Ma’ruza №7 Mavzu: Garmonik tebranishlar. Tebranma harakat haqida tushuncha. Garmonik tebranishlarning tenglamasi. Titrash. Tebranishlarni qo’shish. Tebranma harakat dinamikasi tenglamasi. Garmonik tebranma harakat energiyasi. Mavzu rejasi
Mavzu: Garmonik tebranishlar. Tebranma harakat haqida tushuncha. Garmonik tebranishlarning tenglamasi. Titrash. Tebranishlarni qo’shish. Tebranma harakat dinamikasi. Tebranma harakat dinamikasi tenglamasi. Garmonik tebranma harakat energiyasi.
1. Tebranma harakat tabiatda va texnikada ko’p uchraydi. Masalan, osma soat tebranishi, musiqa asbablarining torlari; va daraxt shoxlarining harakati –tebranma harakatdir.
Tebranish yoki tebranma harakat deb, jismlarning muvozanat vaziyati atrofida to’g’ri chiziq yoki yoy bo’ylab goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga siljigandagi harakatiga aytiladi. Tebranishlarning takrorlanishi ya’ni ularning davriyligi tebranishlarning eng asosiy alomatidir. Tebranishlar erkin va majburiy bo’ladi. Tashqi kuchning ta’sirisiz (ichki kuchlar ta’sirida) vujudga keladigan tebranishlarga erkin tebranishlar deyiladi. Tashqi davriy kuchlar ta’sirida vujudga keladigan tebranishlarga majburiy tebranishlar deyiladi. Yana bir turiga avtotebranishlar deyiladi. Avtotebranishda, tashqi kuchning ta’siri sistemaning o’zini vositasida amalga oshiriladi. Osma soat mayatnigining tebranishi avtotebranishdir. Tebranma jarayonlarning fizik tabiati va murakkablik darajasi jihatidan turlicha bo’lishga qaramay, ularning hammasi umumiy qonuniyatlar asosida ro’y beradi va garmonik tebranishlarga keltirilishi mumkindir. Garmonika so’zi grekcha «garmonikos»-kelishgan, xushbichim ma’nosini beradi.
2. Fizikaviy kattaliklarning vaqt o’tishi bilan sinus va kosinus qonuniga muvofiq davriy o’zgarishlariga garmonik tebranishlar deyiladi. Aksinchasiga esa nogarmonik tebranishlar deb ataladi. Garmonik tebranishlar tebranma harakatlar ichida eng muhimi bo’lishi bilan birga eng oddiysi hamdir.