3.Lisoniy birliklar indeksini tuzish usuli. Badiiy matnning lingvopoetik tahlili jarayonida asardagi lisoniy birliklarning indeksini tuzib chiqish talab qilinadi. Buning uchun dastlab, asardagi eng ko‘p qo‘llanilgan, asar badiiyati uchun xarakterli bo‘lgan birliklar (masalan, iboralar, sinonomlar, antonimlar yoki epitetli birikmalar, metonimiya, metaforalar bo‘lishi mumkin) aniqlanadi. Keyin alifbo tartibida terib chiqiladi. Bu yozuvchining lisoniy mahoratini yoritishda faktik material vazifasini o‘taydi. Masalan, mohir so‘z san’atkori Abdulla Qahhorning «Sarob» romanida qo‘llangan yuzdan ziyod ibora, metafora yoki metonimiyalarning indeksini quyidagi tarzda tuzib chiqishimiz mumkin: (5 jildlik. 1-jild. -Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1987- yil.)
Iboralar: Aftini burishtirmoq – Qimirlasam, biqinim sanchadi, –dedi Saidiy xuddi hozir sanchadiganday aftini burishtirib. (41-b.)
Dami ichiga tushmoq – Saidiy Yoqubjonning aytganini qilganida Kenjaning dami ichiga tushdi. (124-b.)
Oqizmay-tomizmay etkazmoq – So‘z o‘rni kelganda, u Saidiyda zakovat belgilari ko‘rganini, bu yigit oddiy studentlardan yuqori turishini so‘zlar, buni esa Munisxon oqizmay-tomizmay Saidiyga etkazar edi. (67-b.)
Ta’bi ochilmoq – U qishloqqa kelganida dastlab yangi muhitga o‘rganolmay ko‘p qiynalgan edi, ammo o‘rganganidan so‘ng, ta’bi ochilib ketdi. (89-b.)
Yuragi dov bermaslik – Munisxon paltosining yoqasini ko‘tardi-yu, eshikdan chiqishga yuragi dov bermay, turib qoldi. (43-b.)