Dala toshni kuydirgan saraton haroratini bag‘riga yashirgan o‘sha mash’um tutzor, azamat yigitning pahlavon ko‘ksiga bosh qo‘ygan qoq tush pallasi... U damlar Dildorga katta baxt, tush kabi shirin hayot va’da qilgandi. Aldangan qiz hamon tush pallasi o‘zini unutgan daqiqalarning dardini tortardi. Ayol kishiga vafo degan narsa qanchalar qimmatga tushishini ko‘plar hali bilmaydi. Dildor hech kimni qoralayolmasdi. Faqat birgina o‘zim aybliman deb bilardi. Agar u Nizomjonga bevafolik qilmaganda, bu kunlar boshiga tushmasdi. Mualliflar ostiga chizilgan gapni ikkita abzatsdan iborat birinchi supersintaktik butunlikka ham, oxirgi abzats shaklidagi ikkinchi supersintaktik butunlikka ham kirmasligini, shuning uchun ham erkin gap ekanligini ta’kidlaydilar. Aytish mumkinki, matndagi bunday erkin gaplar mazmuniga ko‘ra ko‘proq muallif izohi, muayyan yaqin mavzuni eslatishi, lirik chekinishi kabilarni ifodalashga xizmat qiladi.
Ba’zi tilshunoslar gapni uzil-kesil “matnning minimal birligi” deb hisoblaydilar.76 Bu munosabat bilan M.Y.Bloxning mulohazalari alohida e’tiborga molik. Uning fikricha, yaxlit tekst strukturasining bevosita elementi faqat frazadan katta birlik (bizningcha, supersintaktik butunlik), ya’ni gaplarning qo‘shilmasigina emas, balki ayni paytda matn tuzuvchi tomonidan mazmunan muhim maqomga qo‘yilgan alohida gaplar hamdir. Bunday gaplarning ayni maqomi monologik yozma nutqda ularni alohida abzats sifatida ajratishni taqozo etadi. Bu fikrida u yuqorida aytilgan erkin gaplarni nazarda tutganday tuyuladi. Ammo M.Y.Blox har qanday gapning matn tarkibidagi favqulodda ahamiyatiga e’tiborni qaratadi. U aynan matn qurilishi nuqtai nazaridan gap ifodalashning eng muhim (kardinal) unsuri ekanligini turli shakl va maqsadlardagi nutq (og‘zaki, yozma, kundalik, professional, sokin, emotsional va sh.k.)ni kuzatish asosidagi tadqiqotlar tasdiqlashini aytadi. U shunday deb yozadi: “Gap predikatsiyaning, ya’ni nutqning nominativ mazmunini real voqelikka nisbatlashning ifodachisi ekanligi haqidagi haqiqatni esga olishimiz bilan bu narsa oydin bo‘ladi-qo‘yadi. Matnning gapga alternativalar sifatida ko‘rsatilayotgan “haqiqiy” birliklaridan birontasi predikatsiyani ifodalovchi o‘z vositalariga ega emas. Bu shuni bildiradiki, matn gapdan tashqarida hukm va xulosalarni ifodalay olmaydi, ya’ni matn olamni anglangan holda aks ettirishning to‘laqonli vositasi bo‘lib xizmat qilish qobiliyatidan mahrum bo‘ladi.”
Bunga o‘xshash fikrni boshqa tadqiqotchilarning ishlarida ham ko‘rish mumkin. Masalan, rus tilshunosi G.V.Kolshanskiy gap sub’ekt-predikat munosabatini ifodalashi bilan matnda mazmunning mantiqiy fikr sifatida shakllanishiga imkon beruvchi mazmuniy-struktur birlik bo‘lishini, gap “matnning asosiy (bazis) operativ unsuri” ekanligini alohida ta’kidlaydi.77 Aytish mumkinki, matnning mazmuniy tarkibini, bu mazmunning ob’ektiv olam bilan nisbatlanishini, demakki, to‘g‘ri anglanishini gapsiz tasavvur etish mushkul.
