ladigan hursandchilikning katta yoshdagilarning konkret harakatlaridan farqini ajratadi va kattalarga qarata: “Yo`q, men o`zim qilaman!” deydi. U endi o`zini atrofdagi muhitdan faqat ajratib olgan holda emas, balki o`zini boshqalarning hammasiga qarama-qarshi (“Bu seniki emas, meniki!”) qo`ygan holda o`zini birinchi marta o`zining xususiy harakatlari va hatti-harakatlari sub’ekti (bolaning nutqida Shaxsiy olmosh paydo bo`ladi) sifatida anglay boshlaydi. Bolalarda bog`cha bilan maktabga borishi oralig`ida va boshlang`ich sinflarda katta yoshdagilar, ota-onalar va o`qituvchilar yordamida hali o`z yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklarining sabablarinianglab yetish darajasida (“Men hammasidan “Besh” olib kelaman, matematikadan esa “uch” qo`yishgan, sababi men doskadan noto`g`ri ko`chirarkanman. E’tiborsizligim uchun Anna Petrovna necha martalab menga “ikki” qo`ygan”) o`zining psixik xislatlariga baho bera olish imkoniyatlari (xotira, tafakkur va hokazolar) paydo bo`ladi. Nihoyat o`spirinlik davrida va yoshlik davrida ijtimoiy hayotga va mehnat faoliyatiga faol qo`shilib ketish natijasida o`ziga ijtimoiy-ahloqiy jihatdan baho berishning kengaytirilgan tizimi shakllana boshlaydi, o`zini anglab yetish tugallanadi va “Men”ning siymosi asosan tarkib topadi.
Insonning eng yorqin xususiyatlaridan biri bu gapira olish qobiliyatidir. So’z inson psixikasi mavjudligining muhim shartidir. Muloqotsiz jamiyat xam mavjud bo’lmaydi. Muloqot bilish va mehnat faoliyati bilan bir qatorda inson Shaxsini shakllantiruvchi muhim faoliyat turi sifatida qaraladi.
Muloqot insonga xos bo’lgan faoliyat turlaridan biridir. Kishilar o’rtasidagi o’zaro ta’sirning muhim shakli bo’lib xisoblanadi. Muloqot-bu kishilar o’rtasidagi aloqa. Muloqot mehnat, o’qish yoki o’yin jarayonida kishilarning amaliy jixatdan o’zaro ta’sir etishi bilan tavsiflanadi. Birgalikda faoliyat muloqot bo’lishini talab qiladi. Aynan birgalikdagi faoliyatda inson boshqa kishilar bilan o’zaro ta’sirga kirishadi, ular bilan turli tuman aloqalar o’rnatadi, zarur natijaga erishish uchun birgalikda harakat qiladi. Bu yerda muloqot faoliyatning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo’ladi.
Muloqot shaxsning rivojlanishida katta ahamiyatga ega ,muloqotsiz shaxsning tarkib topishi shakllanishi mumkin emas. Aynan muloqot jarayonida tajriba o’zlashtiriladi, bilmlar to’planadi, amaliy ko’nikma va malakalar shakllanadi, e’tiqod va qarashlarga erishiladi. Faqat muloqot jarayonidagina ma’naviy ehtiyojlar ,axloqiy siyosiy va estetik xislar tarkib topadi va xarakter shakllanadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Har bir kishining shaxsi uning individualligini vujudga keltiradigan xislatlar va fazilatlarning faqat unga xos birikuvidan tarkib topgandir. Individuallik–kishining o’ziga xosligini, uning boshqa odamlardan farqini aks ettiruvchi psixologik fazilatlarning yig’indisidir. Individuallik temperament va xarakter hususiyatlarida, odamlarda ustun darajadagi qiziqishlarda, bilish jarayonlariga oid fazilatlarda, qobiliyatlarda, faoliyatning Shaxsga xos uslubi va h.k.larda namoyon bo’ladi. Inson shaxsi o’z individualligiga ko’ra takrorlanmas.
Shaxsning individual–psixologik hususiyatlarini inobatga olish orqali u bilan muloqot qilish shaxslararo muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, har bir Shaxsda o’ziga xos tarzda dunyoni, odamlarni idrok qilish va tushunish qobiliyati borki, ular muloqot jarayonida kamroq xatolarga yo’l qo’yishni ta’minlaydi. Masalan, bosiqlik, mulohazalilik, o’zgalarning ichki dunyosini gaplari, xatti–harakatlariga qarab bilish qobiliyati va boshqalar shular jumlasidandir.
Foydalanilgan adabiyotlar
Bolalar psixologiyasi va metodikasi.- Z.Nishanova, G.Alimov.
O’qituvchi qobiliyati va uni psixologiyada o’rganilishi- K.Qudratova