Auditorlik tekshiruvini rejalashtirishda qanday maqsad va vazifalar qo’yiladi?
Auditni rejalashtirishning qanday bosqichlari mavjud?
Auditni dastlabki rejalashtirish qanday amalga oshiriladi?
Auditning umumiy rejasini tayyorlash va tuzish qanday amalga oshiriladi?
Audit dasturini tayyorlash va tuzish qanday amalga oshiriladi?
Auditni rejalashtirishning asosiy tamoyillarini qanday izohlaysiz?
Uyg’unlik, uzluksizlik va maqbullik tamoyillari deganda nimalarni tushunasiz?
Korxonani auditorlik tekshiruvidan o’tkazish ishchi dasturi qanday tuziladi?
Auditorlik xizmati ko’rsatish haqida shartnoma hamda boshqa zarur hujjatlarni tuzish tartibi qanday amalga oshiriladi?
7-Mavzu: AUDITORLIK TEKSHIRISH VAQTIDA BUXGALTERIYA HISOBI TIZIMINI VA ICHKI NAZORATINI O’RGANISH HAMDA BAHOLASH
REJA: 1. Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish (bayon qilish). 2. Buxgalterlik hisobining tashkil etilishini o’rganish (bayon qilish).
1. Tekshiriladigan korxona (mijoz) faoliyatini o’rganish (bayon qilish).
Auditorlik tekshiruvni rejalashtirish tekshiriladigan korxona faoliyatini batafsil o’rganishdan boshlanadi. Auditor korxona faoliyatini o’rganishdan ikkita maqsadni ko’zlaydi: a) audit o’tkazishni osonlashtirish va sifatini oshirish; b) tekshiriladigan korxona iqtisodini yaxshilashga qaratilgan amaliy maslahat yordami ko’rsatish.
Buning uchun korxona faoliyatiga ta’sir qiladigan ichki hamda tashqi omillar haqida ma’lumotlarni to’plash zarur.
Auditor birinchi navbatda e’tibor berish lozim bo’lgan, korxona iqtisodiga ta’sir qiladigan ichki omillarga quyi-dagilar kiradi: mulkchilik shakli va boshqaruv tuzulmasi, korxonaning qanday maqsadda tashkil etilganligi, korxona faoliyatida amalga oshiriladigan asosiy muomalalar, moliyasi, xodimlari, hisob yuritish siyosati, korxonaning uchinchi shaxslar bilan o’zaro munosabatlari.
Tashqi omillarga mijoz faoliyat qiladigan tarmoq, mamlakatdagi iqtisodiy holat kiritiladi.
Korxonalarga nisbatan qo’llaniladigan qonunlar nafaqat mulkchilik shakllariga, balki qarorlar qabul qilish jarayonlarining tashkil etilishi va u yoki bu hujjatlarni imzolash uchun javobgar shaxslarning tarkibiga ham bog’liq. Boshqaruv jarayonini bilish nafaqat auditorga zarur bo’lgan materiallarni to’plash uchun, balki uning hisobotidan asosiy foydalanuvchilarni aniqlab, uning ishlaridagi xatarli vaziyatlarni to’g’ri baholashda ham unga yordam beradi. Auditor mulkchilik shakli va tuzilishini o’rganishi uchun quyidagi ma’lumotlarni to’plash zarur:
yirik mulk egalarining ro’yxati;
firmalar va bo’linmalarning ro’yxati;
shu’ba korxonalar, tobe korxonalar va investitsiya qilinadigan boshqa ob’ektlar;
korxonaga rahbarlik qiluvchi va ijro organlari, shuningdek ichki auditning roli va funktsiyalari;
boshqaruvning tashkiliy tuzilmasi;
yuqori mansabdor shaxslar majburiyatlari va javobgarliklarini chegaralash;
boshqaruv qarorlarini, shu jumladan buxgalterlik hiso-bini tashkil etish va yuritish sohasidagi qarorlarni qabul qilish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan ma’lumotlar manbalari;
rahbariyatning ish haqini belgilaydigan omillar;
korxonani, uning buxgalterlik tizimini, o’tkaziladigan auditorlik tekshiruvlari va uning natijalari bo’yicha rahbariyatning rejalari va kutilayotgan natijalari.
Tekshiriladigan korxonaning maqsadlarini tahlil qi-lish, uning muomalalarini yaxshi tushunishga imkon berib, tekshiriladigan hisobot haqida to’g’ri fikr shaklllantirilishi uchun zarurdir. Chunonchi, agar auditor ishini rejalashtirish chog’ida mulk egalarining korxonani tugatmoqchi ekanliklari aniqlansa, bunda u korxona hisobotiga nisbatan faoliyat qilayotgan korxona printsipini qo’llamasligi haqida auditorlik hisobotiga ta’kidlash kiritishga tayyorlanishi zarur. Korxonaning maqsadlarini aniqlash uchun quyidagilarni bilish zarur: mahsulotlar va xizmatlarning asosiy turlari; boshqa korxonalar, guruhlar bilan birlashishga oid yoki korxonaning sotib olish, sotish bo’yicha rejalari; ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktor-lik sohasidagi yirik korxonalar; rejalashtirilgan kapital qo’yilmalar; yangi bozorlarga chiqish rejalari; axborot texnologiyasidagi o’zgarishlar, soliqlarni rejalashtirish strategiyasi.