Ko‘rinadiki, gapning matn sistemasidagi o‘rnini, ayniqsa, uning matn hosil qilish qobiliyatini aslo inkor etib bo‘lmaydi. Gapning matn hosil qilish xususiyati haqida gapirganda, mutaxassislar rus ritorikasi namoyandalaridan biri I.Davidovning “Gap dondir, undan butun asar unib chiqadi” tarzidagi juda obrazli qilib aytgan (1838 -yilda) gapini eslashadi.78 Umuman aytganda, gap matn hosil bo‘lishida o‘ziga xos materialdir. Ana shular hisobga olinsa, matn birliklari sifatida supersintaktik butunliklar bilan bir qatorda erkin gaplarni tan olgan holda har qanday gapni ham ana shunday birliklar ichida qarash maqsadga muvofiq.
Matn lingvistikasi, xususan, matn birliklarini belgilashdagi eng munozarali va behad ko‘p tadqiq etilgan masalalardan biri abzatsning mohiyati, tabiati va matn tarkibidagi maqomi masalasidir. Bu borada rus va Evropa filologiyasida juda katta miqdordagi ilmiy ishlar yaratilgan, ularning soni bir necha yuzlardan ham oshadi. Ularning aksariyatida abzats va supersintaktik butunliklar o‘rtasidagi munosabat, umumiy va farqli jihatlar, ularning matndagi ahamiyatlilik darajasi kabi masalalar borasida bahs yuritiladi. Ammo oldindanoq alohida ta’kidlash zarurki, bizningcha, abzatsni supersintaktik butunliklar bilan qiyoslash, ularni bir-biri bilan solishtirish ilmiy mantiq nuqtai nazaridan unchalik asosli emas.
Tilshunoslikda abzats va uning mohiyati talqini masalasida bir-biridan farqli bir necha nuqtai nazarni ko‘rish mumkin. Ularning ba’zilarini qarab chiqaylik.
O.I.Moskalskaya supersintaktik butunlik va abzatsni solishtirar ekan, supersintaktik butunlikning sintaktik mohiyatga ega hodisaligini, abzats esa kompozitsion sath birligi ekanligini ta’kidlaydi. Abzatsning matnda kompozitsion-stilistik birlik maqomida bo‘lishiga boshqa tadqiqotchilar ham e’tiborni qaratadilar.79 Bir qator tadqiqotchilar abzatsning sintaktik struktura birligi bo‘la olmasligini aytadilar. Ularning fikricha, abzats til sistemasining birligi emas, shuning uchun unda boshqa sintaktik birliklardan farqlanishga xizmat qiladigan grammatik belgilar yo‘q, demakki, u alohida sintaktik birlik emas. Ana shundan kelib chiqib, ular abzatsni sintaktik kategoriya deb hisoblamaydilar va shunday ta’kidlaydilar: “Matnning sintaktik strukturasida so‘z birikmasi, so‘zlar qo‘shilmasi, gaplar, murakkab sintaktik butunliklardan boshqa hech qanday birlik yo‘q.”80 Ayni paytda ular abzatsning yozma nutq amaliyotida fikr idrokini qulaylashtirish maqsadida yozuvchi tomonidan ongli ravishda ajratiluvchi birlik ekanligiga alohida urg‘u beradilar.
Yana ayrim tilshunoslar supersintaktik butunlikni matnda sintaktik birlik sifatida qarash mumkin emasligini, faqat abzatsgina matnda ana shunday maqom ola bilishini isbotlashga urinadilar. Masalan, ayni masalani nemis tili materialida o‘rgangan L.G.Fridman murakkab sintaktik butunlik o‘zining sintaktik birlik maqomini tayin etadigan tegishli ko‘rsatkichlarga ega emas deb hisoblaydi, shuning uchun uni grammatik birlik tarzida emas, balki bir qator mustaqil gaplarning mazmuniy umumiyligi asosida shakllanadigan mantiqiy-semantik butunlik tarzida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lishini aytadi. Muallif abzats stilistik, adabiy-kompozitsion birlik sifatida tadqiq etilgan ishlarda uni sintaktik birlik maqomini tayin etadigan belgilar yo ikkinchi planga surib qo‘yilishini, yoki umuman e’tibordan chetda qolishini tanqid qiladi. U abzatsning mohiyati va maqomi haqida quyidagicha anchayin keskin fikrni ilgari suradi: “Nisbatan quyi sath birligi bo‘lmish gapdan farqlovchi relevant belgilar turkumiga ega bo‘lgan frazadan katta sintaktik birlik abzatsdir deb hisoblaymiz... Abzatsning kompozitsion birlik sifatidagi rolini inkor etmagan holda biz o‘ylaymizki, u eng avvalo sintaktik birlikdir, chunki abzatsning aynan sintaktik tabiati uning adabiy-kompozitsion birlik sifatida qo‘llanishi uchun imkoniyat yaratadigan bazis, asosdir.”81 Ko‘rinadiki, tadqiqotchi abzatsni xuddi gap kabi sintaktik hodisa sifatida talqin qiladi va matnning asosiy birligi abzatsdir degan fikrni qat’iy asoslashga harakat qiladi.
