JISMONIY DAQIQALAR Jismoniy daqiqalar (qisqa muddatli jismoniy mashqlar) o`rta, katta va tayyorlovchi guruhlarida mashg’ulotlar o`rtasidagi tanaffusda, shuningdek dars jarayonining o`zida o`tkaziladi.
Jismoniy daqiqaning ahamiyati bola faloliyati va xolatini harakat faolligi orqali almashtirishdan iborat bo`lib, u charchoqni yozadi, bolaning emotsional ijobiy holatini tiklaydi.
Agar bola mashg’ulot jarayonida nisbatan harakatsiz turib qolsa toliqish yuzaga keladi. Toliqish bir xil ish, shuningdek mashg’ulot yuklamasini buzilishi tufayli kuchayadi, bu bolalarning e’tiborini susaytiradi. Bu bosh miya po`stlog’ida rivojlanadigan tormozlanish va bolaning o’quv materialini o`zlashtirish qobiliyatining susayishi bilan izohlanadi. U chalg’iy boshlaydi, diqqat faolligi, idroki susayadi. Bu belgilarning barchasi faoliyatni o`zgartirish zarurligini ko’rsatadi.
Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, hatto 6 yoshli bolalar ham 20 daqiqagina nisbatan harakatsiz va diqqatni jamlab tura olar ekanlar; shu muddatdan so`ng ular toliqish tufayli bilimlarni yaxshi o’zlashtirish va ko’nikmalarni egallashga qodir bo`la olmaydilar.
Jismoniy mashqlarni bajarish mushak ishini faolashtiradi, bu o`z navbatida qon aylanishini kuchaytiradi va oqibatda yurak ishining, nafas olishning intensivligini oshiradi, miyaning qon bilan ta’minlanishini faollashtiradi. Bularning hammasi birgalikda bola psixikasi emotsional – ijobiy holatning shakllanishiga, diqqatning, aqliy faoliyat va umumiy jismoniy holatning oshishiga ta’sir qiladi. Charchoq yo`qoladi, bola dam oladi va yana ishtiyoq bilan shug’ullana boshlaydi.
Jismoniy daqiqalar tarkibiga 10-15 marta sakrash, 10-12 marta cho`qqayib o`tirish yoki turgan joyida yugurish (30-40 sekund) kiradi. Jismoniy daqiqalari o`z ichiga yelka kamari va qo’llarga mo’ljallangan 2-3 ta mashq, tortilish, egilish va gavdani burish mashqlarini oladi. Jismoniy daqiqalar 2-3 daqiqa davom etadi.
JISMONIY MASHQLAR BILAN AMALGA OSHIRILADIGAN CHINIQTIRISH TADBIRLARI Maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalarni chiniqtirish maqsadida havo vannalari, suv muolajalari (artinish, suv quyish, dush, cho`milish) va quyosh vannalaridan foydalaniladi.
Tabiiy omillardan mujassam holda foydalanish bolalarda tashqi muhitning turli noxush ta’siriga nam (havo, yomg’ir, shamol, qizish) nisbatan chidamlilikni hosil qiladi.
Chiniqtirish tadbirlari jismoniy mashqlar bilan birgalikda olib borilganda juda samarali bo’ladi: faol mushak ishi issiqlik regulyatsiyasining takomillashuv jarayoniga va bu bilan organizmning tashqi muhitga moslashuviga yordam beradi.
Chiniqish jarayoni xilma-xil, u bir tomondan shifokor tavsiyasiga ko`ra maxsus tadbirlar (havo, suv, quyosh vannalari)ni o`z ichiga oladi, ikkinchi tomondan kun tartibida belgilangan sharoitning (xonani muntazam shamollatib turish, darchalarning ochiq turishi, bolalar yengil kiyim-bosh va poyabzali, sayrning belgilangan muddatiga va bolalar harakat faolligi tartibiga rioya qilish, derazalari ochiq ayvonda uxlash). Bularning hammasi organizmning to’laqonli chiniqishini ta’minlaydi, unda yoqimli o`zgarishlar paydo qiladi (nerv tizimining holati va vazifasini modda almashinishi jarayonini, qon tarkibini yaxshilaydi, nafas olishni chuqurlashtiradi, psixikaning hissiy – ijobiy holatini vujudga keltiradi) bola xatti-harakatini bu sharoitga moslashtiradi.
