O‘quv-metodik majmua – darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik – davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigienik talablarga javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darslik o‘quvchilarning ta’lim jarayonida, ongli ravishda va faol ishtirok etishlari, o‘quv materialini to‘la o‘zlashtirishlarini ta’minlashi kerak. Ana shu masalalarni hal etish yo‘lida darsliklar quyidagi vazifalarni bajaradi:
motivatsion vazifa - bu vazifa o‘quvchilarni ushbu fanni o‘rganishga yo‘naltiradigan, ularda ishga pozitiv munosabati va qiziqishini shakllantiruvchi rag‘bat (sabab)larni hosil qilishdan iborat;
axborot vazifasi o‘quvchilarga axborotlarni etkazish, samarali usullar yordamida ularning bilimlari hajmini kengaytirishga imkon beradi;
nazorat-tuzatish (mashq qilish) vazifasi – ta’lim jarayoni, uning natijalarini tekshirish, o‘quvchilarda o‘zini baholash va tuzatish layoqati hamda zarur bo‘lgan ko‘nikma, malakalarni shakllantirish uchun o‘rganish mashqlarini tavsiya etishni nazarda tutadi.
muvofiqlashtirish vazifasi material ustida ishlash jarayonida ta’limning boshqa vositalari (xaritalar, ko‘rgazmali materiallar, diapozitiv va boshqalar)ni jalb etishni ifodalaydi;
rivojlantiruvchi-tarbiyalovchi vazifasi darslik mazmunining o‘quvchilarga ma’naviy-axloqiyta‘sirko‘rsatishi, kitoblar bilan ishlash jarayonida ulardan mehnatsevarlik, faol fikrlash, ijodiy qobiliyat kabi sifatlarni shakllantirishdan iborat;
o‘qitish vazifasi darslik bilan ishlashda mustaqil bilim olish uchun zarur bo‘lgan konpekt yozish, umumlashtirish, asosiysini ajratib ko‘rsatish, mantiqiy eslab qolish kabi malaka va ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berishida ko‘zga tashlanadi.