2.Soliq to’lovchilar tomonidan qonun buzilishi holati aniqlanganda unda qatnashuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari. Davlat soliq xizmati organlari o’z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
1) soliq to’lovchilarda (shu jumladan, soliq to’lovchi bilan bog’liq bo’lgan subyektlardagi muqobil tekshiruvlarda) moliyaviy hujjatlar, shartnomalar (kontraktlar), rejalar, smetalar, daromadlar haqidagi deklaratsiyalar hamda soliqlarni hisoblab chiqarish va to’lash, fuqarolarning shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarini kiritish bilan bog’liq boshqa hujjatlarning, shu jumladan elektron hujjatlarning, shuningdek eksport-import operatsiyalari bilan bog’liq hujjatlarning tekshiruvlarini o’tkazish;
2) soliq tekshiruvi o’tkazayotganda:
daromadlar olish uchun soliq to’lovchilar tomonidan foydalanilayotgan yoxud soliq solish obyektlarini saqlab turish bilan bog’liq hududni, ishlab chiqarish binolari, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan joylarni ko’zdan kechirish;
mol-mulkni inventarizatsiya qilish va bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlar hajmining nazorat o’lchovlarini o’tkazish;
kassalarni hamda tovar-moddiy boyliklar va hujjatlar (shu jumladan elektron tarzidagi) saqlanadigan joylarni muhrlab qo’yish;
soliqlarni hisoblab chiqarish hamda to’lash bilan bog’liq hujjatlarni talab qilib olish;
hujjatlarni (ko’chirma nusxalarni, shuningdek asl nusxalarni), shu jumladan elektron hujjatlarni, shuningdek predmetlarni (tovarlar, buyumlar, xom ashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlarning namunalarini) olib qo’yish, bundan soliq to’lovchining faoliyatini to’xtatib qo’yishga sabab bo’ladigan hujjatlar hamda predmetlar mustasno. Soliq to’lovchining faoliyatini to’xtatib qo’yishga sabab bo’ladigan hujjatlar va predmetlarni olib qo’yish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi;
soliq to’lovchidan, shuningdek soliq to’lovchining rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy bo shqaruv vazifalarini amalga oshirayotgan shaxslardan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan tushuntirishlar olish;
tarjimonni, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlash;
soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilishini talab qilish;
O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish;
3) soliq tekshiruvlari o’tkazilayotganda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarida saqlanayotgan ma’lumotlardan foydalanish;
4) soliq to’lovchi tomonidan hisob hujjatlari yo’qotilgan yoki yo’q qilingan taqdirda, budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga o’tkazilishi lozim bo’lgan soliqlar summasini soliq to’lovchi to’g’risidagi, shuningdek unga o’xshash boshqa soliq to’lovchilar haqidagi o’zlarida mavjud bo’lgan ma’lumotlar asosida hisob-kitob qilish orqali mustaqil ravishda aniqlash;
5) soliqlarni undirishga doir vazifalarni amalga oshirayotgan davlat organlari va tashkilotlarini soliqlarning to’g’ri hisoblab chiqarilishi, to’liq undirib olinishi hamda budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga o’z vaqtida o’tkazilishi yuzasidan nazorat qilish;
6) soliq tekshiruvini o’tkazishga soliq to’lovchi tomonidan to’sqinlik qilingan yoxud davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining soliq to’lovchi tomonidan daromadlar olish uchun foydalanilayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bog’liq hududlar, binolar, shu jumladan joylarni ko’zdan kechirish uchun kirishi rad etilgan hollarda soliq to’lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo’yicha operatsiyalarni to’xtatib turish yuzasidan sud tartibida choralar ko’rish, bundan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning aniqlangan hollari mustasno. Soliq to’lovchining banklardagi hisobvaraqlari bo’yicha operatsiyalarini to’xtatib turish quyidagi hollarda davlat soliq xizmati organlarining qarorlari asosida ham amalga oshirilishi mumkin:
soliq va (yoki) moliyaviy hisobot uni taqdim etishning belgilangan muddati tugaganidan keyin o’n besh kun ichida soliq to’lovchi - yuridik shaxs tomonidan taqdim etilmaganda;
soliq to’lovchi - yuridik shaxs ko’rsatilgan manzilda bo’lmaganda;
7) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