«Uchinchi mingyillikni bolasi» tayanch dasturi barcha yosh guruhlarda bir yoshdan boshlab chiniqtirish tadbirlarini qo`llashni ko`zda tutadi. Dasturda chiniqtirish turlari, ularning o`tkazish vaqti, qancha davom etishi belgilangan, shifokor tavsiyasiga ko`ra bolalarga yakka holda yondashish kerakligi ko`rsatilgan
Havo vannalari – bolalar harakat faoliyati vaqtida havoni terining yalang’och qismiga bevosita ta’sir etishini ta’minlaydi. Bunda havo vannasining eng maqsadga muvofiq va tabiiy ko`rinishi ochiq havoda hamda deraza darchalari ochiq xonalarda o`tkaziladigan ertalabki badantarbiyadir.
Jismoniy tarbiya mashg’ulotlari va ertalabki gimnastika havo vannasi sifatida o`ziga xos xususiyatlarga ega. Ularni xonada o`tkazishda havo harorati asta-sekin har 2-3 kunda kamaytirib boriladi, bolalar ham shunga qarab yengilroq kiyintiriladi. Bu ish shifokor ko’rsatmasiga ko`ra, bolalar sog’lig’ining ahvoli va ularning har biriga yakka yondashgan holda amalga oshiriladi.
Bola havo vannalarini avval xonada, keyin ko’chada oladi. Havo vannalari sovuq (10-20 S), befarq (23-30s) va issiq (30s dan yuqori) bo`ladi. Bola sovuq havoga asta-sekin o`rgatiladi. Dastlab bolalar ishtonchada 15-20 daqiqa havo vannasini xonada qabul qiladilar. Havo vannasi olina boshlangandan 10-15 kun o`tgach, bolani ko`chaga yengil kiyintirib chiqarish mumkin.
Suv tadbirlari artinish, belidan suv quyish, dush, cho`milish (basseyn, daryo, ko’l, dengizda) kabi muolajalardan iborat. Shifokorning bolalarning uziga xos xususiyatlari va sog’lig’ini hisobga olib bergan tavsiyasi bu muolajalarni belgilash uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Suv muolajalarida bolaning faol bo`lishi maqsadga muvofiq va zururdir.
Oyoq, qo`l uchlaridan markazga qarab massaj harakatlaridan foydalanib bolalar suvi siqilgan ho`l qo`lqoplar yordamida o`zlari harakat qilishga o`rganadilar. Doira yoki yarim doira bo`lib, turgan holda ular bir vaqtda ko`krak, yelka va qo`llarni ishqalab artadilar, shundan so`ng o`girilib qo`lqoplarini orqada turgan bolalarga beradilar va ularning har biri o`rtog’ining orqasini ishqalaydi. Shunday qilib, bola artinish jarayonida harakatda bo`ladi, sovuq qotmaydi va tarbiyachi rahbarligida zarur hayotiy ko’nikmaga o’rganadi.
Boshdan suv quyish o`zining organizmga ko`rsatadigan ta’siriga ko`ra oldinga tadbirlardan birmuncha kuchliroqdir. Suv oqimi badanni tozalaydi, mushaklar tonusini oshiradi, ular ishini faollashtiradi, nerv tizimini qo`zg’atadi, tetiklik holatini yuzaga keltiradi. Bola oqayotgan suvga orqasi, ko`kragi, biqini, qorni, qo`llarini tutib aylanadi. Bundan tashqari u suv oqimiga ko`ra harakat qilib, badaniga suv sochib ishqalashi mumkin.
Muolajadan so`ng barcha bolalar badanlarini tarbiyachi kuzatuvida yaxshilab artadilar.
Tayyorlov gruhlarda ertalabki gimnastikadan so’ng belgacha suv quyishdan foydalanish mumkin. Bolalar mustaqil yuvinadilar, bunda bo’yin, ko`krak, yelka va qo`llarini suv bilan chiniqish muolajalari quyidagi turlarga bo’linadi: sovuq (suv harorati 20s), salqin (20-30s), befarq (34-35s), iliq (36-40s), issiq (40s dan yuqori).
Cho’milish har kungi doimiy muolaja sifatida bola organizmini sog’lomlashtirish va chiniqtirishning ajoyib vositasidir. Sovuq suv, ultrabinafsha nur, toza havo, bolalar harakati bu vositalar bola organizmiga, uning nerv tizimiga yaxshi ta’sir etadi.
Biroq bu muolajaning samaradorligiga qaramay undan juda ehtiyotkorlik bilan foydalanish, bolalarni unga asta-sekin o`rgatish – dushdan oldin artinish va suvning haroratini asta-sekin pasaytirib borish lozim.
Chiniqtirish maqsadidagi cho`milish dasturda o`rta, katta va tayyorlov gruhlari uchun tavsiya etiladi. Suvga o`rgatishni 1,5-2 yoshdan boshlash maqsadga muvofiqdir. Suvi sayoz joyda yurish, tosh terish, shishirilgan o’yinchoqlar bilan o`ynash, suv sachratish kichkintoylarga o`zlari uchun yangi bo`lgan suv muhitini o`zlashtirishda yordam beradi, axloqiy hislarni uyg’otadi, jasurlikni tarbiyalaydi.
Cho`milish yozda, kun issiq paytda, havo harorati 20-25s, suv harorati kamida 20-25s paytida boshlash, ikki haftadan keyin havo harorati 18-20s, suvning 15-16s bo`lganda cho`milish mumkin.
Cho`milish joyini sinchiklab tekshirish, 3-4 bolaning kattalarning hushyor kuzatuvida bir vaqtda cho`milish, shifokorning barcha ko’rsatmalariga rioya qilish – bu muolajalarni o`tkazishning majburiy shartidir. Cho`milish muddatini har bir yosh gruhi uchun bolalar muassasasi shifokori belgilaydi. Bunda metereologik sharoit suv va havo temperaturasi, shamol, quyoshli yoki bulutli havo va barcha bolalar organizmining chiniqqanlik darajasi hisobga olinadi.
Quyosh vannalari. Quyosh bola organizmiga yaxshi ta’sir ko`rsatib, uning umumiy holatini mustahkamlaydi, almashinish jarayonlarini yaxshilaydi. Ayniqsa bakteritsid (bakteriyalarning rivojlanishini to`xtatadigan), antiraxit (nerv tizimining faoliyatini yaxshilaydigan, modda almashinish jarayonini kuchaytiradigan, suyak mushak tizimini mustahkamlaydigan), eritem (qon oqimini ko`chaytiradigan va terini qizartirib, badanning qorayishiga olib keladigan) ta’sirga ega bo`lgan ultrabinafsha nurlari juda foydalidir.
Dastlab quyoshda ko’pi bilan 5-6 daqiqa toblanish lozim. Bu muddat har kuni 5-6 daqiqa oshira boriladi va nihoyat 1 soatga yetkaziladi.
Bola oftobda boshiga sochiq yopib yoki panama kiyib yotishi, har 2-2,5 daqiqada qorindan yonboshga, so`ngra orqasiga, keyin boshqa yonboshiga ag’darilib turishi lozim. Quyosh vannasidan so’ng soyada 15-20 daqiqa dam olish, ustdan suv quyish, suv havzasida 5-10 daqiqa choqmilish mumkin.
Oftobda ertalab soat 8 dan 11 gacha va kunduzi soat 16 dan 18 gacha toblanish foydalidir. Bu paytda quyoshning ultrabinafsha nurlari ko`p bo`lib, bu nur raxitning oldini oladi. Infraqizil nurlari esa tanani qizdirib yuborib, zarar keltirishi mumkin.
Quyosh vannasidan me’yorida foydalanmaslik tufayli bolalarga salbiy holatlar (qo`zg’alish va uyquning buzilishi, tomirlarning keskin kengayishi, qon tarkibining yomonlashuvi va boshqalar) yuz berishi mumkin. Shuning uchun bolalar muassasalarida quyosh vannalari faqat shifokor tavsiyasiga ko`ra, bolalarning yakka xususiyatlarini hisobga olgan holda o`tkazilishi zarur. Bolalarni muntazam holda chiniqtirish ilk yoshdan boshlanishi lozim, shundagina bolalarda chiniqish ko`nikmalarini tarbiyalash mumkindir.