10-MA’RUZA Mavzu: Son va sanoq tushunchasini shakllantirish bosqichlari. O’nli sanoq sistemasi xususiyatlari va uning nomerlashga asos qilib olinishi.
Reja: «O‘nlik» mavzusida sonlarni raqamlashga tayyorgarlik davri.
«O‘nlik» mavzusida sonlarni taqqoslash.
1.«O‘nlik» mavzusida sonlarni raqamlashga tayyorgarlik davri.
Birinchi sinfga kelgan bolalar turli joylardan va turlicha matematik tayyorgarlikka ega bo‘ladi. Bolalar bog‘chasi yoki ba’zi oilalarda tayyorgarligi bor bolalar 1-10 gacha sonlarni o‘qish, sanash, teskari sanash, yozish malakalariga ega bo‘ladilar. Ba’zan, mutlaqo tayyorgarlikka ega bo‘lmagan bolalar keladilar. Shuning uchun o‘qituvchinig vazifasi 1-sinfga kelgan bolalarning tayyorgarligini individual aniqlashdir. Bu ish o‘qish boshlanguncha yoki birinchi haftadayoq amalga oshirilishi kerak. Aniqlashda quyidagi taxminiy savollar bo‘lishi mumkin:
1. Sanashni bilasizmi? Sanang-chi?
2. Doiracha, cho‘p, bayroqchalarni sanang-chi?
3. Stolda qancha qalam bo‘lsa, shuncha bayroqcha oling.
4. Qaysi doirachalar ko‘p? Qizillarimi, ko‘klarimi?
5.Тartib bilan qo‘yilgan narsalarni tartib bilan sanang.
6. 5–1, 8–2, 4–3 kabi savollar.
Тayyorgarlik davrining (6–7 mashg‘ulot) asosiy vazifasi raqamlashni o‘rganishga o‘tish uchun zarur bo‘ladigan bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni aniqlash.
1-sinfning 1- mavzusi 1-o‘nlik sonlarini raqamlashdan iborat. Bunda bolalar sanoq malakasini hosil qilish, 1–10 ta son haqidagi tasavvur shakllantirish, sonlar qatorini hosil qilish kabi ishlarni bajarish kerak. 10 ichida raqamlashda o‘qituvchining vazifasi bolalarda sanash malakalarini shakllantirish va 1–10 sonlar kesmasida natural qatorning tuzilishini ochib berishi va bu asosda natural ketma-ketlikning hadi sifatida ta’riflashdan iborat. Raqamlashni bilish natijasida o‘quvchilar quyidagilarga erishadilar:
1. 1 dan 10 gacha sonlar ketma-ketligini to‘la o‘zlashtirish.
2. Narsalarni sanashni va sanash tartibi ko‘rsatilganda har bir narsaning tartib raqamini aytib bera olishi.
3. Sonlarning 1 dan 10 gacha har bir son qanday hosil bo‘lishi (1 ni qo‘shish yoki 1 ni ayirish bilan).
4. Raqamlarni o‘qiy olishlari va har bir raqamga mos keladigan narsalar to‘plamini mos keltirishi.
5. Sonlarning katta, kichik, tengliklarini bilish.
6. 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10 sonlarini bir necha qo‘shiluvchilardan iborat qilib yoza olishni.
7. 2+1, 4-1, 1+3 kabi yozuvlarni o‘qiy olishi va natijasini hisoblay olishi;
8. Doira, kvadrat, uchburchaklarni bir-biridan farqlab, nomlarini aytish va ularni chiza olishi;
Natijada quyidagi savollarga qiynalmasdan javob bera oladigan bo‘lsin:
1. U yoki bu son qanday hosil qilinishi mumkin? 4+1=5, 6-1=5 kabi.
2. Son qanday ataladi va u bosma va yozma raqamlar bilan qanday yoziladi?
3. Berilgan son bilan qo‘shni sonlar orasida qanday munosabatlar mavjud (<,>, =)
10 ichida sonlarni raqamlashda quyidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarni egallab olishi kerak.
1. 1–10 raqamlashni va ularning ketma-ketligini.
