10-modda. Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlarining va ta’lim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligining tahlilini amalga oshiradi hamda uning natijalari asosida ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
yoshlarning ta’limi va tarbiyasi sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ta’limning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish chora-tadbirlarini ko‘radi;
ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar, klublar tashkil etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga doir faoliyatda ishtirok etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonunitahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)