Detallarning geometrik parametrlari aniqliligini tahlil qilishda quyidagi sirtlar farq qilinadi: nominal (shakl va o`lchamlar chetlanishlariga ega bo`lgan (ideal)) va detalni atrof muhitdan ajratib chegaralaydigan real (xaqiqiy) sirtlar. Detallarning real sirtlari ishlov berish yoki mashinalarni ishlatishdagi shakl o`zgarishlari natijasida hosil bo`ladi. Shunga o`xshash nominal va real sirtning (profilning) nominal va real joylashuvini farq qilishga to`g’ri keladi. Sirtning nominal joylashuvi ular va bazalar orasidagi yoki agar bazalar berilmagan bo`lsa, qaralayotgan sirtlar orasidagi nominal chiziqli va burchakli o`lchamlar bilan aniqlanadi.
Baza – detalning tekisliklardan birini yoki kordinatalar tizimi o`qlarini aniqlaydigan sirti, chizig’i, nuqtasi unga nisbatan joylashuv cheklamasi beriladi yoki joylashuvining chetlanishi aniqlanadi.
Sirt profili – sirtning tekislik yoki berilgan sirt bilan kesishish chizig’i (konturi). Real sirtlar yoki profillar nominallaridan farq qiladi.
Haqiqiy shaklning nominal shakldan chetlanishlari natijasida detalning turli kesimlaridagi o`lchamlari bir – biridan farq qiladi. Profil chetlanishlarini tahlil qilish uchun haqiqiy sirt kesimi konturini fazoviy burchaklar va amplitudalar spektorlari, ya`ni turli chastotali chetlanishlar majmuasi bilan aniqlanadigan profil’ chetlanishlarning garmonik tashkil etuvchilari majmuasi bilan xarakterlash mumkin. Konturograflari garmonik analizatorlar bilan uyg’un holda qo`llash detallar geometrik parametrlari chetlanishlari xarakterini tadqiq qilish, ularning paydo bo`lishi sabablarini aniqlash va texnologik jarayonlari takomillashtirish yo`llarini belgilash imkoniyatini beradi. Geometrik parametrlar chetlanishlarini ancha yirik holda turlarga ajratish mumkin: xususan o`lchamning chetlanishlari nolinchi tartibdagi chetlanishlarga; sirtlar joylashuvlarining chetlanishlari (e) 1-inchi tartibdagi chetlanishlarga; sirt shaklining chetlanishlariga (F) 2-inchi tartibdagi chetlanishlarga; to`lqinsimonlik xarakteriga ega chetlanishlar 3-inchi tartibdagi chetlanishlarga; sirt g’adir budirligi 4-inchi tartibdagi chetlanishlarga kiritiladi.
Umumiy holda buyumlarning maqbul sifatini hosil qilish uchun chiziqli va burchakli o`lchamlar, detallar va ular tarkibiy qismlari sirtlari shakli va joylashuvining aniqligini, shuningdek, detallar sirtlarining to`lqinsimonligi va g’adir-budurligini me`yorlash va nazorat qilish zarur.