2. Har qanday sonning sonlar qatoridagi o‘rnini.
3. Sonlarni taqqoslashni (<,>, =) belgilarni qo‘ya olishi
Bu bosqichda o‘qituvchining vazifasi bolalarda sanash malakalarini shakllantirish va 1–10 sonlar kesmasida natural qatorning tuzilishini ochib berish va bu asosda sonni natural ketma-ketlikning hadi sifatida ta’riflashdan iborat.
Bu vazifalardan kelib chiqib mavzuni o‘rganish rejasi tuzuladi. Natural raqamlar tartibi o‘quvchilarda bu qatorning hosil bo‘lish tushunchalarini ongli o‘zlashtirishiga imkon beradi. Shunga e’tibor qilish kerakki har gal avvalgi o‘tilgan raqamlar qatori qayta ko‘rib chiqiladi va o‘rganilayotgan yangi raqamlar ilgarigi tartibni davomi ekanligiga diqqat qaratiladi.
10 ichida mashg‘uloтlar o‘tkazish metodikasining umumiy masalalari I. 1 - sinfda matematika bilan shug‘ullanishning asosiy o‘quv-tarbiyaviy vazifalari. 1 - sinf dasturi bundan keyingi ta’lim asoslanadigan muhim bilimlar, malakalar va ko‘nikmalarni tarkib toptirishni nazarda tutadi. 1-sinfda son, sanoq, qo‘shish va ayirish amallari haqidagi tasavvurlar tarkib topishi, sonlar qatori ongli o‘zlashtirilishi kerak (bolalar qatordagi har bir son qanday hosil bo‘lishini o‘zlashtirishlari, sonlarni taqqoslashni o‘rganib olishlari kerak). qo‘shish va ayirish usullarini ongli o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilishi kerak.
Nihoyat, 1-sinfda o’qitishning natijasi 10 ichida sonlarni qo‘shish jadvalini, shu sonlar tarkibining tegishli hollarini va ayirishni ongli va puxta o‘zlashtirishni hamda bu o‘zlashtirishni samarali eng yuqori darajasigacha yetkazishdan iborat bo‘lishi kerak. Bolalar 3 + 6 = 9 ekanini, 9 bu 4 va 5 ekanini, 9 - 6 = 3, chunki 9 bu 3 va 6 ekanini og‘zaki bilishlari kerak.
Bundan tashqari, bolalar 20 ichida predmetlarni sanay oladigan, 0 dan 20 gacha bo‘lgan sonlarni o‘qiy oladigan va yoza oladigan, ularning o‘nliklar va birliklardan iborat tarkiblarini bilishlari (12- bu 1 o‘nlik va 2 birlikdan iborat ekanini, 1 o‘nlik va 7 birlik bu 17 ekanini) bilishlari kerak, 20 ichida qo‘shish va ayirishga doir misollarni (10 + 6, 13 - 3, 16 - 10) yecha oladigan bo‘lishlari kerak.
Bundan tashqari, bolalar berilgan sonni bir necha birlik orttirish yoki kamaytirishga doir masalalarni yechishni o‘rganib olishlari kerak. Butun yil davomida bolalarning fazoviy tasavvurlarini aniqlash va kengaytirishga doir, ularning «ortiq», «kam», «o‘shancha» munosabatlarini tushunishlarini aniqlash va kengaytirishga doir, predmetlar uzunliklarini (oldin istalgan uzunlikdagi o‘lchov tasmasi, so‘ngra uzunligi 1 santimetr bo‘lgan tasma yordamida) o‘lchash bilan bog‘liq bo‘lgan, kesma uzunligini (butun santimetrlarda) chizg‘ich bilan o‘lchash va berilgan uzunlikdagi kesmani chizish bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy malakalarni shakllantirish bo‘yicha tizimli ish olib boriladi. O‘qituvchi har doim shuni esda tutishi kerakki, bolalarning hayotiy tajribalariga doimo asoslanilgandagina, tizimli ravishda uni boyitilgandagina o‘quv vazifalari hal qilinishi mumkin, shu sababli bolalarda nutq, xotira va tafakkurning rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilish kerak. Bolalarning umumiy rivojlanishiga erishish uchun har bir darsda, imkoniyatga qarab, predmetlar guruhini, ayrim predmetlarni kuzatish, ularning klassifikasiyasi, bolalar xotiralarining mashqi bilan bog‘liq bo‘lgan ish o‘tkazilishi kerak. Bunda bolalarga eslab qolishni osonlashtiruvchi usullarni o‘rgatish muhimdir. Masalan, qo‘shish jadvalini o‘rganishda bir xil sonlarni qo‘shish (4 + 4, 5 + 5 va hokazo), natijalarini eslab qolish 4 + 5, 5 + 6 va boshqa qo‘shish hollarini eslab qolishga yordam beradi.
