Oʻlchash asboblari — oʻlchanadigan kattalikning qiymatini bevosita aniqlashga imkon beradigan vositalar. Analog , raqamli, koʻrsatuvchi va qayd qiluvchi, integrallovchi, jamlovchi va boshqalar turlarga boʻlinadi. Analog Oʻlchash asboblarida kattaliklarni oʻlchash shkala boʻyicha, raqaml i Oʻlchash asboblarida raqamli hisoblash qurilmasi boʻyicha amalga oshiriladi. Koʻrsatuvchi Oʻlchash asboblari oʻlchash natijalarini faqat koʻrib turib aniqlash uchun moʻljallangan. Qayd qiluvchi Oʻlchash asboblari oʻlchash natijalarini qogʻozga qayd qilib borish qurilmasi bilan taʼminlanadi. Bunday asboblar yozib va bosuvchi turlarga boʻlinadi. Integrallovchi Oʻlchash asboblarida oʻlchanadigan kattalik vaqt yoki boshqa mustaqil oʻzgaruvchan miqdor boʻyicha integrallanadi. Jamlovchi Oʻlchash asboblari turli kanallar boʻyicha keluvchi ikki yoki bir necha kattalik qiymatini jamlab koʻrsatadi Oʻlchash asboblari korxonalarida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish maqsadida Oʻlchash asboblari koʻpincha rostlash, hisoblashechish va boshqarish qurilmalari bilan taʼminlanadi. Ular maxsus tuzilgan dasturlar boʻyicha ishlaydi.
Oʻlchash maʼlumotlarini uzatish, oʻzgartirish yoki avtomatik boshqarish tizimlarida foydalanish uchun qulay boʻlgan shakldagi signalni ishlab chiqish uchun moʻljallangan oʻlchash vositasi oʻlchash qurilmasi deb ataladi. Bu qurilma Oʻlchash asboblarini, oʻlchash oʻzgartirgichlarini, kuchaytirgichlar va boshqalar moslamalarni oʻz ichiga oladi.
Chiziqlar va burchaklarni oʻlchash qurollari oʻlchash vositalari, vazn (ogʻirlik) oʻlchanadigan vositalar oʻlchov vositalari deb ataladi.
Elektr taqsimlash qurilmalarida va yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan tok zanjirlarida tok kuchi, kuchlanish, quvvat va energiyani oʻlchash xavfsizligini taʼminlash uchun elektr oʻlchash transformatori qoʻllanadi. Uning birlamchi chulgamiga oʻlchanadigan kattalik taʼsir qiladi, ikkinchi chulgʻami esa Oʻlchash asboblariga va himoya relesiga ulanadi. Oʻlchash transformatori yordamida elektr Oʻlchash asboblari bilan elektr kattaliklarning turli qiymatlarini oʻlchash mumkin. Keng maʼnoda — Oʻlchash asboblari turli kattaliklarni oʻlchash bilan bogʻliq boʻlgan barcha oʻlchash apparatlari, qurilmalari va vositalarini oʻz ichiga oladi. Hozir impulsli va raqamli oʻlchash apparatlari keng qoʻllanilmoqda.
Yarimo'tkazgichlar oʻtkazuvchanligi jihatidan metall va dielektriklar orasidagi moddalar boʻlib, oʻz fizik xususiyatlarini turli tashqi taʼsirlar (masalan yoritish, isitish va hokazo) natijasida keng intervalda oʻzgartira olish xususiyatiga ega. Yarimoʻtkazgichlar elektronika va mikroelektronikada juda keng qoʻllanilib, zamonaviy elektr jihozlarning deyarli hammasi - kompyuterlardan tortib to uyali aloqa telefonlarigacha barchasi yarimoʻtkazgichli texnologiyaga asoslangan. Eng keng qoʻllaniladigan yarimoʻtkazgich modda kremniy boʻlib, boshqa moddalar ham keng qoʻllaniladi.