O‘qitish va o‘qish jarayonlari tavsifi, o‘quv jarayonida ularning o‘zaro bog‘liqligi. Inson faoliyatining hamma asosiy turlari (mehnat, fan, san’at, o‘yin, sport) uning tevarak-atrof olamni va o‘z-o‘zini bilish bilan bog‘langan. O‘qish tevarak-atrofdagi olamni bilishning maxsus tashkil etilgan va o‘qituvchi rahbarlik qiladigan alohida turidir. Bu jarayonning mohiyati – bilim, ko‘nikma malaka va kompetentsiyalarni hosil qilish, o‘quv fanlari mazmunini o‘zlashtirib olish va bilish kuchlarini rivojlantirishdir.
O‘quvchilarning bilish faoliyati va uning tuzilishi. Ma’lumki, bilish faoliyatining sub’yekti o‘quvchi sanaladi. Shu bois ijtimoiy-pedagogik asoslarga ega ta’lim markazida uning shaxsi, ongi, ham o‘rganilayotgan olamga, ham bilish faoliyatidagi hamkorlariga: o‘quvchilar va uning ta’lim olishini tashkil etuvchi va yo‘naltiruvchi o‘qituvchilar munosabati yotadi. Bu masala barcha davrlarda birdek ahamiyat kasb etib kelgan.
Ma’lumki, o‘quv jarayoni modeli o‘zida uch tarkibiy qismni aks ettiradi: o‘qituvchi faoliyati, o‘quvchi faoliyati hamda o‘qituvchi va ta’lim oluvchilarning jadal o‘zaro faoliyati. O‘qituvchining o‘quvchilar bilan o‘zaro harakatini konstruktiv pedagogika nuqtai nazaridan qator belgilariga ko‘ra tasnif etish mumkin: yo‘nalganligiga ko‘ra (qayta aloqalar bilan yoki qayta aloqalarsiz); axborot jarayonining turiga ko‘ra (o‘zaro harakatni tashkil etishda axborot jarayonining yo‘nalganlik darajasi); boshqarish va axborotlarni uzatish vositalari turiga ko‘ra.
O‘quvchilar bilimlarni o‘zlashtirish jarayonida turli darajadagi faollikni namoyon etishadi. Ana shu sababli, o‘quvchilarga bilimlarni sust ravishda qabul qiladi kabi nuqtai nazardan qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shu sababli bilish faoliyatiga quyidagicha yondashish zarur: o‘quv faoliyatining inkor etilmagan tavsifi asosida unga munosabat o‘zgaradigan bilishning quyi darajasi; quyidan mo‘tadillashgan bosqichga o‘tish sifatidagi vaziyatli faoliyat; o‘quv jarayonida ijro etuvchilik faoliyati; o‘quvchining sub’yektiv nuqtai nazarini maksimal darajada ochishga imkon beruvchi ijodiylik.
Yuqorida aytilganlarni umumlashtirib, bilish faolligi ko‘rsatkichi sifatida mo‘tadillik, ishtiyoq, o‘rganishning anglanganligi, ijodiy namoyon bo‘lishi, nostandart o‘quv vaziyatlaridagi xulq-atvor, o‘quv vazifasini hal etishdagi mustaqillik va boshqalarni aytib o‘tish mumkin (4-rasm).
O‘quvchilarning o‘quv jarayonidagi ishtiroki va faolligining namoyon bo‘lishi – bu rivojlanib boruvchi, o‘zgaruvchan jarayon. O‘qituvchi yordamida o‘quvchilarning bilish faolligi quyi darajadan vaziyatli-faollikka, undan faol ijrochilikka o‘tib boradi. Ko‘p jihatdan o‘quvchining bilish faolligi ijodiylik darajasiga ko‘tarilishi yoki ko‘tarilmasdan qolishi o‘qituvchiga bog‘liq.