Shu vaqtning o‘zida dasturning ko‘pgina masalalarini o‘zlashtirish bolaning u yoki bu amalni ongli bajarishini talab qiladi. Masalan, bir guruhdagi predmetlarni bolalar oldin bir tartibda, keyin boshqa tartibda sanab, sanoq natijasi sanashning qanday tartibda bajarilishiga bog‘qliq emas ekan, degan xulosaga keladilar. Shuningdek, amaliy kuzatishlar natijasida bolalar predmetning tartib raqami har doim sanashning qanday tartibda bajarilishiga bog‘liq ekaniga ishonch hosil qiladilar va hokazo.
Ko‘pgina kuzatishlar natijasida to‘plangan hisoblashlarni osonlashtirishga yordam beradigan materialdan o‘qituvchi o‘quvchilarning kuchlari yetadigan umumlashtirishlar qilishda foydalanishi kerak. Masalan, bolalar 4 + 5, 5 + 4 ko‘rinishdagi misollar juftlarini kuzatib va taqqoslab, yig‘indi sonlarning qo‘shilish tartibiga bog‘liq emas, degan xulosa chiqaradilar va yig‘indining bu xossasidan kichik songa katta sonni qo‘shish hollarida foydalanadilar (2 + 7, 1+9 va hokazo).
Bolalarning bilish qobiliyatlarini (birinchi navbatda ularning tafakkur va nutqini) rivojlantirish muhim masala bo‘lib, bolalar bilan bajariladigan o‘quv va tarbiya ishlarining mazmuni ham, metodlari ham bu masalaga bo‘ysundirilgan bo‘lsagina muvaffaqiyatli hal qilinadi. Matematika mashg‘ulotlari uchun bunday topshiriqlarni tanlash katta ahamiyatga ega. Bu mashg‘ulotlar bolalardan mustaqil kuzatishlar o‘tkazishni, qaralayotgan hodisalarni, predmetlarni, o‘z harakatlarini va shu singarilarni taqqoslash, tavsiflashlarni talab qiladi. Bolalarning nutqi o‘qituvchining savollariga javob berishdangina iborat bo‘lmas-dan, unda kerakli so‘z va ifodalarni o‘z ichiga olgan hikoyani ravon tasvirlashi muhimdir (masalan, predmetlarning xossalarini o‘rganishda, xususan, ularning ranglarini farq qilishga o‘rgatishda, rangning nomini, tevarak-atrofdagi predmetlarning ranglarini aytishdan tashqari o‘quvchilarga o‘zlari biladigan mevalar va sabzavotlar haqida gapirib berishni, bunda ularning ranglarini aytishni taklif qilish mumkin va hokazo). Matematika darslarida beriladigan topshiriq va mashqlarning mazmunida bolalarga tanish kitob, ertak va multfilmlarning qahramonlari qatnashsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mashg‘ulotlar metodikasi va mashg‘ulotlarni tashkil qilish. Darsda matematika mashg‘ulotlariga qiziqish uyg‘otuvchi musobaqa elementlarini o‘z ichiga olgan didaktik o‘yinlarga ko‘proq o‘rin berish kerak. Bular boshlang‘ich maktabda matematika o’qitish tajribasidan ma’lum bo‘lgan didaktik o‘yinlar («Jim», «Zinapoya», «Estafeta») bo‘lishi mumkin, bu o‘yinlarni o‘ynashda sinf kollektivi odatda ikkita komandaga bo‘linadi yoki ikki o‘quvchi tomonidan o‘ynaladi. Bunday o‘yinlarni shunday tashkil qilish muhimki, bolalar ba’zan «o‘qituvchi» rolida bo‘lib qolishsin, ya’ni to‘g‘ri bajarilganlikni tekshiradigan bo‘lishsin yoki o‘zlari topshiriqlar berishsin (bolalar o‘yin paytida rollari bilan almashinib tursin).