Bunday qarash, bu qadar keskin bo‘lmasa-da, boshqa tilshunoslarda, ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi bilan shug‘ullangan mutaxassislarda ham bor. Masalan, ana shunday yo‘nalishdagi ishlardan birida matn yaratishning majburiy unsuri sifatida abzats alohida ajratib ko‘rsatiladi, uning matn lingvistikasida o‘ziga xos strukturaga ega bo‘lgan to‘laqonli birlik ekanligi ta’kidlanadi va shunga asoslangan holda abzats “katta matn” ichidagi “kichik matn” degan xulosaga kelinadi, uning “abzats-tahlil”, “abzats-tavsif”, “abzats-kontrast”, “abzats-analog”, “abzats-ta’rif” kabi mazmuniy turlari ajratiladi.82 Abzatsni sintaktik hodisa sifatida tushunish yoki abzats va supersintaktik butunlik tushunchalarini qorishtirish turli tilshunosliklarda ancha-muncha uchraydi. Hatto muayyan bir asarda abzatsning bir necha farqli talqinlarini ham uchratish mumkin. Masalan, I.V.Arnoldning “Hozirgi ingliz tili stilistikasi” kitobidagi “Matniy sath - abzats” nomli paragraf shunday boshlanadi: “Yozma nutqning bir xatboshidan ikkinchi xatboshigacha bo‘lgan, murakkab sintaktik butunlik sifatida reallashgan va adabiy matnning nisbiy tugallangan qismini tashkil etuvchi bo‘lagi abzats deyiladi.”83 Abzats nazariyasining ibtidosi A.M.Peshkovskiy ishlariga borib taqalishini, keyinchalik esa N.S.Pospelov, T.I.Silman va boshqa ko‘plab tilshunoslar tomonidan tadqiq etilganligini ta’kidlar ekan, muallif mazkur ta’rifidagi fikrlarini yanada oydinlashtiradi: “Abzats gapga nisbatan yuqori darajadagi sintaktik-intonatsion butunlikdir.” Ammo bir sahifadan keyinoq bu fikridan qaytganday bo‘ladi. U abzats tarkibidagi gaplarning grammatik va mazmuniy mustaqilligi turli yozuvchilarda, hatto bir yozuvchining turli janrdagi asarlarida ham turlicha bo‘lishini va shuning uchun “abzatsning tipik strukturasi uchun misol keltirish umuman mumkin emasligi”ni ta’kidlaydi. Bir-ikki sahifalik misollar tahlili asosida dastlabki fikriga zid bo‘lgan mana bunday xulosaga keladi: “Shunday qilib, abzats jumlaning (fikr ifodasining) mantiqiy va emotsional strukturasini grafik aks ettirganligi uchun uni fikr ifodasining kitobxon tomonidan idrok qilinishini engillashtiruvchi kompozitsion usul sifatida talqin qilish mumkin.”84 Albatta, abzats bir paytning o‘zida ham “gapdan katta sintaktik-intonatsion butunlik”, ham “grafik-kompozitsion usul” bo‘lishi mumkin emas, ya’ni butunlik-birlik bilan usul boshqa-boshqa tushuncha va hodisalardir.
Hozirgacha qarab chiqilgan abzats haqidagi mulohazalardagi asosiy nuqtalarni shunday guruhlashtirish mumkin: 1) abzats - sintaktik birlik, 2) abzats sintaktik birlik emas, balki 3) abzats – kompozitsion-stilistik birlik, 4) abzats – kompozitsion-grafik usul. Ko‘rinib turganiday, bu qarashlarning har biri boshqasini inkor etadi yoki to‘la e’tirof etmaydi. Abzatsning sintaktik (umuman lingvistik) hodisa emasligini, u o‘z mohiyatiga ko‘ra bunday bo‘la olmasligini aksar tilshunoslar ta’kidlaydilar.85Ammo shunga qaramasdan, abzats va supersintaktik birlik (murakkab sintaktik butunlik) munosabati masalasida bahs-munozaralarning intihosi ko‘rinmaydi.
Bu o‘rinda supersintaktik birlik va abzatsning farqli mohiyatga egaligini ko‘rsatib berishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar turli tilshunosliklarda ancha-muncha bor. Ammo ular orasida ikki maqola alohida
diqqatga sazovor. Xususan, N.A.Levkovskayaning rus tili materiali va E.V.Referovskayaning fransuz tili materiali asosidagi maqolalarida bu muammoga o‘ziga xos tarzda yondashilgan va masalaning mohiyatiga daxldor konkret farqlarni birma-bir belgilashga harakat qilingan.86 N.A.Levkovskayaning ko‘rsatishicha, matnni bo‘laklarga ajratish - ko‘p aspektli murakkab jarayon, bu jarayon, umuman, ikki tomonlama xarakterga ega, ya’ni, birinchidan, u matnning funksional yo‘nalishi – matnning pragmatik maqsadi bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektiv jarayon. Ikkinchidan, u matn ijodkorining niyati – muallifning pragmatik maqsadiga bog‘liq bo‘lgan sub’ektiv jarayon. Matnni bo‘laklashda ana shunday, ya’ni matnning pragmatik maqsadi – muallifning pragmatik maqsadi tarzidagi o‘ziga xos dixotomiya mavjud bo‘ladi. Matnni aynan matnning pragmatik maqsadiga muvofiq bo‘laklash mahsuli sifatida supersintaktik birlik yuzaga keladi. Matnni muallifning pragmatik maqsadiga ko‘ra bo‘laklash mahsuli sifatida esa abzats yuzaga keladi. Ana shunga ko‘ra, tadqiqotchi supersintaktik birlik matnni ob’ektiv bo‘laklash birligi ekanligini, uning fikriy tugallikka, mantiqiy butunlikka egaligini aytadi. Abzats esa matnni sub’ektiv bo‘laklash birligi bo‘lganligidan hamisha ham fikriy tugallikka sohib bo‘lolmasligiga, abzats aksar hollarda kitobxonga ta’sir qilish samaradorligini oshirishning sof emfatik vositasi sifatida namoyon bo‘lishiga alohida urg‘u beradi. Maqola muallifi abzats ilmiy matnda struktur, semantik va kommunikativ butunlik maqomida bo‘lsa-da, badiiy matnda, asosan, emfatik vazifa bajaruvchi vosita sifatida ishtirok etishini ta’kidlaydi. Albatta, bu badiiy matnning o‘ziga xos maqsad va vazifalari, xususiyatlari, umuman, yozuvchining kitobxonga estetik ta’sir qilishdan iborat pragmatik maqsadi bilan bog‘liq ekanligi ma’lum. Badiiy matnda, tabiiyki, yozuvchining estetik niyati hal qiluvchi ahamiyatga molikdir.
E.A.Referovskayaning ilmiy kuzatishlarida ham abzats mohiyatidagi sub’ektivlikka asosiy e’tibor qaratilgan, uningcha, “abzats muallifning individual manerasiga muvofiq tarzda mavzuning mazmuniy rivojiga, supersintaktik birlik esa fikr ifodasining struktural shakllanishiga qaratilgan”dir.
Ko‘rinadiki, supersintaktik birlik va abzats o‘rtasidagi farqni tayin etishda matnni bo‘laklashning ob’ektiv va sub’ektiv omillaridan kelib chiqilsa, muammoning xolis echimiga kelish mumkin. Chindan ham, matnni abzatslarga bo‘lishda muallifning sub’ektiv maqsadi, fikr tarkibidagi nimani, qanday, qay tarzda ta’kidlash hal qiluvchi rol o‘ynaydi. To‘g‘ri, ilmiy matnda fikrning mantiqiy oqimini tabiiy ifodalash muhim, shuning uchun supersintaktik birlik va abzats, asosan, mos keladi. Ammo hatto ilmiy matnda ham muayyan holatlarda tadqiqotchining fikrni bitta-bitta, “hijjalab”, ta’kidlab ko‘rsatish maqsadi bilan bir supersintaktik birlik bir necha abzatslarga bo‘lingan holda ifoda qilinishi ham mumkinki, bu holat muallif fikrining anglanishini aslo qiyinlayshtirmaydi, aksincha, yanada qulaylashtiradi, xolos. Masalan, tilshunoslikka oid quyidagi ilmiy matn parchasiga e’tibor beraylik: