9-mavzu: Ma’lumotnoma, ishonchnoma, tilxat.
MA’LUMOTNOMA
Bo‘lgan voqea yoki mavjud holatlarni bildirish-axborot berish mazmunida ifodalaydigan hujjat.
Ma’lumotnoma o‘z xususiyati va mazmuniga ko‘ra ikkiga: xizmat ma’lumotnomasi va shaxsiy ma’lumotnomaga bo‘linadi.
Xizmat ma’lumotnomasi – muassasa faoliyatiga doir voqea-hodisalarni rasmiy ravishda axborot xususiyatiga ega bo‘lgan xilma-xil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, zarur hollarda esa raqamli jadvallar ko‘rinishida tayyorlanadi. Taqdim etilayotgan ma’lumotlar ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat, xodim (shtat)lar soni, topshiriqlarning bajarilishi, moddiy tovar boyliklarining saqlanishi, mehnat intizomining ahvoli haqida va boshqa xilma-xil masalalar to‘g‘risida hozirlanadi.
Xizmat ma’lumotnomasi, o‘z navbatida, ikkiga – ichki xizmat va tashqi xizmat ma’lumotnomalariga bo‘linadi. Ichki xizmat ma’lumotnomasi – muassasa ichki ishlari, xo‘jalik faoliyati, biror tarkibiy bo‘linma yoki ayrim xodimning ishi, faoliyati haqida tayyorlanib, shu muassasa rahbariga yo‘llanadi. Bunday ma’lumotnomalar bevosita tuzuvchi (bo‘linma boshlig‘i, kadrlar bo‘limi boshlig‘i, ish yurituvchi, oddiy xodim va boshqalar) tomonidan imzolanadi va oddiy qog‘oz varag‘iga qo‘lda yozilishi ham mumkin. Tashqi xizmat ma’lumotnomasi – muayyan muassasa nomidan yuqori idora yoki mansabdor shaxslarga, ular ko‘rsatmasiga, talabiga muvofiq tayyorlanib jo‘natiladi hamda xos ish qog‘oziga yoki maxsus bosma ish qog‘oziga yoziladi va muassasa rahbari tomonidan imzolanadi.
Xizmat ma’lumotnomasiga matn mazmunini ochib beruvchi sarlavha qo‘yiladi. Masalan, «Korxona ma’muriy-boshqaruv xodimlari soni haqida». Ma’lumotnomada qayd etilayotgan xabarlar taalluqli bo‘lgan sana alohida ajratilib, asosiy matn oldidan yoziladi. Masalan: «2019-yil 1-iyundagi holatga ko‘ra (muvofiq)» yoki «2019-yil 1-yanvardan 1-sentabrgacha bo‘lgan davr uchun» kabi. Ushbu ma’lumotlarni matn sarlavhasi tarkibiga kiritib yuborish ham mumkin.
Rasmiy xizmat ma’lumotnomasida bosma ish qog‘ozidagi yozuvlardan tashqari, yana quyidagi zaruriy qismlar bo‘ladi:
1. Hujjat jo‘natiladigan yuqori idora yoki mansabdor shaxsning nomi (bosma ish qog‘ozining yarmidan o‘ng tomonga yoziladi).
2. Hujjat nomi (Ma’lumotnoma).
3. Ma’lumotnoma matniga sarlavha (xatboshidan yoziladi).
4. Asosiy matn (ma’lumotnoma mazmuni).
5. Mansabdor shaxs (tuzuvchi yoki korxona rahbari) imzosi (elektron raqamli imzo va QR kodi).
Shaxsiy ma’lumotnoma – muassasalar tomonidan fuqarolarning turmushi va ish faoliyatidagi aksar voqea-hodisalar va holatlarni tasdiqlab beradigan hamda talab qilingan joylarga ko‘rsatiladigan rasmiy hujjatdir
Masalan, muassasa xodimga uning qayerda, kim bo‘lib va qancha maosh olib ishlashi haqida; o‘quvchi va talabaga esa qayerda o‘qishi haqida; fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) bo‘limi, notarial idoralar hamda fuqarolar yig‘inlari raislari shaxsning tug‘ilganligi yoki vafot etganligi, yashash manzili, oila a’zolari soni to‘g‘risida, nikoh bo‘lganligi yoki ajralganligi haqida (hujjatlar yo‘qolganda); tuman va shahar ijtimoiy ta’minot bo‘limi shaxsning nogironligi, nafaqasining miqdori, avtomobilga ega emasligi haqida; shifoxonalar kishining sog‘lig‘i (kasal emasligi) haqida ma’lumotnomalar beradi.
Shaxsiy ma’lumotnomalar quyidagi zaruriy qismlarni o‘z ichiga oladi:
1. Ma’lumotnoma beruvchi tashkilotning nomi.
2. Ma’lumotnomaning tartib raqami va berilgan sanasi.
3. Hujjat turining nomi (Ma’lumotnoma).
4. Ma’lumotnoma berilayotgan shaxsning ismi, otaismi va familiyasi.
5. Ma’lumotnoma matni (u tasdiqlayotgan voqea yoki holat bayoni).
6. Ma’lumotnomaning maqsadi (ma’lumotnoma ko‘rsatiladigan, taqdim etiladigan joy nomi).
7. Mansabdor shaxs(lar)ning imzosi (lavozimi va familiyasi).
8. Muhr.
Dastlabki uch zaruriy qism bosma ish qog‘ozida (bosma ish qog‘ozi bo‘lmagan hollarda to‘rtburchak muhrda) o‘z aksini topgan bo‘ladi.