Bolalar o‘z mohiyatiga ko‘ra qiziqarli bo‘lgan maxsus tanlangan mantiqiy mashqlarni katta qiziqish bilan tahlil qila oladilar.
Mantiqiy mashqlar, o‘yinlar, didaktik material bilan amaliy ishlar, bosma asosli daftar bilan amaliy ishdar darsda nisbatan katta o‘rin olishi kerak, ammo bular bilan bir qatorda o’qitishning oddiy metodlaridan ham foydalaniladi, bu metodlar ham qaralayotgan holda ma’lum xususiyatga ega. Masalan, bog‘cha-maktab o‘quvchilari bilan ishlashda uzoq tushuntirishlar bo‘lmasligi kerak. Тushuntirish ko‘pincha tayyorlovchi suhbat bog‘cha-maktab shaklida olib boriladi. Kitob bilan ishlash, odatda, o‘qituvchi rahbarligida o‘tadi, ammo yil oxirigacha bolalarni kitob bo‘yicha ba’zi topshiriqlarni mustaqil bajarishga o‘rgatish kerak (misollarni yechish, uncha qiyin bo‘lmagan kichik matnli masalalarni yechish).
Bog‘cha-maktab o‘quvchilari bilan mashg‘ulotlarni tashkil qilishning muhim talablaridan biri shunday sharoit yaratishdan iboratki, bu sharoitda bolalar faoliyatlarining turi o‘z vaqtida almashtirilishi va bajarilayotgan topshiriqlarning xilma-xil bo‘lishi ta’minlanishi kerak (kuzatishlar, didaktik materiallar bilan amaliy ishlar, rasm solish, suhbatda qatnashish, daftarda mustaqil ish bajarish, kitob bilan ishlash.
Shundan keyin kitob bilan ishlash o‘qituvchi rahbarligida boshlanadi, undan keyin esa boshqa sanoq materiallari bilan yana amaliy ishlar bajarishga o‘tiladi (masalan, masalalar tuzish uchun ko‘rsatmali rasmlardan foydalaniladi). Bundan keyin esa o‘qituvchi doskada tushuntirgani bo‘yicha daftarda mustaqil ish bajariladi.
Darsning borishida, o‘qituvchining xohishiga qarab, bolalarda charchash alomatlari sezishi bilanoq, jismoniy tarbiya daqiqalari o‘tkazish foydalidir, darsga bolalarning kayfiyatini ko‘taruvchi, masalan, hazil masalalar, qiziqarli, yorqin, g‘alati rasmlar, jadvallar va shu singari qiziqarli elementlarni kiritish foydalidir. Shu xildagi ba’zi materiallar darslik sahifalarida berilgan.
Тa’limning o‘quv, tarbiyaviy rivojlantirish vazifalarini hal qilishga mashg‘ulotlarning butun tizimi bilan, ya’ni kuzatishlar, har xil didaktik materiallardan foydalanib amaliy ishlar o‘tkazish, darslik, bosma asosli daftar bilan ishlash va shu singarilar bilan erishiladi. Bunda asosiy qo‘llanma darslik hisoblanadi. Darslik bilan ishlash darsda ozgina vaqtni olsa-da, ammo aynan shu kurs tizimining izchilligini aniqlaydi, dastur talablarini aniqlashtiradi, kursning har bir masalasi qaysi darajada qaralayotganini ko‘rsatadi, ular qanday ketma-ketlikda o‘rganilishini ko‘rsatadi.
Darslikni yaxshi bilish o‘qituvchiga kursni rivojlantirish mantiqini (mazmunni, ishni ba’zan esa uni tashkil qilishni, shu rejalash bosqichda foydalanilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan ko‘rsatmalilik turlarini) tasavvur qila olishga yordam beradi. Shu sababli darslik xususiyatlarini chuqur bilib olish kerak.