KAZUS 4 4.O‘zbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i K.Azizov Bekobod metallurgiya kombinatida gaz ta’minoti va gazdan foydalanish qoidalari bo‘yicha Inspeksiya tomonidan qabul qilingan qaror ijrosi yuzasidan tekshiruvni olib bormoqchi bo‘ldi. Mazkur talab bilan kombinat direktori L.Boyisovga murojaat qildi. Bunga javoban direktor L.Boyisov K.Azizovni bunga vakolati yo‘qligini, kombinat inspeksiyaga buysunmasligini aytib, faqat prokuratura organlari bunga vakolatli ekanligini va faqat ular qonunlarni bajarilishi ustidan nazorat qilishga haqli ekanligini vaj qilib keltirdi.
Mazkur holatga huquqiy baho bering.
KAZUS 5 5.2018-yilning iyun oyida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktori V.Komilov o‘rindoshlik asosida Toshkent shahrida joylashgan maktablardan biriga direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 2018-yilning sentabr oyida maktab faoliyati bilan bog‘liq masala bo‘yicha chet elga borish maqsadida xorijga chiqish pasportini olish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qiladi. Boshqarma xodimi V.Komilovning chet elga chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan maxsuskelishuvini talab qiladi. V.Komilov chet elga “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ masalasi bo‘yicha emas, balki maktab masalasi bo‘yicha ketayotganligini ta’kidlaydi. Mazkur holatga huquqiy baho bering.
KAZUS 6 6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tarkibidagi Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan B.Anvarov o‘z qo‘l ostidagi katta maslahatchi lavozimida ishlab kelayotgan O.Olimovni dam olish kunlari ham bir necha marotaba ishga jalb qilgan. Bundan norozi bo‘lgan O.Olimov yuqori turuvchi mansabdor shaxsga shikoyat bilan murojaat qilib B.Anvarovning xatti-harakatlaridan norozi ekanlini bildirdi. U o‘z shikoyatida B.Anvarovning xotini tomonidan qarindosh bo‘lgan, ya’ni rafiqasining ukasi B.Botirovning iltimosiga ko‘ra ushbu lavozimni egallaganligini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, shikoyatda u B.Botirov ushbu boshqarmada etakchi maslatchi lavozimida ishlab kelayotgani va ular o‘rtasida ish bilan bog‘liq nizo kelib chiqqanligi sababli B.Botirov boshqarma boshlig‘i B.Anvarovdan uni dam olish kunlari ham ishga jalb qilishini so‘raganini ko‘rsatib o‘tdi. Bundan tashqari, O.Olimov o‘z shikoyatida davlat xizmatida qarindosh-urug‘larning davlat korxonalari va organlarida biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunuvchi yoki uning nazorati ostida xizmat qilishi mumkin emasligini ham aytib o‘tgan. Shuningdek, dam olish kunlari ishga jalb qilishga alohida hollarda jamoa shartnomasida agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishilgan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tdi.
Mazkur holatga huquqiy baho bering.