Buyuk Britaniya qachon Yevropa Ittifoqini tark etadi?
Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish jarayonlari Yevropa parlamentiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qadar yakunlanishi kerak. Ma'lumki, saylovlar 2019 yilda o‘tkaziladi. Bu haqda “Reters” agentligiga intervyu bergan Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Mixael Rot ma'lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, Lissabon Shartnomasining 50-moddasiga binoan Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi masalasidagi mexanizm ishga tushganidan so‘ng, London va Bryussel o‘rtasida jiddiy muzokoralar boshlanishi lozim.
Buyuk Britaniyada mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishini qo‘llab-quvvatlovchilar g‘alaba qozondi. Bu degani Yevroparlamentda britaniyalik deputatlar bo‘lmasligini anglatadi. Mixael Rotning ta'kidlashicha, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam bo‘lishi imkoniyatlari mavjud. Londonga Yevropa Ittifoqi tarkibida alohida maqom berilishi mumkin. Mixael Rotning aytishicha, muzokaralar tezlik bilan boshlanishi kerak. «Yangi vaziyatga ko‘nikish uchun yil oxiriga qadar fursat yetarli», dedi siyosatchi. Shu bilan birga Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar tizimi Shveytsariya va Norvegiyadan butunlay farq qilishini eslatib o‘tdi. Ma'lumki, bu ikki mamlakat Yevropa Ittifoqi a'zosi emas. «Yevropa Ittifoqining uzoq muddat a'zosi bo‘lib kelgan Buyuk Britaniyaning buyukligi va ahamiyati hisobga olingan xolda, Londonda alohida maqom olish imkoniyati bor» dedi Rot.
Shu yilning 23 iyunida bo‘lib o‘tgan referendumda saylovchilarning 51,9 foizi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 48,1 foizi bu fikrga qarshi chiqqan edi. Mamlakat yangi bosh vaziri Tereza Mey xalqning xohish-irodasini bajarishga tayyorligini bildirdi. Biroq u Lissabon Shartnomasining 50-moddasi bu yil ishga tushmasligini eslatib ham qo‘ydi. Bu modda Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqish borasida London tomonidan ariza berilishini anglatadi. Buyuk Britaniya hukumati kelasi yil boshlarida Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqish borasida faol harakat qilishini aytib keladi.
Tahlilchilarning fikricha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi 2019 yil boshlarida amalga oshishi kerak edi. Biroq bu jarayon 2019 yil so‘nggiga borib yakunlanishi aytilmoqda. Chunki shu muddatga qadar Yevropa Ittifoqidan chiqish bilan shug‘ullanib keluvchi muassasa zarur hujjatlarni tayyorlashga ulgurmas ekan. Bu xaqda The Sunday Times gazetasi ma'lum qildi.
Tereza Mey Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishiga qarshi edi. Endi esa mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi borasida muzokaralar o‘tkazishga majbur.
Eslatib o‘tamiz, Tereza Mey qaroriga binoan Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi bilan shug‘ullanuvchi maxsus muassasa tashkil etilgan. Bu idoraga Devid Devis boshchilik qiladi. Biroq muassasa barcha imkoniyatlardan foydalanmayotgani aytiladi. Bunga yetarlicha infratuzilmalarning yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.
Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqqunga qadar hamjamiyat oldidagi barcha majburiyatlarini bajarishda, jumladan, a'zolik badallarini to‘lashda davom etaveradi. Bu haqda Moliya vavziri Filip Xammond bayonot berdi.
Social Market Foundation tadqiqot markazi tahlilariga qaraganda, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflarini tark etganidan keyin hamjamiyatga a'zo mamlakatlarning 600 mingga yaqin fuqorosi Buyuk Britaniya hududlarida boshpana olish imkoniyatlaridan mahrum bo‘lar ekan. Buyuk Britaniya qonunlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning fuqarolari Britaniyada besh yil mobaynida yashaganlaridan so‘ng, boshpana olish huquqiga ega bo‘ladi. Ayni damda ularning soni 3 million 600 ming kishidan iborat. 2019 yildan so‘ng ularning 80 foizi qator muammolar bilan to‘qnash kelishlari mumkin.
Italiyaning Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha davlat kotibi Sandro Gozi Financial Times nashriga bergan intervyusida “Buyuk Britaniyaning Yevropa Itttifoqi saflaridan chiqishining cho‘zilib ketishi hamjamiyatning noaniqligini kuchaytiradi va boshqa a'zolarning integratsiyalashuv jarayonlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi”, dedi. U Yevropa Ittifoqi Buyuk Britaniya hukumatining qachon qaror qabul qilishini uzoq kutib tura olmasligini eslatib o‘tdi. Iqtisod va moliya bo‘yicha yevrokomissar Per Moskovisi ham Britaniya hukumati Brexit bilan bog‘liq masalalarni tezlik bilan hal qilishi lozimligini ta'kidladi. Bu ham Bryussel, ham London manfatlariga xizmat qilishini qayd qildi.
«Inglizcha xayrlashish» degan ibora bor. Bunda ziyofatdan xayrlashmay ketgan mehmonlar nazarda tutiladi. Biroq Buyuk Britaniya inglizcha xayrlashishni istamayotgandek. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda Buyuk Britaniya xayrlashgan, ammo qolishni istayotgan kishiga o‘xshaydi.