2.Matn variantlarini qiyoslash usuli. Bu usul orqali ma’lum asar matni boshqa variantlari bilan qiyoslanadi va lisoniy farqlarning mohiyati adib nuqtai nazari, badiiy-estetik niyati hamda asar g‘oyasiga bog‘lab yoritiladi. Yozuvchining badiiy asar tili ustida ishlashini o‘rganishda, yozuvchi tuzatishlarni ayni bir mazmunni ifodalashga qaratilgan turli vositalarni aniqlashda va umuman yozuvchining tildan foydalanishdagi mohoratini belgilashda bu usul yaxshi samara beradi.
Masalan, «Navoiy» romanining qo‘lyozmasida:
-Buvijon, - hayajonlanib so‘zladi Dildor, - ko‘rsangiz ayting, hech qanday yomon niyatda bo‘lmasin, tinch yursin (600-b.).
Nashrda: –Buvijon, - shivirladi u, - uni ko‘rsangiz ayting, hech qanday yomon niyatda bo‘lmasin, tinch yursin (237-b.).
Bu epizodda suhbat podshoh harami darvozasi yonida yuz beryapti. Vaziyat va ruhiy holat uyg‘unligi ikkinchi variantda aniq ko‘rinadi. Yoki G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asari qahramoni – Qoravoyning yoshi dastlabki nashrda 17, keyingi nashrda 14 deb berilgan. Bunda ham qahramonning hatti –harakati va yoshi o‘rtasida muvofiqlik hisobga olingan.
Bu bevosita yozuvchining tuzatishlari. Shunday holatlar bo‘ladiki, asar matni noshirlar tomonidan yoki adabiyotshunoslar tarafidan atayin o‘zgartiriladi. «O‘tkan kunlar» romani bir necha o‘zgartishlar bilan nashr etib kelingani ko‘pchilikka ma’lum.
3.Lug‘atlarga asoslanish usuli.Asar tili, ayniqsa tarixiy mavzudagi asar yoki tarjima asarlarining til xususiyatlari tekshirilayotgan paytda tegishli lug‘atlarga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Masalan, «Shayboniyxon» dostoni tilida qo‘llanilgan gudar, savash, sovut, sodoq, g‘ul, tuv, baydoq kabi o‘sha davr ruhiyatiga mos harbiy atamalar ma’nosini bilish asarni puxta o‘rganishga yordam beradi. Bu-ku bir necha yuz yil oldingi asar ekan, o‘tgan asr boshlarida yozilgan asarlar uchun ham lug‘at tuzish oddiy ehtiyojga aylanib bormoqda. Masalan, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kabi shoir va yozuvchilarning asarlar uchun maxsus, so‘zlarning bevosita asarda reallashgan ma’nosiga asoslanib tuzilgan lug‘atlar tayyorlanishi kerak. «O‘tkan kunlar»da har bir sahifa ostida ayrim tushunarsiz so‘zlarning izohi berib borilgan. Masalan, utta - u yerda; siporish - topshiriq; muvofiquttab’ - ta’bga mos, munosib; ashrof - e’tiborli kishilar, ulug‘lar; mushovir - maslahatchi; musohib - hamsuhbat kabi. Va bu faqat mazkur asardagina emas, boshqalarida ham shunday. Lekin adibning barcha asarlarining tiliga bag‘ishlangan maxsus lug‘at tayyorlanishi lozim. J.Lapasovning «Badiiy matn va lisoniy tahlil» deb nomlangan qo‘llanmasida muayyan bir badiiy matnning lug‘atini tuzish bo‘yicha namunalar hamda lug‘at ustida ishlash bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berilgan. Olim to‘g‘ri ta’kidlaganidek: «Badiiy matnning lisoniy tahlilini turli-tuman lug‘atlarsiz tasavvur qilish qiyin. Lug‘at ustida ishlash o‘quvchi va talabalarning so‘z boyligini, og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishning eng muhim omillaridan biri bo‘lib hisoblanadi va shu lug‘at yordamida nafaqat so‘zlarning tub ma’nosini, balki ko‘chma ma’nolari, har bir so‘zning qaysi til unsuri ekanligi, etimologiyasi (so‘zning kelib chiqish tarixi va tadrijiy rivoji), tarkibi, ba’zan esa grammatik shakli bilan yaqindan tanishiladi.»