Tayanch so’z va iboralar: Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlar, dalillar, ashyo va hujjatlarni olib qo’yish, ekspert, tushuntirish, harakat yoki harakatsizlik.
1. Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishga oid dalillar. Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishga oid dalillar har qanday faktik ma’lumotlardan iborat bo’lib, organlar (mansabdor shaxslar) shu ma’lumotlarga asoslanib ma’muriy huquqbuzarlik holati yuz bergan yoki bermaganligini, muayyan shaxsning uni sodir etishda aybdorligini va ishni to’g’ri ko’rib chiqish uchun ahamiyatli bo’lgan boshqa holatlarni qonunda belgilangan tartibda aniqlaydi.
Bu ma’lumotlar quyidagi vositalar: ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi bayonnoma, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari, jabrlanuvchi, guvohlarning ko’rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, ashyo va hujjatlarni olib qo’yish to’g’risida tuzilgan bayonnoma, shuningdek boshqa materiallar bilan belgilanadi.
2. Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilganligi uchun ta’sir choralarini qo‘llashda zarur bo’lgan ma’lumotlar. Soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda ma’muriy jazo choralarini tayinlashda ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda belgilangan quyidagi qo’shimcha ma’lumotlardan foydalaniladi:
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 11-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlikni qasddan sodir etish.
Basharti ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o’z harakati yoki harakatsizligi g’ayrihuquqiy ekanligini bilgan bo’lsa, uning zararli oqibatlariga ko’zi yetgan, yuz berishini istagan bo’lsa yoki bu oqibatlarning kelib chiqishiga ongli ravishda yo’l qo’ygan bo’lsa, bunday ma’muriy huquqbuzarlik qasddan sodir etilgan deb hisoblanadi.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 12-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlikni extiyotsizlik orqasida sodir etish.
Basharti ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o’z harakati yoki harakatsizligi zararli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini oldindan ko’ra bilgan bo’lsa ham, lekin kaltabinlik bilan ularning oldini olish mumkin deb o’ylagan bo’lsa, yoxud bunday oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini oldindan ko’rishi lozim va mumkin bo’lgani holda oldindan ko’ra bilmagan bo’lsa, bunday ma’muriy huquqbuzarlik ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan deb hisoblanadi.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 13-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilish yoshi.
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda o’n olti yoshga to’lgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladilar.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksnig 19-moddasiga asosan oxirgi zarurat.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda yoki boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan, huquqlarga hamda qonun bilan himoya etiladigan manfaatlarga zarar yetkazgan, oxirgi zarurat holatida, ya’ni shaxsga yoki mazkur shaxsning yoxud boshqa shaxsning huquqlariga, jamiyat yoki davlat manfaatlariga tahdid etayotgan xavfni, basharti bu xavfni o’sha holatda boshqacha choralar bilan bartaraf etib bo’lmasa hamda yetkazilgan zarar oldi olingan zararga qaraganda kamroq bo’lsa, bartaraf etish uchun sodir etilgan harakatlar ma’muriy huquqbuzarlik deb hisoblanmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 20-moddasiga asosan aqli norasoliq.
G’ayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlik sodir etgan vaqtida aqli norasoliq holatida bo’lgan shaxs, ya’ni surunkali ruhiy kasallik, ruhiy faoliyati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud boshqa xil kasallik oqibatida o’z harakatining (harakatsizligining) ahamiyatini idrok eta olmagan yoki boshqara olmagan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.