Marketing iqtisodiy kategoriya sifatida g`oyat serqirradir. Uning tarkibi yoki faoliyat sohalarida ishlab chiqarish vositalari marketingi, iste'mol tovarlari marketingi, xizmat ko`rsatish marketingi singari turlarini ko`rsatish mumkin. Bularning har birining faoliyatida umumiy printsiplar va vazifalar saqlanib qoladi, ammo bu yo`nalishlarning har biri o`ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi.
Marketing tarkibiy tuzilishi haqida gap borganda olimlar va amaliyotchilar uning tarkibida mikromarketing va makromarketing kabi darajalarni farqlayotganlarini alohida ta'kidlash zarur. Bu tushunchalarni fanga birinchi marta F. Kotler 1972 yilda kiritdi va ularni xo`jalik faoliyati bilan shugullanadigan tashqilotlar bilan bir qatorda foyda olish bilan bog`liq bo`lmagan madaniyat, ijtimoiy, siyosiy va shunga o`xshash tashqilotlarga nisbatan ham qo`lladi.
Mikromarketing-korxonaning ishlab chiqarishni shakllantirish, tovarlar va xizmatlarning tayyorlovchidan iste'molchi yoki foydalanuvchiga borish oqimini boshqarish bilan bog`liq bo`lgan faoliyatdir. Uning asosiy vazifasi talabni va ayni paytda korxona oldiga qo`ygan maqsadlarga erishishdir.
Marketingni boshqarish.
Marketingni boshqarish- uni tashkil qilishda firma (korxona) oldiga qo`yilgan maqsadlarga erishish, tahlil, rejalashtirish, hayotga tadbiq etish va nazorat qilish bosqichlarini o`z ichiga oladi.
Marketingni boshqarish jarayoni bir-biridan ajralmas uch qismdan iborat: 1. Tashkiliy-firma bo`limlarini kerakli bozor axborotlari bilan ta'minlovchi; 2. Izlanishlar olib boruvchi-firma marketing faoliyatidagi-bozor, assortiment, baho, reklama doiralarida uslubiy va tadqiqot ishlarini bajarish; 3. Dasturiy-nazorat ishlarini-maqsadli dasturlar, strategiya va taktikani shakllantirish va bozor faoliyatini joriy nazoratini olib boradi.
Marketingni boshqarish uning maxsus xizmati orqali olib boriladi. Marketing xizmati har bir korxonada bajarilishi ko`zda tutilgan o`ziga xos aniq vazifalar, ishchilarning huquq va burchlari, korxonaning boshqa bo`limlar bilan o`zaro munosabati va boshqalar hisobga olingan Nizom asosida tashkil etiladi.