soliqlarga oid huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko’rib chiqish hamda yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo’llash. Xo’jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralari sud tartibida qo’llaniladi, ular sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybiga iqror bo’lgan va moliyaviy jazo choralari summalarini ixtiyoriy ravishda to’lagan hollar bundan mustasno;
ma’muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqish va ma’muriy jazo choralarini qo’llash;
8) soliqlarga oid huquqbuzarliklarning aniqlangan faktlari bo’yicha tovar-moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda davlat daromadiga o’tkazish. Soliq to’lovchilar - yuridik shaxslarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini davlat daromadiga o’tkazish sud tartibida amalga oshiriladi;
9) soliq to’lovchilarning g’ayriqonuniy ravishda olgan mablag’larini davlat daromadiga undirish haqida ularga nisbatan sudda da’volar qo’zg’atish;
10) bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo’lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida bir martalik yig’imlar, ijara haqi to’liq tushishi va ularning topshirilishi hisobga olinishiga, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan, to’lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo’yicha hisob-kitob terminallaridan foydalanilishiga, shuningdek savdo va xizmat ko’rsatish qoidalariga rioya etilishiga oid qisqa muddatli tekshiruvlar o’tkazish;
11) bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo’lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida aniqlangan moliyaviy-iqtisodiy va soliq sohalarida huquqbuzarliklar sodir etilganligi faktlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruvlar o’tkazish, ular bo’yicha jinoyat ishlari qo’zg’atish hamda surishtiruv o’tkazib, jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga ko’ra huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish.
Davlat soliq xizmati organlari Davlat soliq xizmati to’g’risidagi qonunda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari quyidagi majburiyatlarga ega:
1) soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarning to’g’ri hisoblab chiqarilishi, budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga to’liq hamda o’z vaqtida to’lanishi, shuningdek fuqarolarning shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to’g’ri va to’liq hisoblab chiqarilishi hamda o’z vaqtida kiritilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirishi va boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
2) soliq to’lovchilarning huquqlarini hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishi;
3) soliq tekshiruvlari o’tkazilayotganda soliq to’lovchilarga ularning huquqlari va majburiyatlarini ma’lum qilishi, shuningdek tekshirishlarni tartibga solishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi;
4) soliq to’lovchilarga o’tkazilgan tekshiruvlar natijalari to’g’risida ma’lum qilishi;
5) soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlarini yig’ishi, tahlil etishi va baholashi hamda soliqlarga oid huquqbuzarliklarga yo’l ochib berayotgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish to’g’risida tegishli organlarga takliflar kiritishi;
6) soliqlar to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi to’g’risidagi arizalarni, xabarlar va boshqa axborotni tekshirishi;
7) masalani hal etish davlat soliq xizmati organlarining vakolat doirasidan chiqqan hollarda, qonun hujjatlari buzilganligi faktlariga doir materiallarni prokuratura, ichki ishlar, milliy xavfsizlik xizmati organlariga va sudlarga topshirishi;
8) valyuta hamda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan tartibiga soliq to’lovchilar - yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi yuzasidan o’z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshirishi;
Davlat soliq xizmati organlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’ladi.
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdar shaxslari xo’jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini teshirish chog’ida o’z vakolatlari doirasida quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
tekshirilayotgan xo’jalik yurituvchi su’ektlarga tekshirish o’tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni ko’rsatish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini ta’minlash;
tekshiruv natijalarini dalolatnoma (ma’lumotnoma) bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirilayotgan xo’jalik yurituvchi subyekt ixtiyorida qoldirish;
huquqbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko’rish.