Bola to‘rt yoshga yetgach, uning jismoniy o‘sishi bir muncha jadallashadi, bu davr mobaynida bo‘yi 105-108 sm gacha o‘sadi, og‘irligi esa 18-19 kg bo‘ladi. Bu davrda bolaning miyasi tez rivojlanadi. Katta yarim sharlar po‘stlog‘ining faoliyati takomillashib boradi. Boladagi asosiy harakatlarning rivojlanishida jiddiy-sifat o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, ularni bajarishda tabiiylik ortib boradi, bolalarda qiyoslash ko‘nikmasi shakllanadi. Bu yoshdagi bolalarning nutqi ravon, xotirasi ancha teran, mustaqil fikrlash darajasi bir qadar rivojlangan bo‘ladi. Barcha harakat va faoliyatlarni o‘zi mustaqil bajarishga intiladi. Bu yoshda bola nihoyatda serharakat, o‘yinqaroq, o‘ta qiziquvchan bo‘ladi.
5-6 yosh bolalarning rivojlanish xususiyatlari
Bu davrda bolaning bo‘yi bu davrda 7-8 sm ga o‘sadi. Uning oyoqlari gavdasiga nisbatan tezroq rivojlanadi, og‘irligi 20-22 kg ni tashkil etadi. Bolalarning umurtqa suyaklari qotmaganligi tufayli tez qiyshayib qolishi mumkin. Shuning uchun ham suyaklarning to‘g‘ri o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor berish kerak. Bu davrda bolalarning matematik tafakkuri, hisoblash ko‘nikmalarini rivojlanishi lozim. Dastlabki iqtisodiy tushunchalarga ehtiyoj seziladi. Bolaning faraz qilish qobiliyatini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
6-7 yosh bolalarning rivojlanish xususiyatlari
Bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayadi va aniqlashadi, uning jismida harakatlarning o‘zaro moslashuvi boshlanadi. 6-7 yoshli bolalar o‘zini idora qilish va o‘z harakatlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘la boshlaydi. Bu yoshdagi o‘g‘il bolalarda mustaqil faoliyat ko‘rsatish, tashabbuskorlik rivojlanadi hamda kattalar fikrini tinglash ishtiyoqi shakllanadi. Bu davrda bolaning bo‘yi 120 sm ga yetadi, og‘irligi 22-24 kg bo‘ladi. Bu yoshda bola chiniqadi, qiziquvchan bo‘ladi, o‘z salomatligini nazorat qila oladi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi, moddiy borliqni bilishga intila boshlaydi. Bolalarda gigienik malakalar shakllana boradi.