Ma’ruza materiallari 1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli Reja



Yüklə 130,04 Kb.
səhifə13/17
tarix02.01.2022
ölçüsü130,04 Kb.
#35811
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
Ma’ruza materiallari 1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni (1)

Uyg‘onish davri falsafasi. Bu insoniyat tarixida yuz bergan eng buyuk ilg‘or taraqqiyot davrlaridan biri edi. Uyg‘onish davrida hayotning hamma tarmog‘ida muhim, ilg‘or, hatto aytish mumkinki, inqilobiy o`zgarishlar yuz berayotgan edi.

Uyg‘onish davrida Yevropada falsafaning rivojlanishiga katta hissa qo`shganlardan biri nemis Nikolay Kuzanskiydir (1401-1464). Kuzanskiy ta’limoticha, xudo hamma narsalarda mavjud, shuningdek, hamma narsalar xudoda mavjud. Eng oliy haqiqatlarni bilish, sxolastik fikrlash bilan emas, balki, tajriba asosida amalga oshadi.

U xudoni borliqning oliy va yagona asosi deb hisoblaydi. Bu masalada Kuzanskiy shunday muhim kosmologik fikrlarni bayon qiladiki, hatto ma’lum darajada uni Kopernik va Brunolarning o`tmishdoshi deb hisoblash mumkin. Ikkinchi masala esa bilish nazariyasiga nisbatan uning butunlay yangicha yondoshishidir. Ushbu masalalar bo`yicha Kuzanskiy tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar ayrim hollarda XVIII asr oxiri va XIX asr boshidagi nemis filosoflari tomonidan bayon qilingan fikrlarning debochasi edi.

Filosofiya va fan rivojlanishiga eng katta hissa qo`shgan uyg‘onish davrining mutafakkirlaridan biri polyak olimi Nikolay Kopernikdir (1473-1543). Ma’lumki, fan tarixida Kopernik o`zining fanda tub o`zgarish yasagan geliotsentrik ta’limoti bilan mashhur bo`lgan. Uning ta’limoticha, insonlar tomonidan kuzatiladigan quyosh va yulduzlarning harakatlari aslida Yerning o`z o`qi atrofida kundalik aylanishidan va quyosh atrofida yillik aylanishidan iborat. Bizning planetamizning markazi Yer emas, quyoshdir. Kopernikning buyuk kashfiyoti dunyoga teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda to`ntarish yasadi. Bu kashfiyot Bibliyaning dunyo tuzilishi haqidagi va o`zgarmas deb tanilgan ta’limotiga zarba berdi. Agar yer olamning markazi emas, balki Quyosh atrofida aylanuvchi planetalarning biri bo`lsa, unda dunyoni, koinotni maqsadga muvofiq xudo tomonidan odamlar uchun yaratilganligi haqidagi talimot asossiz bo`lib qolardi.

Kopernikning geliotsentrik nazariyasidan chuqur ilmiy xulosalar chiqargan mutafakkirlardan biri italiyalik Jordano Brunodir (1548-1600). U Neapol yaqinida tug‘ilgan. O`zining ilg‘or fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanadi va cherkovdan haydaladi. Italiyadan qochishga majbur bo`ladi. Uzoq vaqt Shvesariya, Fransiya, Angliya va Germaniyada quvg‘inda yuradi. 1592 yilda Bruno italiyaga qaytib keladi, lekin cherkov inkvizisiyasi tomonidan ushlanib turmaga solinadi. Qiynoqlarga qaramasdan, u o`zining ta’limotidan voz kechmaydi, natijada qatl etishga hukm qilinadi, 1660 yil 17 fevralda Rimda Gullar maydonida yoqib o`ldiriladi.

Bruno geliotsentrik nazariyani himoya qilish va targ‘ib qilish bilan cheklanib qolmaydi. U tabiatshunoslik tajribalarini hisobga olib, bir necha muhim nazariy xulosalar qildiki, ular filosofiyani yana ham boyitdilar. Bruno ta’limoticha, haqiqiy filosofiya ilmiy tajribaga suyanishi kerak, sxolastikani tugatish kerak. uning ta’lmoticha, koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy. Juda ko`p dunyolar bizning quyosh sistemasidan tashqarida mavjuddir. Biz ko`rib turgan narsalar koinotining eng kichik bir qismidir. Yulduzlar — bu boshqa planeta sistemalarining quyoshi. Yer — cheksiz dunyoning kichik bir zarrasi. Demak, Bruno tabiiy — ilmiy qarashlarida Kopernikdan ilgarilab ketib, koinotning cheksizligi haqidagi fikrni aytadi, Kopernik esa koinotni chekli deb hisoblagan edi. Bruno Kopernik ta’limotini quyosh sistemasining tuzilishi haqidagi yangi qarashlar bilan boyitdi.