ISHONCHNOMA
Muayyan muassasa yoki ayrim shaxs o‘z nomidan ish ko‘rish uchun ikkinchi bir shaxsga ishonch bildiradigan yozma vakolatli hujjat. Ishonchnomalar o‘z mazmuniga ko‘ra, mol-mulkni boshqarish, pul va moddiy-buyum boyliklarini olish, sud hamda notarial idoralarda, shuningdek, boshqa davlat va nodavlat idoralarda ish olib borish va boshqa ishlarni amalga oshirishni ifodalaydi.
Muayyan ish-harakatni bajarishga vakolat berish kim tomonidan (muassasa tomonidanmi yoki ayrim shaxs tomonidanmi) rasmiylashtirilishiga qarab, ishonchnomalar rasmiy (xizmat) va shaxsiy turlarga bo‘linadi.
Mazmun hamda vakolatning ko‘lamiga ko‘ra, ishonchnomalar bir martalik, maxsus va umumiy turlarga bo‘linadi.
Rasmiy ishonchnomaning zaruriy qismlari:
1. Ishonchnoma beruvchi muassasaning nomi.
2. Ishonchnoma tartib raqami va berilgan vaqti (sanasi).
3. Ishonchnoma berilayotgan (ishonch bildirilayotgan) shaxsning lavozimi va to‘liq nomi (ismi, otaismi, familiyasi).
4. Qimmatbaho buyumlar olinadigan (beradigan) muassasaning nomi.
5. Ishonchnomaning berilish sababi.
6. Ishonchnomaning amal qilish muddati.
7. Ishonchnoma berilayotgan shaxs imzosining namunasi.
8. Moddiy-buyum boyliklarini oluvchining shaxsiyatini tasdiqlovchi hujjatning nomi (pasport, guvohnoma).
Ishonchnomaning zaruriy qismlari aniq, buzilmasdan, tuzatishlarsiz rasmiylashtirilishi kerak. Aks holda, moddiy buyum boyliklarini berish ruxsat etilmaydi, bunday ishonchnomalarni rasmiylashtirish, berish va qayd etish tartibiga rioya qilish, shuningdek, ulardan foydalanish yuzasidan nazorat etish korxona bosh (katta) hisobchisining vazifasidir.
Shaxsiy ishonchnoma erkin usulda, odatda, qo‘lda yoziladi, lekin unda, albatta, quyidagi zaruriy qismlar bo‘lmog‘i kerak:
1. Hujjatning nomi (Ishonchnoma).
2. Ishonch bildiruvchining to‘liq nomi (ismi, otaismi, familiyasi).
3. Ishonchli shaxs (ishonchnoma berilgan shaxs)ning to‘liq nomi.
4. Ishonchnoma mazmuni (topshirilgan vazifalarni aniq ko‘rsatish).
5. Topshirilgan vazifalar amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muassasaning nomi.
6. Ishonch bildiruvchining imzosi.
7. Berilgan (yozilgan) vaqti.
8. Ishonch bildiruvchining imzosini tasdiqlagan shaxsning lavozimi va imzosi.
9. Ishonch bildiruvchining imzosi tasdiqlangan sana va yumaloq muhr.
TILXAT
Pul, hujjat, qimmatbaho buyumlar yoxud boshqa biror narsa olinganligini tasdiqlovchi rasmiy yozma hujjat.
Tilxat bir nusxada tayyorlanadi hamda pulli va qimmatbaho hujjat sifatida saqlanadi.
Tilxatning asosiy zaruriy qismlari:
1. Hujjatning nomi (Tilxat).
2. Matn:
a) tilxat beruvchi shaxsning lavozimi, ismi va otaismi, familiyasi.
b) pul, hujjat, buyum yoki boshqa biror narsani beruvchi shaxsning lavozimi, ismi va otaismi, familiyasi (zarurat bo‘lganda muassasa nomi);
d) pul, hujjat, buyum yoki boshqa biror narsaning nomi va ularning miqdori (zarurat bo‘lganda bahosi);
e) olinayotgan buyumning texnik holati (agar u mashina, apparatlar va sh.k. bo‘lsa).
3. Tilxat berilgan sana.
4. Tilxat muallifining imzosi.
Olinadigan pul miqdori yoki buyumning bahosi va uning soni tilxatda raqamlar bilan ko‘rsatiladi, qavs ichida esa so‘zlar bilan ham berilishi shart.
Matn va imzo oralig‘idagi bo‘sh joylar chiziladi. Tilxatdagi yozuvlarni o‘chirish yoki tuzatish mumkin emas, aks holda, bunday hujjatning haqiqiyligi shubha ostiga olinishi mumkin.
Ba’zan tilxatda guvohlar ismi, otaismi, familiyalari ham ko‘rsatiladi. Bunday hollarda guvohlar o‘z imzolari bilan hujjatni tasdiqlashlari kerak.
Dostları ilə paylaş: |