2.Ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni yuritishni istisno etish. MJTKning 271-moddasiga ko’ra quyidagi holatlar mavjud bo’lgan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim:
- ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo’q bo’lsa;
- huquqbuzarlikni sodir etish paytida shaxs o’n olti yoshga to’lmagan bo’lsa;
- huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs aqli noraso bo’lsa;
- huquqbuzarlik zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida sodir etilgan bo’lsa;
- amnistiya akti chiqishi, agar u ma’muriy jazo chorasini qo’llanishni bekor qilsa;
- ma’muriy javobgarlikni belgilovchi hujjat bekor qilingan bo’lsa;
- huquqbuzarlik to’g’risidagi ishni ko’rib chiqish paytiga kelib MJTKning 36-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o’tib ketgan bo’lsa;
- ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs xususida shu fakt yuzasidan ma’muriy jazo qo’llanish to’g’risidagi vakolatli organ (mansabdor shaxs) qaror chiqargan bo’lsa yoki ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni tugatish to’g’risida chiqarilgan qaror bekor qilinmagan bo’lsa, shuningdek mazkur fakt yuzasidan jinoyat to’g’risidagi ish qo’zg’atilgan bo’lsa;
- shaxs ishi yuritila boshlagan paytda vafot etgan bo’lsa.
Shaxs quyidagi holatlardan loaqal bittasi mavjud bo’lgan taqdirda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas:
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi faktining yo’qligi (masalan, agar bir turdagi soliqlar uchun to’langan pul summasi boshqa turdagi majburiy to’lovlar uchun to’lanmagan summalar o’rnini to’liq qoplasa va SK 56-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda);
soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilishida shaxsning aybi yo’qligi (masalan, qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib bo’lmaydigan holatlar oqibatida, shaxs tomonidan o’z harakatlarini o’zi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan kasallik holatida sodir etilgan bo’lsa va SK 110-moddasida nazarda tutilgan boshqa hollarda).