KUN TARTIBIDA JISMONIY TARBIYA SOG’LOMLASHTIRISH ISHLARI ERTALABKI GIMNASTIKA Ertalabki gimnastika bolaning oila, yasli bolalar bog’chasidagi kundalik rejimining majburiy qismidir. Uning kattalar rahbarligida o`tkazib turilishi bolalar asta-sekin yoqimli mushak sezgisi, ijobiy emotsiyalar xushchaqchaqlik kayfiyatini o`yg’otadigan jismoniy mashqlarga nisbatan ko`nikishni tarbiyalaydi. Ertalabki gimnastikaning ahamiyati rang-barang: u organizmning hayot faoliyatini yaxshilaydi, uyqudan so’ng nerv tizimini harakatga keltiradi, bedorlikka o`tish vaqtini qisqartiradi, ijobiy hislar o`yg’otadi. Uyqudan so`ng maxsus tanlangan jismoniy mashqlardan iborat ertalabki gimnastika bolani butun organizmini asta-sekin faoliyat holatiga jalb etadi. Jismoniy mashqlarni bajarish bosh miya tizimi faolligini kuchaytiradi. Ko`rish, eshitish, tayanch harakat, teri kabi barcha retseptorlardan bosh miyaga keladigan butun impulslar oqimi nerv tizimi ish qobiliyatini va organizmining xayot faoliyatini tiklaydi. Ertalabki gimnastika to`g’ri qad-qomatni tarbiyalashga ta’sir etib, nafas olishni chuqurlashtiradi, qon aylanishini kuchaytiradi, modda almashishiga yordam beradi. Ertalabki gimnastika bolalarda diqqatni, maqsadga intiluvchanlikni tarbiyalaydi, aqliy faoliyatining oshishiga yordam beradi, emotsiya va quvonch tuyg’ularini uyg’otadi. Bolalarning jismoniy mashqlarni ochiq havoda yoki darcha derazalari ochiq xonada suv muolajalari (artinish, suv qo`yish, dush) bilan o’tkazishlari juda sog’lomlashtiruvchi samara beradi, nerv tizimining umumiy holati va funksional imkoniyatlarini yaxshilaydi, uni mustahkamlaydi va chiniqtiradi qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining muqobillashuviga yordam beradi, almashinish reaksiyalarini yaxshilaydi, shamollash va yuqumli kasalliklarga nisbatan immunitet hosil qiladi, bolalarda tetiklik, yengillik, quvonch sezgilarini o`yg’otadi.
Bolalar organizmini chiniqtirish maqsadida suv harorati asta-sekin pasaytirib boriladi, bunda shifokor ko’rsatmasi asosida har bir bolaga yakka yondashishga rioya qilinadi.
Ertalabki gimnastikani o`tkazish uchun avval o`rganilgan mashqlar ichidan tanlanib, mashqlar majmuasi tuziladi.
Mashqlarni quyidagi tartibda o`tkaziladi:
yelka kamari mushaklarining rivojlantiruvchi va mustahkamlovchi, yelka bo`g’imlari, ko`krak qafasi harakatchanligini rivojlantirishga, umurtqa pog’onasini rostlashga xizmat qiluvchi mashqlar;
orqa mushagi va umurtqa pog’onasi egiluvchanligini rivojlantirish va mustahkamlashga mo`ljallangan, ichki organlarga massaj kabi ta’sir etuvchi, oyoq bo`g’imlarini rivojlantiruvchi mashqlar;
qorin va oyoq mushaklarini rivojlantirishga mo`ljallangan mashqlar.
Mashqlar majmuasini tuzishda har bir yosh guruhining yosh va yakka xususiyatini hisobga olish lozim.
Ertalabki gimnastika birinchi kichik guruhdan boshlab joriy etiladi. Ertalabki gimnastikada harakatlarga o`rgatilmaydi, shuning uchun tarbiyachi mashkni oldindan tushuntirishi va namoyish qilishi kerak emas. Kichik va o`rta guruhlarda yilning birinchi yarmida tarbiyachi bolalarga mashqni o`zi bilan birga bajarishni taklif etadi.
O`rta guruhning ikkinchi yarmi va katta va tayyorlov guruhlarida u mashqlarni nomini qisqagina aytadi, dastlabki holat uchun buyruq beradi. Mashq boshlashdan oldin va u tugagach, katta guruh bolalari asosiy tik holatda (tovonlarni juftlashtirib, oyoq uchlarini kerib) turadilar. Kichik va o`rta guruhlarda bolalar oyoqlarni parallel holda biroz kerib turadilar, bu yassi tovonlikni oldini oladi.
Ertalabki gimnastika so`ngidagi sur’atni sekinlatib yurish, turgan holatida oyoqlarini biroz qutarib qadam tashlash, nafas olish mashqlarini bajarish bilan tugallanadi. Bu bola yurak pulsini normal xolga keltiradi.