Afrika materigining geografik o‘rni va o‘rganilish tarixi
Asosiy xususiyatlari. Afrika ekvator o‘rtasidan va bosh meridian g‘arbidan kesib o‘tgan yagona materik, eng katta cho‘llar bor, eng issiq materik, eng yuqori harorat kuzatilgan, sharqiy yarimsharning eng uzun va eng sersuv daryolari bor, eng yirik maymunlar, eng yirik sutemizuvchilar yashaydi, qirg‘og‘i eng kam parchalangan, quruqlikdagi eng katta Buyuk Afrika yer yorig‘i bor, har ikkala kengliklar bo‘yicha iqlim mintaqalari va tabiat zonalari takrorlanib joylashgan, chuchuk suvli eng uzun (750 km) va chuqur Tanganika (1 470 m) ko‘li bor, olmos qazib chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda.
Ma’lumki, Yer sharida okeanlar va materiklar turlicha taqsimlangan. Jumladan, Shimoliy yarimsharning 39 % i, Janubiy yarimsharning esa 19 % i quruqlikdan iborat.
Agar globusni ko‘proq materiklar hududiga to‘g‘rilansa, „Materiklar yarimshari“ hosil bo‘ladi.
Ushbu yarimsharda quruqlik 53 % maydonni egallaydi.
Shularga asoslanib, keyingi paytda olimlar „Materiklar yarimshari“ni ajratishmoqda (11- rasm).
Geografik o‘rni. Afrika — to‘rtta yarimsharda joylashgan yagona materik. Ekvator Afrikani deyarli qoq o‘rtasidan ikkiga bo‘lib turadi.
Uning shimoliy va janubiy chekka nuqtalari ekvatordan deyarli teng masofada joylashgan. Gibraltar bo‘g‘izi orqali Yevropa, Suvaysh kanali orqali Osiyo qit’alari bilan tutashib turadi.
Materikning shimoliy va g‘arbiy sohillarini Atlantika okeani suvlari, shimoli-sharqiy va sharqiy sohillarini esa Hind okeani suvlari yuvib turadi.
Afrikaning qirg‘oqlari kam parchalangan bo‘lib, uzunligi 30 500 km ga teng.
Afrika shimoldan janubga torayib boradi. Shimoliy qismining eni (Almadi va Ras-Xafun burunlari oralig‘i) 7 500 km bo‘lsa, janubining eni 3 000 km ga teng.
Materik sharqida yirik Somali yarimoroli va Mozambik bo‘g‘izi bilan ajralgan Madagaskar oroli joylashgan. G‘arbida yirik Gvineya qo‘ltig‘i bor.
O‘rganish tarixi.Afrika materigi dastlab Liviya deb atalgan. Olimlarning fikricha, Afrika so‘zi eramizdan avvalgi II asrdan qo‘llanilgan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, materik nomi uning shimoli-g‘arbiy qismi (Tunis, Marokash yerlari)da yashagan qadimgi berberlarning afarik qabilasi nomidan olingan.
Afrika sivilizatsiyaning beshigi hisoblanadi. Unda 3 — 4 mln yil avval odamlar yashaganligi arxeolog olimlar tomonidan aniqlangan. 6 000 yil avval Nil daryosi vodiysining hosildor yerlarida ilk sivilizatsiya tarkib topgan.
Afrika tabiatini, aholisining urf-odatlarini, xo‘jaligini o‘rganishda mashhur marokashlik sayyoh Ibn Battutaning alohida o‘rni bor.
U Afrikaning shimoliy va sharqiy sohillarini, Nil havzasini (1325 — 1349- y.), Sahroyi Kabirning g‘arbiy qismini, Niger daryosining yuqori oqimidan o‘rta oqimigacha o‘rgangan.
XV asr yevropaliklarning Afrikani o‘rganishida muhim bosqich bo‘lsa-da, unga qora kunlarni — qullar savdosini keltirdi. 1487- yilda Bartolomeu Diash Afrikaning janubidagi Yaxshi Umid burniga qadar Atlantika okeani sohillarini o‘rgandi.
1497 — 1498- yillarda portugaliyalik Vasko da Gama Afrikani janubdan aylanib o‘tib, 1498- yil 20- mayda Hindistonning Kalkutta (Kolkata) portiga yetib keldi.
U yevropaliklar uchun Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini kashf etdi. Afrikaning ichki qismi tabiatini o‘rganishda ingliz tadqiqotchisi D. Livingstonning xizmatlari katta bo‘ldi. U Kalaxari cho‘lini, Zambezi daryosini, Kongo daryosining yuqori oqimlarini, Nyasa, Tanganika ko‘llarini o‘rgandi.
Zambezi daryosi dagi sharsharaga Viktoriya nomini berdi. Ingliz-Amerika ekspeditsiyasining boshlig‘i G. M. Stenli (1817 — 1877- y.) Zanzibar orolini, Viktoriya ko‘lini va Nil daryosining boshlanish irmog‘i Kagera ekanligini aniqladi, Lualaba va Kongo daryolarini quyi oqimiga qadar o‘rgandi.
Afrika tabiati va xalqlari hayotini rus olimlaridan V. V. Yunker, Y. P. Kovalevskiy, A. A. Yeliseyev, N. I. Vavilovlar tekshirdilar.
N. I. Vavilov tashkil etgan ekspeditsiya (1926 — 1927- y.) 6 000 dan ortiq madaniy o‘simliklardan namuna oldi. U Efiopiya qimmatli qattiq bug‘doy navining vatani ekanligini aniqladi.