1793-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish Maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim bo’lgan pul mablag’lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog’liq operatsiyalar haqidagi axborotni taqdim etmaslik yoki taqdim etish muddatlarini buzish, ichki nazoratni tashkil qilish, pul mablag’lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog’liq operatsiyalarni qonunda belgilangan hollarda yoxud maxsus vakolatli davlat organining ko’rsatmasiga binoan to’xtatishga doir chora-tadbirlarni ko’rmaslik, xuddi shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish munosabati bilan tijorat, bank sirini va qonun bilan qo’riqlanadigan o’zga sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni g’ayriqonuniy ravishda talab qilish, olish yoki oshkor etish —
eng kam ish haqining o’n baravaridan o’n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
1794-modda. Birja faoliyati to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlarning qoidabuzarliklarni bartaraf etish to’g’risidagi ko’rsatmalarini bajarmaslik —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo’lsa, —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o’n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
2. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqish. Foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarning hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda olib borish, basharti bu harakatlar to’lanishi lozim bo’lgan soliq yoki boshqa majburiy to’lovlarning summasini kamaytirishga olib kelsa, shuningdek byudjetga va byudjetdan tashqari fondlarga soliqlarni, boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish va to’lash uchun zarur bo’lgan soliq hisobotlarini, hisob-kitoblarini hamda boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, o’z vaqtida taqdim etmaslik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etish, xuddi shuningdek kameral nazorat natijalari bo’yicha aniqlangan tafovutlar asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik holatlari bo’yicha kameral nazorat sho’’basi xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar yuritiladi. Ma’muriy jazo choralari soliq to’lovchi yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga va soliq to’lovchi jismoniy shaxslarga nisbatan qo’llaniladi.
Kassa operatsiyalarini yuritish tartibi va to’lov intizomini buzish, shu jumladan, qarzdor korxonalardan to’lovlarni undirish bo’yicha soliq organlarining inkassa topshiriqlarini bajarmaslik, shuningdek debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o’tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag’lar bo’lgan holda to’lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish, shuningdek pul mablag’larini hisobdan chiqarish navbatini buzish holatlari bo’yicha Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan qisqa muddatli tekshirishga chiqqan vaqtlarida ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar qo’llaniladi. Ma’muriy jazo choralari soliq to’lovchi yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat qiluvchi bankning rahbari va mas’ul xodimiga nisbatan qo’llaniladi. Bundan tashqari to’lov topshiriqnomalarini bankka o’z vaqtida taqdim etmasliklari natijasida korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag’lar bo’lgani holda to’lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganligi uchun Davlat soliq organlarining soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni tushumlarini hisobga olish, tahlil qilish va ma’lumotlar bazasiga xizmat ko’rsatish bo’limining mas’ul xodimi ma’suriy jazo choralarini qo’llashi mumkin.
Soliq organlarida ro’yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasiz korxonalar va tashkilotlarga hisob-kitob yoki boshqa hisobvaraqlarini ochish hollari yuz berganda Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy jazo choralari soliq to’lovchi yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat qiluvchi bankning rahbari va mas’ul xodimiga nisbatan qo’llaniladi.
Byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzi bo’lgan korxonalarga o’z vaqtida inkassa topshiriqnomasini taqdim etmaslik holatlari odatda Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan yuz berishi mumkin. Ushbu holatda ma’muriy huquqbuzarlik bo’yicha sudyalar tomonidan ma’muriy jazo choralari Davlat soliq xizmati organlarining mas’ul xodimiga qo’llaniladi.
Soliq to’lovchi tomonidan budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlarni to’lash uchun to’lov topshiriqnomasini xizmat ko’rsatayotgan bankka taqdim etmaslik yoki o’z vaqtida taqdim etmaslik holatlari bo’yicha Davlat soliq organlarining soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni tushumlarini hisobga olish, tahlil qilish va ma’lumotlar bazasiga xizmat ko’rsatish bo’limining mas’ul xodimi ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni yuritadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar o’zlarining hisobvaraqlarida mablag’ bor yoki yo’qligidan qat’iy nazar soliqlarni to’lov muddati kelganda o’zining hisobvarag’iga to’lov topshiriqnomasini xizmat ko’rsatayotgan bankka taqdim etishi lozim bo’ladi. O’z vaqtida taqdim etmaslik esa Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy jazo choralarini qo’llashga sabab bo’ladi.