Adabiyotning so‘z san’ati ekanligi haqidagi haqiqat juda qadim zamonlardan beri takrorlanib kelinadi. Demakki, adabiyotning bosh unsuri so‘z, umuman, tildir. Adabiy asarning abadiy asar darajasiga ko‘tarila bilishi uning lisoniy tarkibi va asar muallifining badiiy ifoda balog‘atiga bog‘liq ekanligi shubhasiz. SHunday ekan, har qanday adabiy asarning mohiyatini xolis baholamoq uchun, eng avvalo, uning lisoniy tarkibining o‘ziga xosligi tahlil etilmog‘i lozim.
Til va yozuvchi o‘rtasidagi munosabatni shaxmat va shaxmatchi o‘rtasidagi munosabatga qiyoslash mumkin. SHahmatda har bir donaning mavqei, darajasi, shaxmat taxtasi ustidagi harakatlanish qoidalari avvaldan belgilangan. Ana shu qoidalarni tugal egallash oqibatida yuzaga kelgan yuksak mahorati tufayli shaxmatchi tamoman yangi, kutilmagan yurishlar qiladi, betakror kombinatsiyalar yaratadiki, bu unga raqibini mag‘lub va muxlisini maftun qilish imkonini beradi. Tilda ham har bir unsurning o‘z vazifasi, ma’no doirasi, boshqa unsurlar, birliklar bilan bog‘lanish qonuniyatlari mavjud. Ana shu qonuniyatlardan mukammal boxabar bo‘lgan, badiiy didi, so‘z sezgisi va mahorati yuksak yozuvchi betakror tasvir, kutilmagan, ohorli badiiy lavhalar, so‘z chaqinlarini paydo qila oladiki, kitobxon adibning nafaqat g‘oyasi, balki go‘zal tilining asiriga aylanadi. Bunda yozuvchi umumxalq tilidagi badiiy tasvirga favqulodda muvofiq birliklarni tanlash, saralash va sayqallash asosida, lisoniy-badiiy qonuniyatlardan kelib chiqqan holda ularga yuklangan xilma-xil badiiy-estetik ma’nolar hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
So‘z qo‘llashning san’at darajasida yoki san’at darajasida emasligini baholash uchun, eng avvalo, so‘z, uning ma’nosi va bu ma’noning tuzilishini aniq tasavvur etish lozim. Albatta, so‘zning qo‘llanishi bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadigan qo‘shimcha ma’no nozikliklari, mazmun o‘zgachaliklari turli tasvir usullari va vositalari orqali reallashishi mumkin. Ammo ta’kidlash joizki, bunday qo‘shimcha ma’no nozikliklari aksar hollarda, avvalo, so‘z ma’no qurilishining o‘zida imkoniyat sifatida mavjud bo‘ladi, ular so‘zning ma’no qurilishi tarkibida ilgaridan qayd etilgan bo‘ladi.
Tildagi nominativ birliklarning ma’no tuzilishini o‘rganishda tilshunoslikda semantikaning konnotativ jihati tushunchasiga alohida e’tibor qilinadi. Bu masalani monografik tarzda tadqiq etgan V.N.Teliya ta’rificha, «konnotatsiya – til birliklari semantikasiga uzual yoki okkozional ravishda kiradigan, nutq sub’ektining borliqni jumlada ifodalashida uning ayni shu borliqqa bo‘lgan hissiy – baholash va stilistik munosabatini ifodalaydigan hamda shu axborotga ko‘ra ekspressiv qimmat kasb etadigan mazmuniy mohiyat»dir.146 Konnotatsiya, ta’rifidan ko‘rinib turganiday, so‘zlovchining borliqni ifodalash vositalariga munosabatiga daxldor bo‘lgan jihatdir. Masalan, yuz, bet, chehra, ruxsor, aft, bashara, turq kabi so‘zlar qatoridan tegishli nutq vaziyati va sub’ektiv nuqtai nazarga muvofig‘ini tanlash so‘zlovchining o‘ziga berilgan imkoniyat ekanligi ma’lum. V.N.Teliya ta’kidlaganidek, bunday so‘zlar semantikasida «so‘zlovchining ifodalanmishga bo‘lgan munosabati haqidagi informatsiya kodlashtirib qo‘yilgan bo‘ladi va jumla qurilar ekan, xuddi siqilgan prujina qo‘yib yuborilganiday, bu informatsiya darhol ishga tushadi», demak, lug‘at birliklari faqat nominativ faoliyat uchungina emas, balki pragmatik faoliyat uchun tayyor material bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchi ayni shu o‘rinda ana shu mulohazalarga asoslangan holda so‘zning semantik qurilishida nominativ jihatga qo‘shimcha konnotativ jihatning bo‘lishi nutqiy tejamkorlik uchun yordam berishini ham ta’kidlaydi. V.N.Teliya so‘zning leksik ma’nosini, kamida, uch makrouzvning kombinatsiyasi sifatida tasavvur etish mumkinligini aytadi: 1) ma’noning borliqdagi muayyan reallikni ifodalovchi denotativ uzvi; 2) kategorial-grammatik uzvi; 3) nutq sub’ektining so‘z orqali ifodalangan narsaga munosabatini anglatadigan emotiv-modal uzvi. Ana shu uchinchi uzv ekspressiv bo‘yoq, uslubiy bo‘yoq, emotsional bo‘yoq, sub’ektiv baho kabi tushunchalarni umumlashtiruvchi konnotativ ma’nolardir. Bunday uzvning mazmun-mohiyati o‘zbek tilshunosligida ham ancha keng ochib berilgan. Masalan, «O‘zbek tili leksikologiyasi» kitobida so‘z narsa-hodisani ifodalashi barobarida ko‘pincha shu narsa-hodisaga so‘zlovchining sub’ektiv munosabatini ham anglatishi alohida ta’kidlangan: «...Lug‘at sostavidagi so‘zlarni kuzatish ularning ba’zilari biror narsa, hodisalarni atabgina qolmay, ayni paytda so‘zlovchining ifodalanayotgan tushunchaga o‘z bahosini, munosabatini ifodalanishini ham ko‘rsatadi. Bu munosabat doirasiga g‘azab, erkalash, qoyil qolish, nafratlanish, jirkanish, kinoya kabi xilma-xil emotsional munosabat ko‘rinishlari kiradi. Xususan, azamat, o‘ktam, qoyilmaqom, so‘lqildoq, boplamoq, olchoq, mal’un, razil, satang, sanqi, asfalasofilin, miyanqi, qoyil, do‘ndirma, momoqaymoq kabi so‘zlar, ma’lum tushuncha anglatishdan tashqari, so‘zlovchining shu tushunchaga loqayd qaramasligini, aksincha, ijobiy va salbiy emotsional munosabatda ekanligini ham ko‘rsatib turadi. Bu baho elementi tinglovchi tomonidan ham odatda so‘zlovchi nazarda tutgandagidek idrok etiladi. Tilshunoslikda bunday xususiyatga ega bo‘lgan leksika emotsional - ekspressiv leksika, ekspressiv - stilistik leksika terminlari ostida o‘rganilmoqda».147 Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida yozuvchining tildan foydalanish mahoratini namoyon etadigan, emotsional-ekspressiv ifoda semalari qabariq holda reallashgan leksik birliklarni aniqlash va ular adibning badiiy-estetik maqsadiga qay darajada xizmat qilgani haqida mulohaza yuritish talab qilinadi. Buning uchun badiiy asar tilidagi ma’nodosh, shakldosh, zid ma’noli, ko‘p ma’noli, tarixiy va arxaik so‘zlar, yangi yasalmalar, shevaga oid so‘zlar, chet va vulgar so‘zlar ajratib olinadi va asarga nima maqsad bilan olib kirilganligi izohlanadi.