Mijozning muomalalari haqidagi ma’lumotlar auditorga o’zining xatarli holatlarini to’g’ri baholash, samarali tekshirish dasturi tuzish va uni o’tkazishga ketadigan vaqtni tejashda yordam beradi.
Korxonaning moliyaviy tuzilmasini bilish auditorga korxonaning mablag’larga bo’lgan talabini va ularning kelish manbalarini, korxonaning haqiqiy to’lov qobiliyatini aniq-lash va shu bilan birga u kelgusida o’z muomalalarini amalga oshira olishini aniqlashda yordam beradi.
Moliyaga oid ma’lumotlarga quyidagilar kiradi: pul mablag’larining yo’nalishi va aylanish tezligi; pul oqimla-rini boshqarish metodlari; investitsion siyosat; kredit siyosati va asosiy kreditorlar; banklar bilan munosabatlar; schyotlar ro’yxati (ssuda schyotlari bilan birga); pul mablag’lari harakati umumiy oqimidagi valyuta muomalalarining hajmi; valyuta cheklanganligi; boshqa moliyalashtirish manbalari; kafolatlar va boshqa olingan va berilgan moliyaviy ta’mi-notlar.
Tekshiriladigan korxonaning hisob yuritish siyosatini bilish auditorga har xil schyotlarni tekshirishning samarali metodlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Hisob yuritish siyosatini tushunish uchun quyidagilarni ko’rib chiqish zarur: hisob yuritish siyosatini qabul qilish tartibi; hisob yuritish siyosatiga o’zgartirishlar kiritish; talab etishi mumkin bo’lgan, korxona faoliyatida va qonunchilikda ruy berishi kutilayotgan o’zgarishlar; hisob yuritish siyosatining amaldagi qonunchilikka mosligi, hisob yuritish siyosatining mazkur tarmoq uchun xosligi. (hisob yuritish siyosatini tekshirish tartibi 3, 4-mavzuda batafsil bayon qilingan).
Korxonaning uchinchi shaxslar bilan o’zaro munosabatlarini ko’rib chiqishda quyidagilarni tahlil qilish zarur: korxona da’vosi, shuningdek unga qarshi qo’zg’atilgan da’vo bo’yicha mavjud va bo’lishi mumkin bo’lgan sudlashuvlar; korxonaning mulklari va mas’uliyatlari sug’urta qilinganligi; korxonaning soliq maqomi (soliqlar bo’yicha imtiyozlar va sh. o’.).
Auditor tarmoqda qanday xatarli holatlar bilan to’qna-shishi va mazkur tarmoqning o’ziga xos muammolarini hal qilishga layoqatliligini, unga notanish va o’ziga xos murakkab masalalarni xal etish uchun tegishli mutaxassislar jalb qilish talab qilinishini tasavvur qila olishi lozim. Buning uchun u mazkur tarmoqdagi raqobatchilik shart-sharoit-larini (asosiy raqobatchilarning ro’yxatini tuzishi lozim); baholarning o’zgarishini, tarmoqda ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladigan sharoitlarni o’rganadi.
Auditor axborotlarni to’plashni o’ziga tushunarli metodlar bilan amalga oshirishi lozim.
Korxona rahbariyati va bosh mutaxassislardan so’rab-surishtirish yo’li bilan asosiy muammolarni, xususan, raqobat, soliq masalalari, korxonaning moliyaviy ahvoli, korxonaning yirik muomalalari, biznesdagi, rahbariyatdagi, mulkchilik shakllaridagi o’zgarishlar, ichki nazoratning tashkiliy tuzilmasi va metodlari, rahbariyatning auditor maxsus e’tibor qaratishini istagan o’ziga xos muammolarini aniq-lashi mumkin. Bo’linmalar, ishlab chiqarish urinlari va omborlarga borib, mijozning amalga oshiradigan muomalalari, ishlab chiqarish ko’rilmalari, tovar-moddiy zaxiralarning mavjudligi haqida tasavvurga ega bo’lishi mumkin.
Shuningdek, korxona faoliyati haqidagi uning hisobotida (buxgalterlik hisobotlari va analitik yozuvlar; direktorlar, boshqaruv va aktsiyadorlik kengashining majlis bayonnomalari; ichki auditorning va taftish komissiyasining hisobotlari, lavozim yo’riqnomalari), tashqi axborot manbalari (matbuotda chiqqan nashr mahsulotlari, ma’lumotlar bazasi, analitik nashrlar, qonunchilikka oid va boshqa me’yoriy byulletenlar) keltirilgan ma’lumotlarni tahlil qilishi lozim.
Auditor olingan ma’lumotlarni yozib boradi va korxonaga ta’sir qiluvchi omillar hamda aniqlangan tahlikali holatlar bayon qilingan holda bo’limlarga bo’lingan maxsus yozuv ko’rinishida rasmiylashtiradi.