Uyg‘onish davrining natijasi sifatida namoyon bo`lgan Farbiy Yevropa mamlakatlaridagi tub ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar Niderlandiyada XYI asrning 60-70 yillarida, Angliyada XYII asrning 40-50 - yillarida bo`lib o`tdi. Bu davrga kelib, Yevropada alohida millatlarning shakllanishi yuz berdi, milliy davlatlar paydo bo`ldi. Endi monarxiya tuzumi jamiyatning ilg‘or tabaqalari nazarida faqat tarixan o`z umrini o`tab qolmasdan, balki g‘ayritabiiy, g‘ayriaqliy bo`lib ko`rina boshladi. O`sha davrning ideologlari ilgari tan olinmagan insonning tabiiy huquqlari masalasini o`rtaga qo`ydilar. Ular ijtimoiy tartiblar inson tabiatiga mos kelishini talab qila boshladilar. Bor-yo`g‘i 50-60 yil ilgari inkvizitorlar Jordano Brunoni yoqib yuborganlarida lom-mim demagan Yevropa, endi o`zining hayotida markaziy o`rinni inson huquqlari egallashi kerakligini his eta boshladi. Hatto xudoning nomidan bo`lsa-da, inson umriga zomin bo`lishga hech kimning haqqi yo`qligi, odamzodning yashash, fikr yuritish erkinligining tabiiyligi anglab olina boshladi. Albatta, bungacha ikvizisiya bir necha asrlar bu hududni aqidaparstlik changalida ushlab turgan, ne-ne aqlli kishilarni o`z domiga tortib ulgurgan edi.

Ma’naviy uyg‘onayotgan millat va hududda hech qachon aqidaparastlik o`z ta’sirini to`la — to`kis saqlab qola olmaydi. Yevropada ham xuddi shunday bo`ldi. Ma’nan kamolga yetgan, milliy davlatchiligiga ega bo`lgan va endi ana shu mustaqil davlatlarini kamolga yetishi uchun qarzdor ekanligini anglab olgan Yevropa millatlari o`zlarininng komil insonlarini endi inkvizisiyaning, aqidaparastlarning hukmiga topshirishga sira ham haqlari yo`q ekanligini angladilar.



Yevropada Rim imperiyasidan keyin bir necha asrlar o`tib, aynan ana shu davrda ilgarigi, butun mintaqa hayoti uchun xristianlik va uning xilma-xil oqimlari umumiy mafkura rolini o`tab kelgan davr tugadi. Endi diniy oqimlararo kurash, xristianlikning sofligini saqlashga urinishning mutlaqlashtirilishi natijasida vujudga kelgan inkvizisiya ham o`z davrini o`tab bo`ldi. Butun Yevropani boshqarib kelgan qon-qardosh va bir-biriga dushman qirollar davri ham o`tmishga aylana boshladi. Yevropa uyg‘ondi. Ilm-fan sohasida chuqur o`zgarishlar ro`y berdi. Odamlarning dunyoqarashi keskin o`zgara boshladi. Endilikda milliy davlatlarning har biri uchun muhim bo`lgan mafkuraning shakllanishi zaruriyatga aylanib qoldi. Albatta bunda biz sanab o`tgan omillar, ya’ni qirollik an’analari, xristianlik va uning oqimlari ta’siri, umumevropaga xos xususiyatlar, Rim imperiyasi davrida bir oila bo`lib yashagan xalqlar o`rtasidagi hududiy va ma’naviy yaqinlik o`z ta’sirini o`tkazdi. Ammo, asosiysi, bu davrda milliy g‘oyalar to`la-to`kis amalga oshishi uchun ijtimoiy sharoit yetildi, italiya, ingliz, fransuz va boshqa xalqlar o`z davlatchilik an’analarini to`la-to`kis tikladilar. Bu davlatlarda shakllangan falsafiy maktablar faqat milliy qobiqqa o`ralib qolmadilar, balki umumevropa va butun jahon taraqqiyotining umumbashariy muammolarini falsafiy jihatdan izohlash, ilmiy o`rganish va asoslashga harakat qila boshladilar. ushbu davr falsafasi ham oldingiga nisbatan katta qadam tashladi. Fanda qo`lga kiritilgan yutuqlarning falsafiy izohlanishi, kashf etilayotgan ilmiy usul va uslublarning falsafaga tadbiq etilishi, falsafiy qonunlarni fanning turli sohalarida sinab ko`rilishi o`sha davr faylasuflari uchun odatiy holga aylandi. Bu tamoyillar esa milliy chegaralarni bilmaydigan, umuminsoniy qadriyatlar xususiyatiga egadir. Uyg‘onish davri Yevropa fani va falsafasi ham insoniyat tarixida eng buyuk ko`tarilish davrlaridan biri bo`lib qoldi.


Yüklə 130,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin