2.4. Nazariy bilimlarni amaliyotda qo'llash
O'zbekistonda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoiti o'zgarishi munosabati bilan hozirda ishbilarmon kishilar, biznesmenlar, tadbirkorlar kabi atamalarni umumtushuncha sifatida aniqlab beradigan yangi ijtimoiy guruh shakllandi. Ushbu guruh, vakillarining faolligi mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotiga katta ta'sir ko'rsatadi. Shu bois ham, zamonaviy o'zbek tadbirkorlari bugungi kunda jiddiy psixologik tadqiqotlar obyekti hisoblanadi.
Empirik tadqiqotlar obyekti sifatida, asosan, shaxsdagi tadbirkorlikka oid tasavvurlar, motivatsiya va shaxs sifatlarini o'rganish uchun ham o'qish, ham tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan saralangan bakalavr talabalari, yakka tadbirkorlar, bir qator yirik kompaniya (korxona) rahbarlari, menejerlar, xomashyo yetkazib beruvchi va tayyor xomashyodan mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar tanlandi. Empirik izlanish va so'rovlarda ishtirok jami respondentlarning soni bir necha ming nafarni tashkil etdi. Magistrant, bakalavr talabalar, 35 yoshgacha bo'lgan biznesmenlar va erkin tadbirkorlar vakillarining tadqiqot obyekti qilib tanlanishining asosiy sabablaridan biri - bu davrning inson shaXsining ijtimoiy shakllanishida ahamiyati, aynan shu yoshda qiziqishlar doirasi ma'lum ma'noda torayib, kasbiy yo'nalish shakllanganligi, ijtimoiy tasavvurlarning maqsadga yo'nalganligi va bular shaxs taraqqiyotida yetakchi o'rin egallashi bilan tushuntiriladi. Obyektning reprezentativliligi va ularda to'plangan ma'lumotlarning ishonchliligi tanlangan metodikalarning tipikligi, ularning o'zbek tiliga o'girilib, yuzlab respondentlarda sinab ko'rib, moslashtirilganligi, tadqiqotning ko’pbosqichliligi, tanlangan tahlil metodining relevantliligi bilan belgilandi. Tadqiqotning asosiy metodlari Elersrimg "Muvaffaqiyatga erishish motivasiyasini diagnostika qilish" va "Mag'lubiyatdan qochish motivatsiyasini diagnostika qilish" testlari, Shubertning "Tavakkalchilikka tayyorlik darajasini aniqlash" testi, Maslou iyerarxiyasi bo'yicha "Shaxsdagi asosiy ehtiyojlaridan qoniqqanlik darajasini aniqlash" metodikasi va tadbirkorlik faoliyati motivatsiyasini aniqlovchi ijtimoiy-psixologik so'rovnoma (IPS)lardan iborat bo'ldi.
Tadbirkorlik faoliyatida shaxsning muhim ijtimoiy-psixologik sifatlari qatoriga, ularning voqealarga bo'lgan, ya'ni o'z tillarida aytadigan bo'lsak, katta talofat muvaffaqiyatsizlik, xonavayron bo'lish va hokazolarga bo'lgan munosabatlari kiradi. Ayniqsa, tadbirkorlar, o'z muvaffaqiyatsizliklarini qanday baholaydi, bu ularda qay tarzda kechadi va bunday holatlarda ular qanday harakat qilishadi - aynan shunisi katta ahamiyatga molik.
Tadqiqot natijalariga ko'ra shunday xulosaga kelindiki, mag'lubiyatni boshidan kechirgan hamda muvaffaqiyatizlikka hali duch kelmagan tadbirkorlar, real darajadagi tavakkalchilikka deyarli bir xilda baho berishadi. Faqatgina qiyinchiliklarni bosib o'tishda o'z imkoniyatlarini baholash bo'yicha ba'zi bir tafovutlar aniqlandi, lekin bu hali oxirigacha isbot etilmagan. Shu bois ham katta muvaffaqiyatsizlikning mavjudligini tadbirkor oldida turgan qiyinchiliklarni yechish imkoniyatiga ta'sir ko'rsatadi, deb bo'lmaydi.
Shuningdek, iqtisodiy muvaffaqiyatsizlik sharoitlarida tadbirkorlar o'zlarini qanday tutishlari mumkinligini bilish ham o'ta muhim hisoblanadi. Ayni maqsadda tadbirkorga: "Katta muvaffaqiyatsizlik, omadsizlik sharoitida Siz qanday ish tutar edingiz?" deb murojat etilganda, atigi 18% tadbirkorlar tadbirkorlikni tashlab, boshqa faoliyat bilan shug'ullanishlarini bildirishdi. 51% tadbirkorlar yuqori mustaqillikni, faollikni, o'z kuchlariga ishonchni namoyon etib, o'zlarini ro'yobga chiqarishlarini ta'kidlashdi. 31,4% tadbirkorlar esa muvaffaqiyatsizlik holatida ishonchli sherik qidirib topishga harakat qilishlarini bildirishdi.
Tadbirkorlikning rivojlanishi bevosita tadbirkorlarning o'z faoliyati muvaffaqiyatiga bergan baholariga, ya'ni oldilarida turgan muammolarni yechishlaridagi shaXsiy imkoniyatlarga va qiyinchiliklarni bosib o'tishlariga bog'liqdir. Tadbirkorlar orasida o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, 80% tadbirkorlar o'z imkoniyatlarini yuqori baholagan bo'lsalar, 20%i o'z imkoniyatlariga aniq baho berishga ikkilanishgan. Tadqiqot natijalarining ko'rsatishicha, tadbirkorlar aksariyat qismi o'z imkoniyatlari va muvaffaqiyatlarini bir-biriga yaqin, o'xshash baholashdi. Bu esa, tadbirkorda faoliyatdagi muvaffaqiyatga erishish motivatsiyasi o'z imkoniyatlarini ko'ra bilish va mustaqillikning muhim o'rin tutishidan dalolat beradi.
Muvaffaqiyatni yuqori baholash ijobiy holat hisoblanib, bu statistik jihatdan tadbirkorlarning ishonchlilik va raqobatbardoshliligini baholash bilan bog'liqdir.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yaxshi iqtisodiy sharoitni baholash 7 balli shkala bo'yicha o'tkazildi. Shu bilan birga ushbu masala bo'yicha 5% darajadagi ishonchli farqlar topildi. O'zbekistonning markaziy shaharlaridan kelgan tadbirkorlar Toshkentliklarga nisbatan yaxshiroq tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va rivojlanishtirish uchun asosiy omil sifatida yaxshi iqtisodiy shart-sharoitni baholadilar. Korrelyasion tahlil natijalari ham biznesning samarali rivojlanishi ushbu omilga, ya'ni ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaxshi tashkillashtirilishiga bog'liqligini ko'rsatdi.
O'tkazilgan to'rta qiyosiy tahlillarning barchasi tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishga jalb qiluvchi hamda undovchi (motivlovchi) psixologik omillar orasida tadbirkorlar o'zini takomillashtirish, mustaqillik, moddiy ta'minlanganlik, atrofdagilar orasida obro '-e 'tiborga, mavqega ega bo'lish, boshqa insonlar uchun ishning foyda keltirishi, shuningdek, ushbu faoliyat turining tamomila yangi ekanligini sanab o'tishdi. Shuningdek, o'tkazilgan tahlil quyidagi xulosalarni ilgari surish imkonini ham berdi.
Dostları ilə paylaş: |