AV sinf kuchaytirgichlar. AV kuchaytirish rejimida ishchi nuqta berkitish chegarasida emas, balki EO‘ to‘g‘ri (zatvor-istok o‘tish teskari) siljitilgan sohada, A sinfidagiga qaraganda ancha kichik toklarda bo‘ladi.
FIKi kichik bo‘lgani sababli A sinf mikroelektronikada kam ishlatiladi. V va AV sinflarning ikki taktli kuchaytirgichlari keng tarqalgan.
D sinf kuchaytirgichlari.Ular impulsli quvvat kuchaytirgichlarda ishlatiladi. D sinf shuningdek, kalit rejim deb ham nomlanadi. Ushbu ishchi rejimda tranzistor faqat ochiq yoki berk holatda bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kuchaytirgich kaskadning FIK birga yaqin bo‘ladi.
D sinfdaishlayotgan kuchaytirgichning chiqish kuchlanishi hamma vaqt to‘g‘ri burchakli impuls ko‘rinishiga ega bo‘ladi va kirish signalining kuchaytirilishi yoki uning davomiyligi yoki fazasi o‘zgarishi hisobiga amalga oshadi.
17.5. Kuchaytirgichlarda teskari aloqa
Teskari aloqa (TA) deb, kuchaytirgich chiqish zanjiridan kirish zanjiriga energiya uzatishga aytiladi. Chiqish signali kuchaytirgichning kirish zanjiriga to‘liq yoki qisman uzatilishi mumkin. Bitta kaskadni egallagan TA mahalliy, ko‘p kaskadli kuchaytirgichni butunlay egallagan TA esa umumiy deb ataladi.
Umumiy holda TA signali kirish signaliga qo‘shilishi yoki ayirilishi mumkin. Shunga qarab, mos ravishda, musbat va manfiy TAga ajratiladi. Agar kuchaytirgichning kirish signali va TA signali fazalari bir xil bo‘lsa, TA musbat, agar π burchakka farq qilsa, ya’ni fazalari teskari bo‘lsa, TA manfiy deb ataladi.
Manfiy TAning kiritilishi, tranzistor ishlash sharoiti o‘zgarganda, kuchaytirgichning kuchaytirish koeffitsiyenti va boshqa parametrlari barqarorligini oshiradi. Bundan tashqari, manfiy TA kuchaytirgichning o‘tkazish polosasini oshirish imkonini beradi, nochiziqli buzilishlar darajasini pasaytiradi.
Manfiy TA kuchaytirgichlarda, musbat TA esa elektr signallar generatorlarida va maxsus elektron qurilmalarda ishlatiladi.
TAli kuchaytirgichning tuzilish sxemasi 11.8-rasmda keltirilgan. Bu yerda, K – kuchaytirish koeffitsiyenti, TA zanjiri TA koeffitsiyenti æ bilan ifodalanadi. Chiqish signalinining qanday qismi kuchaytirgich kirishiga uzatilayotganini æ ko‘rsatadi.
Kuchaytirgichlarda manfiy TAning turli ko‘rinishlaridan foydalaniladi. TA zanjiri kuchaytirgich chiqishiga qanday ulanganiga mos ravishda kuchlanish bo‘yicha va tok bo‘yicha TA amalga oshiriladi.