6. Qo‘lga kiyib o‘ynatiladigan qo‘g‘irchoqlarni yasash.
Kerakli jihozlar: qo‘g‘irchoqni kiyintirish uchun mato, qaychi, har xil qog‘ozlar, yupqa doka, jilvir qog‘oz, kulollar ishlatadigan loy yoki plastilin, gips, alebastr, vazelin yog‘i, vatman qog‘oz, karton qog‘oz va har xil rangli bo‘yoqlar.
1-bosqich. Tasvir (eskiz) chizish. Bunday qo‘g‘irchoqlarni yasash uchun eng avvalo, oddiy vatman qog‘oz yoki rasm daftar varog‘iga yasaladigan qo‘g‘irchoqlarning tasviri (eskizi) chiziladi. Qo‘g‘irchoqning ko‘rinishi, uning xarakteri va qanday kiyimda bo‘lishi ana shu rangli tasvirda aks etgan bo‘lishi kerak.
2-bosqich. Qolip (forma) tayyorlash. Chizilgan tasvirga qarab loydan va plastilindan o‘sha qo‘g‘irchoqning bosh qismi haykali yasaladi. Bosh qismi tayyor bo‘lgach, ingichka po‘lat sim olib qo‘loq o‘rnatiladigan joydan teng ikkiga bo‘linadi va qattiq karton qog‘oz olib unga yotqizib qo‘yiladi. So‘ngra qotishma yopishib qolmasligi uchun haykalchaning yuza qismini vazelin bilan yog‘lab chiqiladi va albastr yoki gipsdan suyuqroq qotishma tayyorlanib yog‘langan joyga qo‘yiladi. Qotishma qotgandan so‘ng uni qo‘lga olib ichidagi loy yoki plastilinni o‘yib chiqarib olinadi. Natijada qolip (forma) tayyor bo‘ladi.
3-bosqich. Nusha ko‘chirish. Yasalgan qolipdan nusha ko‘chirish uchun eng avvalo, oddiy suvga bo‘ktirilgan qog‘oz parchalari yopishtirib chiqiladi. Sababi nusha tayyor bo‘lgach uni qolipdan chiqarib olish oson bo‘ladi. Oddiy undan atala qilinib, to qo‘yiqlashguncha qaynatiladi. Shu tariqa yelim (kleystr) tayyorlanadi.
Tayyor yelimni qog‘oz parchalariga surtib, uni qolip devorlariga yopishtirib chiqiladi. Yopishtirilgan qavatlar 6-8 qavatdan kam bo‘lmasligi lozim. Qavat qanchalik ko‘p bo‘lsa qo‘g‘irchoq shunchalik pishiq bo‘ladi.
Yana ham pishiq bo‘lishi uchun har 3 qavat orasiga doka mato ham yopishtiriladi. Qavatlarni yopishtirayotganda shoshilmay yaxshilab yopishtirish zarur. Agarda oraliqqa havo kirib bo‘shliq paydo bo‘lsa, qo‘g‘irchoq sifatsiz chiqadi.
Qavatlarni qolipga yopishtirib bo‘lgach, uni quritish uchun issiq joyga qo‘yiladi va qurib bo‘lgach tayyor bo‘lgan nushani sekin-astalik bilan qolipning ichidan chiqarib olinadi.